O‘zbekiston | 15:22 / 29.08.2022
18947
2 daqiqa o‘qiladi

Urganchda Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi poydevoriga kapsula qo‘ydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Marosimda xorazmlik yoshullilar, ayollar, yoshlar ishtirok etdi. Prezident ular bilan muloqot qildi.

– Bugungi zamonaviy ilm-fanning, elektron kashfiyotlarning tub zamini Al-Xorazmiy bobomizning mislsiz ilmiy merosi bilan bog‘liq. Biz bu bilan nafaqat faxrlanishimiz, balki unga munosib bo‘lishimiz kerak. Shuning uchun Urganch shahrida buyuk olim nomi bilan ataladigan alohida shaharcha barpo etishga qaror qildik, – dedi davlat rahbari.

Majmua Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda bunyod qilinadi. Samolyotdan tushgan har qanday odamning ko‘z o‘ngida avvalo shu maskan namoyon bo‘ladi. Shaharcha markazida Xorazmiy haykali o‘rnatiladi.

Bu yerda Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet barpo etiladi. Uning qoshida iste’dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab quriladi. Ularda o‘qigan yoshlar shaharchada bunyod etiladigan ilm-fan, innovatsiya va madaniyat markazlarida faoliyat ko‘rsatadi.

Shuningdek, bu yerda texnopark va ofislar, tibbiyot, innovatsiya va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, avtoturargoh, savdo va maishiy binolar bo‘ladi. 5 mingta xonadonli 104 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi. Inshootlar “aqlli texnologiyalar” asosida jihozlanadi.

Davlat rahbari majmua bunyodkorlarini mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Shundan so‘ng prezident Xorazmga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Mavzuga oid