O‘zbekiston | 13:55 / 21.09.2022
10225
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz” AJ nima xarid qilishini hech kimdan yashirmaydi

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Zevarda” konida xorijiy kompaniyalar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va jurnalist-blogerlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida burg‘ilash, gazni qazib chiqarish, qayta ishlash korxonalarining 2023 yil uchun ehtiyojlari taqdimoti o‘tkazildi.

Avvalgilaridan farqli ravishda, bu safargi taqdimot tadbiriga qiziqish juda yuqori bo‘ldi. Unda 300 ga yaqin mahalliy ishlab chiqarish korxonalari vakillari, qirqqa yaqin jurnalist-blogerlar taklif etildi.

Shuningdek, tadbirga 50 ga yaqin sohaviy ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar ham tashrif buyurishdi. Taqdimotda ilk marta Rossiya Federatsiyasi, Ozarboyjon, Xitoy Xalq Respublikasi, Ummon sultonligi, Avstriya kabi xorijiy davlatlarning yetakchi kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbirni “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev videokonferens-aloqa orqali ochib berdi va tadbir ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi. Bundan tashqari, boshqaruv raisi soha uchun hattoki mix xarid qilinishi ham ochiq va shaffof bo‘lishini, so‘nggi uch yilda bunga to‘liq amal qilib kelinayotganini bildirdi. Mahalliy ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari bilan doimiy aloqa o‘rnatish hamda hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun joriy yilning so‘ngiga qadar yana uch marta o‘zaro uchrashuv tashkil qilinishi aytildi.

2019 yil 24 avgustdagi “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi doirasida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, xaridlar shaffofligini ta’minlash yo‘nalishida butkul yangicha tizim joriy etildi.

Olib borilgan ishlar natijasida so‘nggi uch yilda tarmoq mahalliylashtirish dasturi doirasida 7,8 trln so‘mlik 57 ta yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan bir qatorda importni qisqartirish, ichki bozor imkoniyatlaridan kengroq foydalanish natijasida import hajmi 2018 yildagi 865 mln AQSh dollaridan 2021 yilda 486 mln AQSh dollarigacha yoki 1,8 baravargacha qisqartirildi.

Joriy yilda GTL zavodi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi kabi korxonalarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar doirasida umumiy qiymati 82,3 mlrd so‘mlik shartnomalar elektron kooperatsion portali orqali imzolanib, 7,6 mln dollarlik import qisqartirilishiga erishildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ aniqlashtirilgan xarid portfeliga ko‘ra, 2023 yilda xo‘jalik faoliyati uchun umumiy ehtiyojlar 3,6 trln so‘mni tashkil etadi (burg‘ilash hamda kommunal, qo‘riqlash, yong‘in xavfsizligi va boshqa xarajatlardan tashqari), shundan 2,1 trln so‘m yoki 58,1 foizi mahsulotlar, butlovchi buyum va materiallar bo‘lsa, 1,5 trln so‘mi yoki 41,9 foizi xizmatlardan iborat.

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida mahalliylashtirish, importni qisqartirish va innovatsion rivojlanish yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot ishlari taqdimoti ham o‘tkazildi. Bevosita gaz qazib chiqarish koni hududida uskuna va mahsulotlar ochiq ko‘rgazmasi tashkil etilib, bu yerda o‘zlashtirish uchun taklif etilayotgan yuqori texnologik mahsulotlar, jumladan gaz haydash agregatlar ehtiyot qismlari, dvigatellar, nasoslar mustahkamlovchi quvurlar namunalari namoyishi o‘tkazildi.

“O‘zbekneftgaz” tizimida shartnomalarni rasmiylashtirish hamda to‘lovlarni amalga oshirish tizimi haqida axborot berildi. Mehmonlar uchun “Zevarda” 337-son burg‘ilash qudug‘i hamda Muborak gazni qayta ishlash zavodiga sanoat ekskursiyalari uyushtiriladi.

Taqdimotda Rossiya Federatsiyasining Lukoyl, TMK, Tatneft, PLK-GRUPP, Ozarboyjonning SOKAR, Xitoyning “China Petroleum Pipeline”, Ummon davlatining “Techique LLC” kabi kompaniyalari rahbar va yetakchi mutaxassislari ishtirok etishdi. Ko‘rgazma davomida mahalliylashtirish va kooperatsiya hamkorligi yo‘nalishida bir qator shartnoma va memorandumlar imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda 1,3 trln so‘mlik mahsulotlar hamda 833,6 mlrd so‘mlik xizmatlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar orqali ta’minlash rejalashtirilgan.  Joriy yilning dekabr oyiga qadar mazkur ehtiyojlar ro‘yxati Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali hamda “O‘zbekneftgaz” AJ rasmiy veb-sahifasida e’lon qilinadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid