O‘zbekiston | 15:53 / 08.09.2022
9805
2 daqiqa o‘qiladi

YHXX bazasidagi nosozliklar navbatlar va asabbuzarliklarni yuzaga keltirmoqda

YHXX elektron tizimlari modernizatsiya qilinganidan keyin nosozliklar ro‘y bera boshladi. Natijada haydovchilik guvohnomasi, texpasport, davlat raqami, ishonchnoma va “tonirovka” ruxsatnomasi bilan bog‘liq amaliyotlarni bajarishda uzilishlar kuzatilyapti. Bu esa YHX idoralari va notariuslarda fuqarolar noroziligiga sabab bo‘lyapti.

YHXX videosidan kadr

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘z elektron tizimlarini yangiladi, lekin yangilangan tizim uzilishlar bilan ishlayapti.

Modernizatsiya va texnik profilaktika ishlari dam olish kunlarida o‘tkazilishi reja qilingandi. Shu sabab “Avtomototransport hisobi” va “Haydovchilik guvohnomasi” tizimlari 31 avgust soat 20:00dan 5 sentabr soat 07:00gacha ishlamagan.

Lekin 5 sentabr, dushanbadan yanada sifatliroq holda ishga tushishi kerak bo‘lgan elektron tizimlarda nuqsonlar kuzatilyapti.

YHXX seshanba va chorshanba kunlari bergan izohlarda tizimda “vaqti-vaqti bilan texnik ta’minlash ishlari olib borilayotgani” aytilgan, fuqarolardan uzr so‘ragan holda bu vaziyatni to‘g‘ri baholash so‘ralgan.

“Ushbu tizim sifat jihatdan yanada mukammallashtirilib, fuqarolarga samarali xizmat ko‘rsatilishi ta’minlanadi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga qaraganda, elektron tizimda bir necha kundan beri davom etayotgan nosozliklar YHXX ro‘yxatga olish maskanlari, Davlat xizmatlari markazlari va notariuslarda fuqarolar noroziligiga sabab bo‘lyapti.

Uzilishlar sabab haydovchilik guvohnomasini olish va almashtirish, avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va guvohnoma (texpasport) olish, avtomobilga davlat raqamini olish, avtomobil boshqarish uchun ishonchnoma berish, avtomobil oynalarini qoraytirish uchun ruxsatnoma olish xizmatlari beqaror ishlayapti.

Davlat xizmatlari my.gov.uz portalidagi izohga ko‘ra, uzilishlar “Avtomototransport hisobi” va “Haydovchilik guvohnomasi” axborot tizimlari yangi “Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi”ga o‘tkazilayotgani bilan bog‘liq.

Tizimlardagi texnik nosozliklarga qachon barham berilishi hozircha ma’lum emas.

Mavzuga oid