Jahon | 15:10 / 21.09.2022
8451
2 daqiqa o‘qiladi

Bir qator davlatlarda Rossiyaning «Mir» kartasini qabul qilish to‘xtatildi

Qozog‘iston, Armaniston, Turkiya va Vetnamdagi bir qancha banklar AQSh Moliya vazirligining ikkilamchi sanksiyalar xavfi haqidagi ogohlantirishi fonida Rossiyaning «Mir» to‘lov tizimi kartalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi.

Turkiya, Qozog‘iston, Armaniston va Vetnamdagi qator banklarda «Mir» kartalari bilan ishlash to‘xtatildi.

Xususan, Turkiyada ikki yirik bank — Is Bankasi va DenizBank, Qozog‘istonda — Xalq banki, Vetnamda — BIDV rossiyaliklarning kartalari bilan operatsiyalar amalga oshirishdan bosh tortdi.

Avvalroq, AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning «Mir» to‘lov tizimi bilan ishlaydigan banklarga ogohlantirish bilan chiqqandi. Unda Rossiyaga nisbatan amalga oshirilgan iqtisodiy sanksiyalar ko‘zlangan natijasini bermagani, shu sababli G‘arb davlatlari avval joriy qilingan cheklovlarni kuchaytirish niyatida ekanligi ma’lum qilingandi.

Hozirga qadar «Mir» to‘lov tizimi bilan Turkiya, Vetnam, Janubiy Koreya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston banklari hamkorlik qilib kelayotgan edi.

Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nabiullinaning izoh berishicha, «Mir» to‘lov tizimiga nisbatan joriy qilingan cheklovlar kartalarni qabul qilish geografiyasini kengaytirish jarayonini murakkablashtirishi mumkin. Biroq sanksiyalar bu ishni butunlay to‘xtata olmaydi.

Ma’lumot uchun, 2019 yilda NSPK va Yagona Respublika protsessing markazi o‘rtasida imzolangan shartnoma doirasida 2020 yildan boshlab O‘zbekistondagi tijorat banklari ham «Mir» kartalarini qabul qila boshlagan. Shuningdek, «Mir» kartalaridan Uzcard kartalariga transchegaraviy pul o‘tkazmalari xizmati ham ishga tushirilgan. Hozircha O‘zbekiston Markaziy banki «Mir» to‘lov tizimi bilan hamkorlik davom etishi yoki to‘xtatilishi yuzasidan izoh bermadi.

Mavzuga oid