Sun’iy intellekt va xavfsizlik. Robotlar odamlar ustidan hukmronlik qilishi mumkinmi?
Sun’iy intellektga asoslangan zamonaviy dunyoning eng xavfli jihati shundaki, u «G‘olib hamma narsani oladi» tamoyiliga asoslangan. Bu esa ijtimoiy keskinlik va xalqaro nizolarni yanada kuchaytiruvchi omil hisoblanadi. Xalqaro maydonda esa neft va boshqa yoqilg‘i resurslariga bo‘lgan kurash kabi ma’lumotlar bazasi uchun raqobat kengayib bormoqda.
Globallashgan dunyoda rivojlanishning asosiy omili texnik va texnologik taraqqiyot bilan belgilanadi. Shuningdek, ilmiy-texnologiyalar tarmog‘i, iqtisodiyot va xavfsizlik ham bir necha asrlardan beri bir-biriga o‘zaro ta’sir ko‘rsatib, sinxron tarzda rivojlanib keladi. Bugungi kunda ijtimoiy va iqtisodiy hayotga yangi omil – sun’iy aql jadallik bilan kirib keldi va kundalik turmushimizda faol ishtirok etmoqda. Misol uchun, Google eng ko‘p izlangan buyruqlarni eslab qolish va tavsiya qilish imkoniga ega. Shu kabi ulkan ma’lumotlarni yig‘ayotgan korporatsiyalar ularni qayta tahlil qilish orqali siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarga faol aralashmoqda. Ma’lumotlar bazasi ustidan nazorat o‘rnatish ko‘plab hukumatlarning asosiy maqsadiga aylanib ulgurdi.
Sun’iy intellekt o‘zi nima?
Sun’iy intellekt deganda insonning mantiqiy va ijodiy funksiyalarini bajaruvchi intellektual sun’iy tizim tushuniladi. Ushbu atama, shuningdek, o‘rganish va muammolarni hal qilish kabi inson aqli bilan bog‘liq xususiyatlarni namoyish etadigan har qanday texnologiyaga nisbatan ham qo‘llanishi mumkin. Sun’iy intellektning ideal xususiyati – bu aniq maqsadga erishish uchun eng yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan harakatlarni baholay olish va amalga oshirish qobiliyatidir.
AI dunyosi deyarli cheksizdir, u o‘sib borayotgan muhandislik va kompyuter imkoniyatlari hisobiga katta ta’sir ko‘rsatish qudratiga ega bo‘lib bormoqda. Turli tor funksiyalar, vazifalar va faoliyatlar allaqachon inson qobiliyati va undan yuqori darajada amalga oshirilishi mumkin, ba’zan esa insonga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, keyingi o‘n besh yil ichida AI texnologiyalari jamiyat hayotiga boshqa har qanday erishilishi mumkin bo‘lgan yutuqlardan ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi va global inqilob darajasidagi o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Bu ikki xil ta’sir segmentlari orqali xarakterlangan: birinchidan, AI texnologiyalarining kompaniyalar va bandlikka jiddiy ta’siri bo‘ladi. Shu munosabat bilan bir-biri bilan chambarchas bog‘langan kompaniyalar va katta ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qiladigan tashkilotlar guruhlari paydo bo‘ladi, bu esa ular o‘rtasida global raqobatning kuchayishiga olib keladi. Ikkinchidan, odamlar sun’iy intellekt tufayli cheksiz qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Tobora qudratli kuchga aylanib borayotgan «dronlar»
Oxirgi yillarda xalqaro munosabatlar tizimida yuz bergan ba’zi bir holatlar ham harbiy xavfsizlik va mudofaa tizimlarining bevosita va bilvosita AI texnologiyalariga bog‘lanib borayotganligini ko‘rsatadi. Xususan, 2021 yilda AQSh qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi bilan siyosiy muvozanatning o‘zgarishi faqatgina Afg‘onistonda sodir bo‘lmadi. Bu kabi jarayon Iroqda ham ro‘y berdi. Bu xalqaro tendensiya siyosiy va iqtisodiy markazlarning ko‘chishi bilan ham izohlanadi. Yanada e’tiborlisi, bu o‘zgarishlar faqatgina geografik nuqtayi nazardan emas, balki texnologik jihatdan ham sodir bo‘ldi. Dronlarning kashf etilishi va ularning bir qancha operatsiyalarda muvaffaqiyatli qo‘llanilishi AQSh uchun endilikda ko‘plab hududlarda yirik xarajatlarga sabab bo‘luvchi bazalarni saqlab turishdan manfaat yo‘qligini ko‘rsatdi. Agar Afg‘oniston yoki Iroqda harbiy amaliyot zarur bo‘ladigan bo‘lsa, Vashington bu ishni Qatardan uchirilgan boshqaruvsiz texnikalar yordamida uddalashi mumkinligiga amin bo‘ldi. Z. Bjyezinskiy «Buyuk shaxmat doskasi»da ta’kidlaganidek, Moskva yoki Pekin bilan raqobatlashuv uchun ham zamonaviy dunyoda Afg‘oniston yoki Iroqda qo‘shin saqlab turish Qo‘shma Shtatlar uchun o‘z ahamiyati yo‘qotdi. Bunga sabab sifatida, bu raqobat maydoni quruqlik, dengiz yoki havo bo‘shliqlaridan kiber bo‘shliq yoki kosmik kengliklarga ko‘chgani bilan izohlanadi. Quruqlikda ko‘p sonli kontingentlarni ushlab turish o‘z dolzarbligini yo‘qotishi bilan AQSh va boshqa G‘arb davlatlari qo‘shinlarini bosqichma-bosqich evakuatsiya qila boshladi. Urush hududlarida quruqlikdagi askarlarning soni kamaytirilishi armiyalar ko‘proq eng zamonaviy raqamli texnologiyalarga, shu jumladan, sun’iy intellektga suyanishini taqozo etadi.
AI urushda inson ishtirokini kamaytirish potensialiga ega. Birinchidan, sun’iy intellekt urush va urush bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashish uchun zarur bo‘lgan inson va mashina resurslarining taqsimlanishini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ikkinchidan, sun’iy intellekt operatsiyalar tezligiga ta’sir qiladi, bu paradoksal ravishda qaror qabul qilish vaqtini kamaytiradi. Aytish mumkinki, so‘nggi o‘n yil ichida hech qanday yangi harbiy texnologiyalar mutaxassislar tomonidan dronlardan ko‘ra ko‘proq e’tiborga olinmagan, chunki dronlar axborot asrining zamonaviy urushlarida eng ko‘zga ko‘ringan texnologik vosita sifatida ommalashib bormoqda.
So‘nggi harbiy harakatlarda kuzatilgan tendensiya ham strategik ustuvorliklarni tubdan o‘zgartirishga undadi. 2020 yilning kuzida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida yuz bergan qisqa muddatli urushda armanlarning tanklarini ozarlar Turkiya tomonidan yetkazib berilgan arzon, uchuvchisiz dronlari yordamida yo‘q qildi. Bu apparatlar boshqaruvchi hayotiga xavf tug‘dirmagan holda nishonga zarba beradi. Ba’zi ekspertlarning fikrlariga ko‘ra, aynan Qorabog‘ urushida dronlarning ta’siri «taktik o‘yinni o‘zgartirish» darajasida ahamiyat kasb etgan.
Dronlar inson omili va moliyaviy xarajatlarni keskin kamaytirgani uchun davlatlar bundan keyingi davrda urushlarga kirishi ko‘proq kuzatilishi mumkin. Bu esa, agar dron inqilobi amalga oshiriladigan bo‘lsa , davlatlar o‘zlarining mudofaa siyosatlarini sezilarli darajada qayta ko‘rib chiqishlari kerakligini anglatadi. Jangovar uchuvchisiz dronlar bir vaqtlar harbiy qudratli kuchlarning asosiy «fishka»si bo‘lib kelgan bo‘lsa, bugungi kunda kichik davlatlar tomonidan ham ularga ega bo‘lishga harakat ortib bormoqda. Insoniyatning harbiy tarixi davomida yagona qurol tizimi butun urush davrining timsoliga aylangan davrlar bo‘lgan. O‘rta asrlarda ingliz kamonchilari tomonidan qo‘llanilgan uzun kamon boshqa dushman kuchlarining sarosimaga tushib qolishiga olib kelgan. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlarning harbiy muvaffaqqiyatida ham texnologik innovatsiyalarning o‘
rni sezilarli darajada muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Amerika fuqarolar urushi davrida AQSh prezidenti Avraam Linkoln o‘z harbiylari bilan aloqa qilish, strategiyani muvofiqlashtirish va qo‘shinlarni harakatlantirish uchun zamonaviy telegraf tizimidan foydalangan.
Bugungi kunda ham AI texnologiyalarining mudofaa sohasida qo‘llanila boshlashi inqilob sifatida ko‘rilmoqda. Bu inqilobning avvalgi harbiy inqiloblardan farqli jihati sifatida AI texnologiyalarining avval ijtimoiy sohalarda, keyin esa harbiy sohalarda ham foydalana boshlashi bilan bog‘liq. Oldingi harbiy texnologik salohiyatga ega bo‘lgan qurollar, masalan yadro qurollari avval harbiy sohada qo‘llanilgan va keyinchalik kundalik hayotdagi tarmoqlarga integratsiya qilingani bilan xarakterlanadi. Bu esa ushbu davr mobaynida mudofaa sohasida tadqiqotlar uchun mablag‘larning tejalishiga imkoniyat ham yaratib berdi. Gitler Germaniyasining Ikkinchi jahon urushigacha yaratgan maxfiy qurollari singari, sun’iy intellektga asoslangan dronlar yoki robotlar ham dunyo muvozanatini o‘zgartirish potensialiga ega hisoblanadi. Shu sababli, ushbu texnologiya sohasidagi tadqiqotlar shaffof bo‘lishi va ishlab chiqilgan qurollar yadro quroli rejimidagi kabi xalqaro huquq normalari bilan cheklanishi kerak. Chunki tobora ilg‘orlashib borayotgan texnologiyalar insoniyat kelajagiga tahdidlarni ko‘paytirishi mumkin.
Yangi dunyo «gigantlari»
1648 yilda Vestfaliya shartnomasi bilan poydevori qo‘yilgan zamonaviy milliy davlatlar hukmronlik qilgan xalqaro tizimda kun sayin o‘z ta’siri va qudratini oshirib borayotgan yangi bir kuch paydo bo‘ldi. Ushbu yangi kuch – texnologik yutuqlar natijasida katta aylanmalarni boshqaruvchi global texnologik kompaniyalardir.
10 yil oldin dunyodagi eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatiga atigi ikkita texnologik kompaniya kirgan bo‘lsa, 2022 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu Top-10'talik ro‘yxatdan raqamli texnologiyalarga asoslangan to‘qqizta kompaniya o‘rin olgan.
Bugungi kunda ushbu kompaniyalarning tovar aylanmasi va daromadi xalqaro tizimdagi ko‘plab milliy davlatlarning iqtisodiy salohiyatidan ham oshib ketdi. AI’ning yanada rivojlanishi esa texnologik taraqqiyot ildiziga bog‘langan ushbu kompaniyalarning yanada qudratli bo‘lishiga va ijtimoiy tengsizlikning ortishiga olib kelishi mumkin.
Biror insonning ro‘yxatdan o‘tgan joyi haqidagi ma’lumot va Google qidiruv tarixi birlashganda, uning sog‘lig‘i, xarid qilish xulq-atvori va siyosiy imtiyozlari haqidagi juda ko‘plab batafsil axborotlar to‘plamiga ega bo‘lish mumkin. Bu esa ijtimoiy monitoring va kuzatishning eng katta ma’lumotlar bazasiga ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi. Bunday nazorat esa endi avvalgidek mehnat talab qilmaydi, chunki ommaviy profillash infratuzilmalari ham asosan algoritmga asoslangan. Bu esa avtomatlashtirishning ushbu tuzilmalarini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul bo‘lgan algoritmlar, dasturchilar va texnologiya kompaniyalarining davlatlar va xalqaro siyosiy institutlardan qisman mustaqil bo‘lgan yangi kuch manbasiga aylanib borishida hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.
Sun’iy intellektning davlatlardagi siyosiy jarayonlarga ta’siri
Zamonaviy davrda siyosiy nomzodlar saylovchilarning ishonchini qozonishda va ularning qo‘llab-quvvatloviga erishish uchun cheklangan miqdordagi vositalarga ega. Ammo keyingi davrda sun’iy intellekt yordamida bu vositalar misli ko‘rilmagan darajada oshishi mumkin.
Texnologiyalarning algoritmik baholashi parlamentda qaysi qonun loyihalari qabul qilinishi, saylovchilarni jalb qilish va muhim siyosiy masalalar haqida ko‘proq xabardor bo‘lishga yordam bera boshlaydi. Bu kabi foydalanish esa jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi, chunki sun’iy intellekt individual saylovchilarni manipulyatsiya qilish uchun ishlatilishi mumkin.
Masalan, 2017 yilda Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan umumiy saylovlarda ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar va soxta xabarlarni tarqatish uchun siyosiy botlardan foydalanilgan. Botlar - bu ommaviy qo‘llab-quvvatlash illyuziyasini yaratish uchun bir tomonlama siyosiy xabarlarni agressiv ravishda tarqatish uchun dasturlashtirilgan avtonom tizimlar vazifasini o‘tagan. Ushbu jihatlarga urg‘u qaratgan ba’zi ekspertlar sun’iy intellektni “demokratiyani bug‘ib qo‘yuvchi” vosita sifatida ko‘rishmoqda.
AI demokratiyaga zarar yetkazadi va avtoritarizmni kuchaytiradi, degan qarashlar ko‘paygan bo‘lsa-da, bu ko‘proq nisbiy, bir tomonlama tushunchadir. AI insoniyat taraqqiyotidagi har qanday muayyan rejim turiga qarshi yoki unga xos mafkuraviy qarama-qarshiliklarni ifodalamaydigan neytral pozitsiyani ifodalovchi muhim faktor vazifasini bajarishi kerak.
AI «yopiq texnologiya» sifatida inson va mashinaning o‘zaro ta’sirida katta noxolislikni keltirib chiqaradi va ishtirok etishdan ko‘ra markazlashtirilgan boshqaruv tuzilmalarini mustahkamlaydi, degan qarashlar mavjud. O‘z navbatida sun’iy ong «elektron demokratiya» qaror topishida asosiy o‘rinni egallovchi omil sifatida ham ko‘riladi.
Mutaxassislar bir paytlar internet boshqaruvini «demokratik» va «avtoritar» domenlarga ajratgan. Bugungi kunda esa dunyo «texno-demokratiya» va «texno avtokratiyalar» o‘rtasida bo‘linishni o‘z boshidan kechirmoqda. Shu nuqtai nazardan AI'ga asoslangan texnologiyalarning taraqqiyoti sabab dunyo demokratik va avtoritar xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan milliy yoki mintaqaviy doiralarga bo‘linib bormoqda. Shu jihatdan, kelajakda sun’iy intellekt texnologiyalaridan faol ravishda foydalanish demokratik davlatlarni yana demokratlashtirishi, avtoritar davlatlarni esa yanada avtoritarlashtirishi ehtimoli mavjud.
Iqtisodiy taraqqiyot
Accenture konsalting kompaniyasi tomonidan 12ta rivojlangan mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 2035 yilga kelib sun’iy intellekt yillik global iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ikki baravar oshirishi mumkin. Ushbu o‘sish uchta muhim jihat bilan xarakterlangan. Birinchidan, bu innovatsion texnologiyalar tufayli mehnat unumdorligining (40 foizgacha) kuchli o‘sishiga olib keladi va ishchi kuchi bilan bog‘liq vaqtni yanada samarali boshqarish imkonini beradi. Ikkinchidan, AI yangi virtual ishchi kuchini yaratadi: bu "aqlli avtomatlashtirish" deya nomlanib, muammolarni hal qilish va o‘z-o‘zini boshqarish funksiyalariga ega bo‘ladi. Uchinchidan, iqtisodiyot turli tarmoqlarga ta’sir ko‘rsatadigan va yangi daromad manbalarini yaratadigan innovatsiyalarning tarqalishidan ham foyda ko‘radi.
McKinsey Global instituti prognozlariga ko‘ra, sun’iy intellekt 2030 yilga borib taxminan 13 trillion AQSh dollari miqdoridagi qo‘shimcha iqtisodiy mahsulot ishlab chiqarishi mumkin, bu esa global YaIMni har yili taxminan 1,2 foizga oshirish hisobiga amalga oshiriladi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, sun’iy intellektga asoslangan zamonaviy dunyoning eng xavfli jihati shundaki, u «G‘olib hamma narsani oladi» tamoyiliga asoslangan. Bu esa ijtimoiy keskinlik va xalqaro nizolarni yanada kuchaytiruvchi omil hisoblanadi.
Shuningdek, xalqaro maydonda neft va boshqa yoqilg‘i resurslariga bo‘lgan kurash kabi ma’lumotlar bazasi uchun raqobat kengayib boradi. Kiberxavfsizlik esa mamlakatlar daxlsizligining bir qismiga aylansa ham ajab emas.
Doston Ahrorov
Mavzuga oid
01:05 / 14.11.2024
Oliy matematika sun’iy intellektning zaif tomoni bo‘lib qolmoqda - tadqiqot
15:44 / 13.11.2024
AQShda jarroh robot videoga qarab operatsiya qilishni o‘rgandi
16:03 / 11.11.2024
Xitoydagi daryoda dunyodagi birinchi qutqaruvchi robot patrullik qilishni boshladi
23:56 / 04.11.2024