Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskvada Mixail Gorbachyov bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tyapti
Gorbachyovning jasadi bo‘lgan tobut qo‘yilgan Soyuzlar uyi oldida uzun navbat yuzaga keldi. Sanksiyalar tufayli g‘arb siyosatchilari Rossiyaga kelmadi.
Moskvada, Soyuzlar uyi Kolonniy zalida 3 sentabr, shanba kuni 30 avgust kuni 92 yoshida vafot etgan SSSR sobiq prezidenti Mixail Gorbachyov bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tyapti. Bino yaqinida o‘rnatilgan panjaralar yonida uzun navbat yuzaga kelgan. Politsiyachilar kelganlarni bir necha o‘nlab odamlardan iborat guruhlar bo‘lib ichkariga kirityapti.
Rossiya matbuoti xabariga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan soat 12:00 da boshlangan marosimda allaqachon xonanda Alla Pugachyova, shuningdek, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev ham ishtirok etgan. Amaldagi davlat rahbari Vladimir Putin xayrlashish uchun kelmadi, avvalroq u Gorbachyov bilan alohida vidolashgandi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni Putinning bandligi bilan izohladi.
Mixail Gorbachyov uchun davlat miqyosida dafn marosimi uyushtirilmadi. Vidolashuv marosimida yuqori martabali g‘arb siyosatchilari ham ishtirok etishi kutilmayapti. Bunga Rossiyaning Ukrainaga qurolli kirishi sababli g‘arb tomonidan Rossiya Federatsiyasiga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar sabab bo‘ldi. Vidolashuv marosimida Germaniyadan Rossiyadagi elchixonaning muvaqqat ishlar vakili ishtirok etmoqda.
Germaniya kansleri Olaf Shols Gorbachyov bilan xayrlashuv marosimiga kelmaganini taklifnoma olmagani bilan izohladi. Germaniyaning bir qator federal hududlarda motam belgisi sifatida bayroqlar tushirib qo‘yildi.
Ko‘plab g‘arb siyosatchilari uchun Moskvaga kelish baribir imkonsiz edi, chunki Rossiya ularga mamlakatga kirishni taqiqlagan. Rossiya, shuningdek, «do‘stona bo‘lmagan Yevropa ittifoqi mamlakatlari» samolyotlari uchun havo hududini yopdi. Shuning uchun g‘arb nomidan Gorbachyov bilan xayrlashish uchun faqat chet el elchilari va diplomatlari kelgan. Ayni paytda, Vengriya hukumati vidolashuv marosimida bosh vazir Viktor Orban ishtirok etishini ma’lum qildi.
Mixail Gorbachyov Moskvadagi Novodevichya qabristonida rafiqasi Raisa yoniga dafn etiladi. Germaniyada Gorbachyov Germaniyani birlashtirishdagi yordami va yadroviy qurolsizlanish yo‘lidagi xizmatlari uchun yuksak qadrlanadi.
Shu bilan birga, Rossiyaning o‘zida Mixail Gorbachyov u boshlagan qayta qurish va SSSR parchalanishi tufayli turlicha qabul qilinadi. Putin sovet ittifoqining parchalanishini fojia va «tarixiy Rossiyaning qulashi» deb atagan. Gorbachyov hayotining so‘nggi yillarida Rossiyada so‘z erkinligi cheklanishi va Putinning avtoritar rejimini tanqid qilib keldi.
Mavzuga oid
08:25 / 28.05.2025
Sobyanin: Moskva yaqinida 30 dan ortiq dron yo‘q qilindi
07:41 / 10.05.2025
Moskvada Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
19:49 / 08.05.2025
Shavkat Mirziyoyev Moskvaga yetib bordi
14:35 / 08.05.2025