Jamiyat | 13:54 / 17.09.2022
28610
14 daqiqa o‘qiladi

«Bolalar katta bo‘lsa «rossiyachi» bo‘lmoqchi - eri xorijga ketgan ayol kundaligidan

Qishloqlarda bugun otasiz katta bo‘layotgan avlod paydo bo‘ldi. Bunday farzandlarning otalari uzoq yurtlarda mehnat muhojirligida yurishibdi. Ularning O‘zbekistonda qolgan rafiqalari esa farzandlar otasini unutib qo‘yishidan xavotirda.

Foto: KUN.UZ

5 sentabr. Buxoro viloyatida joylashgan Peshko‘ tumanidagi 28-maktab har yilgidan ancha gavjum. Maktabga bu yil borgan 1-sinf o‘quvchilari 6 ta sinfga bo‘linishdi. Ularning 4 tasida ta’lim rus tilida olib boriladi. Ruslar deyarli yashamaydigan tumanda ota-onalar farzandini negadir tobora rus sinflarida o‘qitishni boshlagan.

Tumanning Sadir qishlog‘ida yashovchi 35 yoshli Sanobar 8 yoshli o‘g‘lini maktabga jo‘natib qo‘ydi. O‘g‘li tumandagi 2-maktabning 2-sinfida o‘qiydi.

Ayol odatda bolasini kuzatgach, chala qolgan ishlarini tugatib qo‘yish uchun tikuv mashinasi yoniga o‘tiradi. U tikish-bichishni yaxshi ko‘radi, yanada aniqrog‘i, tikish otidan pul topib, ro‘zg‘orning kam-ko‘stlarini yamaydi. Albatta, u yolg‘iz ona emas. Turmush o‘rtog‘i bilan baxtli hayot kechiradi.

Turmush o‘rtog‘i Rossiyaning Moskva shahrida qurilishda ishlaydi. Tumanidagi erkaklarning aksari xorijga ishlashga ketadi. Chunki tumanda kattaroq zavod, sanoat ishlab chiqarish korxonalari yo‘q hisobi. Umuman O‘zbekistonda rasmiy ishsizlik darajasi juda yuqori bo‘lmasa-da, norasmiy ishsizlar ko‘p.

Ishsizlik ko‘pmi yoki ish haqi kam?

Mehnat va bandlik vazirligi 2021 yilda O‘zbekistonda 1 mln 442 ming kishi ishga muhtojligi va ishsizlik darajasi 9,6 foizga yetganini ma’lum qilgan edi. Yoshlar orasida ishsizlik darajasi 15,1 foizni, ayollar orasida esa 13,3 foizni tashkil etdi. Ammo asl holatda raqamlar bundan yirikroq bo‘lishi mumkin. Sababi xorijga ishlash uchun ketuvchilarnining o‘zi 2 mln.dan oshadi.

Ishga berilgan oylik aksar hollarda tirikchilikdan ortig‘iga yetmaydi. Odamlar esa uy-joy qilishni, oyog‘i tagida bitta mashinasi bo‘lishini xohlaydi.

Masalan, Statistika qo‘mitasi 2022 yil birinchi choragiga ko‘ra, o‘rtacha nominal ish haqi 3,4 mln so‘mni tashkil etadi, degan ma’lumotni bergan. Lekin O‘zbekistonning hamma joyida ham bunaqa maosh berilmaydi. Tumandagi budjetdan maosh oluvchi ishchilarning aytishicha, aksar o‘qituvchi va shifokorlarning oyligi 2 mln so‘mga ham yetmaydi. Maktab o‘qituvchilari orasida dars soatlari ko‘pligi uchun til o‘qituvchilarining oyligi 4–5 mln so‘m atrofida bo‘ladi.

Statistika qo‘mitasi ta’kidlaganidek, o‘rtacha oylik 3,4 mln so‘m bo‘lgan taqdirda ham bu mablag‘ uy-joy qurish, mashina xarid qilishga ortmaydi.

«4–5 kishidan iborat oila o‘rtacha ovqatlanib, yashay desa, tuman sharoitida 2 mln so‘m sarf bo‘ladi. Bitta oilaga 5–6 mln so‘m kirim bo‘lsa, sekin-sekin uy-joy qilishga yetsa kerak», — deydi Sanobar.

Sanobarning turmush o‘rtog‘i ham O‘zbekistonda uy-joy qilishga yetadigan pul topmagani uchun xorijga ketishiga majbur bo‘lgan.

«Rossiyachi» atamasining paydo bo‘lishi

Ular 2013 yilda turmush qurishgan. Eri ular hali oila qurmasidan ancha oldin to‘y, uy-joy xarajatlari uchun har yili yoki 2 yilda bir Rossiyaga qarindoshlari bilan ishlashga borib turgan. To‘ydan keyin ham shu holat takrorlandi. Juftlikning oila qurganiga 9 yil bo‘lgan bo‘lsa, umumiy hisblaganda ular 3–4 yil birga yashashgan, xolos.

«Hamma qatori biz ham tirikchilik g‘amida yurgan oilamiz. Allohga shukur bir nafar bolamiz bor. Turmush o‘rtog‘im Rossiyaga ko‘p chiqib keladi. Qo‘lida kasbi bor, juda yaxshi usta, uylarni ta’mirlaydi. Lekin u pulga imorat ko‘tarib bo‘lmaydi. O‘zi qaynota-qaynonam bilan yashardik. Turmush o‘rtog‘im o‘rtancha farzand bo‘lgani uchun uy-joy qilib chiqishimiz kerak. O‘z uyimiz bo‘lgani yaxshi-da. Shuning uchun oila qurganimizdan keyin uni ishlashga Rossiyaga jo‘natdik. Orada 1–2 oy kelib-ketishlar bilan yillarimiz o‘tyapti», — deydi u.

Buxoro viloyati tumanlaridan Rossiya Federatsiyasiga ishlashga ketuvchilar ko‘p. Mahalliy aholi Rossiyaga muntazam ishlashga ketuvchilarga «rossiyachi» deb nom ham qo‘yib olgan.

Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida 3 mln.dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Rossiya Federatsiyasiga mehnat migratsiyasi uchun borgan.

Mehnat vazirligi 2022 yil yanvar-iyul oylarida 2 mln o‘zbek xorijga ketganini tasdiqlaydi. Ularning katta qismi Rossiyaga ketuvchilardir.

Tashqi mehnat migratsiyasi Kun.uz’ga bergan ma’lumotga ko‘ra, 100 ming 260 nafar odam 2021 yil agentlik orqali Rossiyaga ketgan, bundan 6324 nafari Buxoro viloyatiga to‘g‘ri keladi.

«Rossiyadan keladigan pullarni iloji boricha yig‘ib qo‘yamiz»

Sanobar ham turmush o‘rtog‘i pul yuborishini kutib kun o‘tkazadigan ayollardan emas. Qo‘lida tikuvchilik hunari bor. Qishloq ayollari u-bu kiyim tiktirish uchun uning oldiga tez-tez chiqib turadi. Shuning uchun ham o‘g‘lini maktabga yuborib, darrov tikishga o‘tiradi.

«Mening ishlarim qo‘shnilarimga yoqadimi yoki masofa yaqinligi uchunmi bilmadim, tikishga narsa olib chiqib turishadi. Bitta ko‘ylakni 40 ming, lozimlarni 15 ming so‘mdan tikaman. Tikilishi qiyinroq fasonlar bo‘lsa, 50–60 ming so‘mga ham tikishim mumkin», — deydi u.

Shu zayl ishlab u oyiga uzog‘i bilan 500–700 ming so‘m topadi, lekin bu ham mavsumiy. Chunki ish asosan yozda ko‘payadi. Turmush o‘rtog‘i oyiga 300–400 AQSh dollari atrofida pul jo‘natadi. Imoratga pul yig‘ilib tursin deb, Rossiyadan keladigan pullarni iloji boricha ishlatmasdan olib qo‘yadi, ro‘zg‘orga o‘zining kasbi orqasidan tushib turadigan pullarni sarflaydi. Yosh oilaning 3 ta katta xona, 1 oshxona, hammom va hojatxonadan iborat imorati qariyb 50 foiz tayyor holatda.

Hozir Sanobar va o‘g‘li oshxonaga aylantirilgan kenggina xonada ham ovqat pishirib, ham yashab turishibdi. Yashashga mo‘ljallangan uylarining polini qoqib bo‘lishgan. Erining kasbi uy-joy ta’mirchisi bo‘lgani uchun, uyning qolgan pardoz ta’mirini o‘zi qilmoqchi.

«Ta’mirchi ustaga ham ancha pul berishimizga to‘g‘ri kelardi. Harqalay, turmush o‘rtog‘imning o‘zi ta’mirlasa, usta puli cho‘ntagimizda qoladi», — deydi ayol xursandlik bilan.

Otasini kutib o‘sayotgan bolalar taqdiri

Eri ko‘p vaqt Rossiyada bo‘lgani uchun, imoratda ishlovchi ustalarga ham o‘zi bosh-qosh bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan. O‘tgan yoz shunday o‘tdi. O‘g‘li ham ovqat tashish kabi kichik ishlarga qarashib turdi.

«Shahar hududida bolalarni to‘garaklarga berishganini ko‘rib havas qilaman. Xudoga shukur, bolamning to‘rt muchasi sog‘. Rosa doira chalishga qiziqadi. Bir yaxshi ustoz bo‘lsa, musiqa to‘garagi bo‘lsa, yozda vaqtini unumli o‘tkazarmidi, deb orzu qilaman. Otasi yonida bo‘lmagani uchun uning kelajagi va tarbiyasidan biroz xavotirdaman», — deya o‘yga cho‘mib ketdi ayol.

Tashqi mehnat migratsiyasidan ro‘yxatdan o‘tib ketganlarning o‘zinigina hisoblaydigan bo‘lsa, viloyatdan 6 mingdan ortiq kishi xorijga ketgan (asosiy qismi erkaklar). Ularning o‘rtacha 2 nafardan bolasi bor deb olsak, kamida 12 ming bola otasiz ulg‘ayishga majbur. 3 mln o‘zbek xorijda ishlashini hisobga olsak, bu statistika ming barobarga kattalashishi mumkin.

Yozuvchi Javlon Jovliyev ta’biri bilan aytganda «qishloqlarda bugun otasiz katta bo‘layotgan avlod paydo bo‘ldi: ya’ni otalari uzoq yurtlarda musofirlikda yashayotgan avlod paydo bo‘lgan».

Otasiz ulg‘aygan bolalar otasi bilan birga o‘sgan bolalardan dunyoqarashi, o‘ziga ishonchida katta farq qiladi. Psixolog Rozaliya Gabdulhakova to‘liq oilada o‘smagan bola o‘zini himoyasiz sezishini aytadi.

Rozaliya Gabdulhakova, psixolog

«Oilasi to‘liq bo‘lmagan, otasi uzoqda bo‘lgan bola o‘zini xotirjam his qilolmaydi, himoyachisi borligini his qilmaydi. Farzandlar oilada ota-ona munosabatlarini ko‘rmaydi. Agar qiz bola bo‘lsa, onasiga o‘xshab ham erkak ham ayol mas’uliyatini bo‘yniga olib o‘sishi mumkin. O‘g‘il bola esa erkaklar qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rmay ulg‘ayadi», — deydi u.

20 yil ichida 2–3 yil birga yashagan oila

Ayol o‘zining 1999 yil oila qurgan bir hamqishloqlarini misol keltirdi. Aytishicha, oila 2001 yilda farzandli bo‘lgach, erkak Rossiyaga ishlashga ketadi. Shundan beri har yili 1–2 oyga uyiga keladi, qolgan vaqt Rossiyada.

«Oila 20 yil ichida hisoblasak uzog‘i bilan 2–3 yil birga yashagan. Farzandlari ilgari ko‘p otasi kelishini so‘ragan bo‘lsa, hozir otasi kelsa, tezroq ketishini xohlashadi. Chunki ular muhtoj bo‘lgan yoshda otasi ularning yonida bo‘lmagan. Endi esa otasining borligi ularga noqulaylik tug‘diradi. Yaqinda 20 yoshli o‘g‘li ham otasi orqasidan Rossiyaga ketdi. Otasi Rossiyaga ishlagani ketgan boladan, «katta bo‘lsang kim bo‘lasan?» deb so‘rasangiz, «rossiyachi», deb javob beradi», — deydi ayol.

Behruz kunduzi soat 1 larda maktabdan keladi. Keyin ovqatlanib, o‘rtoqlari bilan ko‘chada o‘ynaydi. Kechki ovqat mahali kech soat 6–7 da uyga kirib keladi. Unga ovqat tayyorlab turgan onasi bilan kechki ovqatni yeb, otasining qo‘ng‘irog‘ini kutishadi.

«Otasi qo‘ng‘iroq qiladigan kun —biz uchun bayram. Behruz otasini juda yaxshi ko‘radi. Otasi ko‘p vaqt ketsa, Behruz otasini unutib qo‘yishidan qo‘rqaman. Chunki otasi birinchi ketgan yillari u otasini har kun so‘rardi. Hozir esiga tushsa, so‘raydi. Keyin so‘ramay qo‘ysa, nima bo‘ladi?» — deya xavotirini yashirmaydi ona.

«Hashamat kerak emas, Rossiyaga ketmasa bo‘ldi»

Sanobar yashaydigan mahalladan qariyb o‘nlab ayolning eri xorijga ketganini aytdi. «Xorijdan pul ishlash yaxshi, lekin uning yomon tomoni...» deya qahramonimiz salbiy jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.

«O‘zim tengi tanishim bor. Turmush o‘rtog‘i 10 yildan beri xorijda ishlaydi. 5 ta avtomobil olishdi, bitta qasrdek 2 qavatli qilib imorat solishdi. Lekin oilasi bag‘riga qaytishni istamayapti. Men o‘ylaymanki, baribir masofalar o‘rtaga sovuqlik tushiradi. Yaqinda eshitsam, Rossiyadan boshqa xotinga uylanib ketibdi. Dugonam bilan rasmiy nikohda, 3 nafar bir-biridan shirin farzandlari bor», — dedi ayol ro‘molining uchi bilan yosh yiltillagan ko‘zlarini bekitib.

Sanobar bilan suhbatimiz paxta mavsumi vaqtlariga to‘g‘ri keldi. U qishloq ayollari bilan qo‘shilib paxtaga chiqmoqchi ekanini, mavsumda ozroq pul ishlab olmoqchiligini aytdi.

Ayol bilan intervyumiz yakunlanar ekan, u turmush o‘rtog‘i yaqinda qaytishini aytib qoldi.

«Rejamizga ko‘ra, yig‘ib qo‘ygan pullarimizga uyimizning qolgan qismini ham to‘liq ta’mirdan chiqaramiz. Keyin kam bo‘lsa ham xo‘jayinim va mening topganim bolamning o‘qishiga yetib tursa bo‘ldi. Bizga ortiqcha hashamat kerak emas, boshqa Rossiyaga ketmasin, xotirjam yashasak bo‘ldi. Bilaman, Moskvada juda og‘ir sharoitda ishlaydi. Sovuq beton uylarda yotib-turib yuribdi», — dedi ayol suhbatimiz so‘ngida.

U bilan xayrlashib qaytarkanmiz, yo‘limiz tumandagi ta’lim rus tilida ham olib boriladigan 28-maktab yonidan o‘tdi. Nega avvalgi yillar 2 tadan bo‘lgan rus sinfi, bu yil 4 ta bo‘lganini tushungandek bo‘ldik.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid