Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston hududlari qishloq xo‘jaligi tarmog‘idagi texnik samaradorlik baholandi
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan O‘zbekiston hududlari qishloq xo‘jaligi tarmog‘idagi texnik samaradorligi baholandi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligi bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, bu soha YaIMdagi ulushi yuqoriligi bo‘yicha jahon mamlakatlari orasida 18-o‘rinni egallaydi. Dunyo reytingida O‘zbekiston o‘rik yetishtirishda Turkiyadan, gilos yetishtirishda Turkiya, AQSh va Chilidan, behi yetishtirishda Turkiya va Xitoydan, ipak bo‘yicha Xitoy, Hindiston, Vetnam va Tailanddan, sabzi va sholg‘om yetishtirishda Xitoydan keyingi o‘rinlarda turadi.
Tadqiqotda 2017-2019 yillarda O‘zbekiston hududlarida yirik shoxli qoramol va donli ekinlar yetishtirish texnik samaradorligi baholandi. Ishlab chiqarish omillari sifatida donli ekinlar ekiladigan yer maydoni, hududlardagi qishloq xo‘jaligi texnikalari, sohada ish bilan band aholi va sarflangan organik o‘g‘it hajmi tanlab olindi.
Natijalarga ko‘ra, omillar yalpi unumdorligi ko‘rsatkichi bo‘yicha 2017 yilda Jizzax, Andijon va Buxoro viloyatlari, 2018 yilda Andijon, Navoiy va Buxoro viloyatlari, 2019 yilda Qashqadaryo, Buxoro va Andijon viloyatlari yetakchi hududlar bo‘lgan.
Qoraqalpog‘iston 2017 yilgi reytingda Qashqadaryodan keyingi o‘rinda (5-o‘rin) bo‘lgan, 2019 yilga kelib esa 2 pog‘ona pastlagan (7-o‘rin). Qoraqalpog‘iston reytingdagi o‘rni biroz pasayishiga qaramay, respublikada unumdorlik bu davrda 15,2 foizga ortgan. Bu ba’zi hududlarda unumdorlik o‘sish sur’ati yanada yuqoriroq bo‘lganidan dalolat beradi. Reytingda 8-o‘rinda bo‘lgan Samarqand viloyatida unumdorlik 25,7 foizga ortib, Qoraqalpog‘istondan o‘zib ketgan va 6-o‘rinni egallagan. Tahlil davrida eng sekin o‘sish (6,1 foiz) Surxondaryo viloyatida qayd etilgan.
Bundan tashqari, natijalar ishlab chiqarish ko‘lami katta ba’zi hududlar texnik samarasiz bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Masalan, Buxoro, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida iqtisodiy va texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari o‘rtasida mutanosiblik kuzatilgan bo‘lsa, qolgan hududlarda tafovutlar mavjud. Bu mazkur hududlarda ishlab chiqarish omillaridan yetarli darajada oqilona foydalanilmayotganini bildiradi.
Qo‘shimcha tarzda, 2019 yil uchun olingan natijalar hamda hududlar agroiqlimiy sharoitlaridan kelib chiqib, PMTI ekspertlari tomonidan namunaviy hududlar aniqlandi. Namangan viloyati uchun Farg‘ona, Qoraqalpog‘iston uchun Buxoro, Sirdaryo viloyati uchun Jizzax, Surxondaryo viloyati uchun Xorazm, Samarqand viloyati uchun Navoiy viloyati tajribasini o‘rganish tavsiya etiladi.