Jahon | 13:23 / 22.09.2022
31321
8 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Rossiyada safarbarlikka qarshi namoyishlar qanday o‘tdi?

21 sentabr kuni, Vladimir Putinning safarbarlik haqidagi e’lonidan keyin butun Rossiya bo‘ylab Ukrainadagi urushga va armiyaga majburiy chaqiruvga qarshi namoyishlar boshlandi. Regionlarning aksarida namoyishchilar qo‘lga olindi.

Qisman safarbarlik e’lon qilinishi ortidan Navalniyning safdoshlari, rossiyalik muxolifatchilar va urushga qarshi harakat a’zolari rossiyaliklarni namoyishlarga chiqishga chaqirdi. Norozilik aksiyalari Rossiyaning 30 dan ortiq shahrida bo‘lib o‘tdi. «OVD-Info» ma’lumotiga ko‘ra Rossiyaning 38 shahrida 1403 kishi qo‘lga olingan.

Tomskda plakat ko‘tarib namoyishga chiqqan odamlar tezda qo‘lga olindi. Foto: T.ME/VELVETSTREET

Hukumat nima bilan tahdid qildi?

Aksiya boshlanishidan oldinroq Moskva prokuraturasi kelishilmagan ommaviy namoyishlarda ishtirok etganlik uchun javobgarlik haqida eslatdi. Idorada bunday aksiyalarga chaqiriqlar va ularda ishtirok etish uchun 15 yilgacha qamoq jazosi qo‘llanishi mumkinligi bildirildi.

Talabalardan birining aytishicha, Moskvadagi Rossiya davlat gumanitar universiteti talabalariga shu kuni shahar markaziga kelmaslik tavsiya qilingan va namoyishlarda qatnashadiganlar «falokatli oqibatlar»ga duch kelishi haqida ogohlantirilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda talabalarga universitetning L.S.Visotskiy nomidagi Psixologiya instituti direktori ishtirokidagi leksiyada e’lon qilingan.

Bundan tashqari, talabalarning chatlarida talabalar kengashi rahbarining «bugun tunda uydan chiqmay o‘tirish iltimos qilingan» xabari tarqatilgan. Mitingga chiqmaydigan talabalarga «imtihonlarda yordam ko‘rsatilishi» va’da qilingan.

«OVD-Info»ga Nijyegorod qishloq xo‘jaligi akademiyasi talabalari ham rahbariyat tomonidan tahdidlar bo‘lgani haqida aytib berishgan. Umumiy yig‘ilishda ularga urushga qarshi aksiyalarda ishtirok etish qayta tiklash huquqisiz o‘qishdan haydalishga olib kelishi bilan tahdid qilingan.

FXXning Tyumen bo‘limi esa urushga qarshi chiqqan talabalarga tezlik bilan armiyaga chaqiruv qog‘ozi berilishini va’da qilgan: qo‘lga olinganlarning chaqiruv toifasi aniqlanadi va keyingi muddatli harbiy xizmatga chaqirish uchun hisobga olinadi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham shu ma’noda gapirdi. U safarbarlikka qarshi miting qiladiganlarni «xalq dushmanlari» deb atab, ularni «qo‘lga olish» va «maxsus amaliyot o‘tkazilayotgan joyga yuborish» kerakligini aytdi.

Moskva va Peterburgda nimalar bo‘ldi?

Moskvada soat 19:00ga belgilangan urushga qarshi aksiyadan oldinroq huquq faoli Vladimir Saltevskiy VGTRK binosi oldida ukrain bayrog‘i ranglari aks etgan plakat ko‘targan holda safarbarlikka qarshi yakkalik piket o‘tkazdi. Uni darhol qo‘lga olishdi.

Huquq faoli Vladimir Saltevskiy VGTRK binosi oldida yakkalik piketga chiqdi. Uni qo‘lga olishdi. Foto: SOTA

Namoyishning o‘zi so‘nggi vaqtlardagi kelishilmagan aksiyalardan ko‘p farq qilmadi. Bir necha yuz kishi yig‘ildi, ularning aksarida plakatlar yo‘q edi: chunki plakat qo‘lga olinish xavfini oshiradi.

Aksiya uchun noodatiy joy tanlandi: Tver yoki Pushkin maydoni emas, Eski Arbatdagi piyodalar yo‘lagi. Ishtirokchilar «Putinning o‘zini okopga!» deb hayqirishdi, politsiyachilarga esa «Sharmandalik!» deb baqirishdi.

Tez orada odamlarni qo‘lga olish boshlandi. Bir guruh namoyishchilar ko‘cha boshida qo‘lni qo‘lga berib, saf hosil qilishga urinishdi, boshqalar esa ularga qo‘shilmasdan, faqat urushga qarshi hayqiriqlar aytish bilan cheklanib, yo‘l bo‘ylab keta boshlashdi.

«Avtozak Live» xabariga ko‘ra, namoyishchilardan biri qo‘lga olish vaqtida hushini yo‘qotgan. Politsiyachilar uni olib ketishgan.

Voqea joyida olingan videoroliklardan birida odamlar politsiya qo‘lidan o‘z safdoshini qanday qutqarib olayotgani aks etgan.  Bu Rossiya uchun kamyob hodisa bo‘lib, bu mamlakatda politsiyaga qarshi har qanday harakat uchun osonlik bilan jinoiy ish ochib, qamab yuborishlari mumkin. Ko‘cha namoyishlaridan keyin faollarni politsiyaga teginganlik yoki unga buyum uloqtirganlik uchun bir necha yilga qamash bilan bog‘liq ko‘plab holatlar kuzatilgan.

«Men harbiy operatsiya deb atalayotgan narsaga qarshi bo‘lganim uchun shu yerdaman. Eng yomoni allaqachon sodir bo‘ldi, oldinroq qo‘rqishni boshlashimiz kerak edi», deydi namoyish ishtirokchilaridan biri.

«Qo‘rquv yo‘q. Hukmron rejimga qarshi nafratdaman. Ular bolalarimizning hayotiga tajovuz qilishmoqchi. Farzandim 18 yoshda, men bolam o‘lishini emas, yashashini xohlayman», degan boshqa bir rossiyalik.

Norozilik aksiyasi bir soatdan ortiqroq davom etdi: soat 9 yarimlarda Arbat ko‘chasi deyarli bo‘shab qoldi. Soat 21:27da, «OVD-Info» ma’lumotiga ko‘ra, Moskvada «kamida 394 kishi qo‘lga olingan».

Peterburgda bir necha yuz kishi Isaakiyevskaya maydonida yig‘ildi. Bu Aleksandr-Nevskiy monastiri tomon yurishning boshlanish nuqtasi bo‘lishi kerak edi, ammo politsiya yarim soat ichida namoyishchilarni tarqatib yubordi.

Asosan ayollardan iborat guruh Isaakiyevskiy sobori atrofida saf hosil qilishga urindi. Videolarda politsiyachilar dubinkalarni ishga solib, bu safni buzib tashlaganini ko‘rish mumkin. «OVD-Info» ma’lumotiga ko‘ra, soat 21:27 holatida Piterda «kamida 376 kishi qo‘lga olingandi».

So‘nggi vaqtlarda yetakchisiz qolgan muxolifatchilarning namoyishlari shunday tartibsiz kechmoqda. Bu safar ham odamlar politsiya kelib, qo‘lga olishni boshlashi bilan maydonni tark eta boshladi va bir necha guruh bo‘lib tarqalib ketishdi.

Quyida bu aksiyalar qanday o‘tgani va kuchishlatar tuzilmalar qanday harakatlangani aks etgan suratlar.

Ulan-Ude

Norozilik aksiyasi ishtirokchisi. Foto: «Lyudi Baykala»

Sankt-Peterburg 

Kuchishlatar tuzilmalar va namoyishchilar. Foto: Olga Malseva / AFP / Scanpix / LETA
Aleksandr Demyanchuk / TASS
Olga Malseva / AFP / Scanpix / LETA
Politsiya yig‘ilganlarni tarqatib yubormoqda.
Anatoliy Malsev / EPA / Scanpix / LETA

Yekaterinburg

 

Politsiyachilar qo‘lga olingan shaxsni olib ketishmoqda. Foto: Donat Sorokin / TASS

 

Qo‘lga olinganlar solingan avtozak oldidagi politsiyachilar
Donat Sorokin / TASS
AP / Scanpix / LETA

Novosibirsk 

Qo‘lga olingan shaxsni olib ketayotgan Milliy gvardiya xodimlari
Rostislav Netisov / AFP / Scanpix / LETA

Moskva 

Qo‘lga olingan namoyishchi.
Aleksandr Nemenov / AFP / Scanpix / LETA
Foto: Getty Images
Arbatda saf hosil qilgan namoyishchilar. Foto: Getty Images
Maksim Shipenkov / EPA / Scanpix / LETA
Aleksandr Nemenov / AFP / Scanpix / LETA
Aleksandr Nemenov / AFP / Scanpix / LETA
Namoyishchilardan biri sherigini qo‘lga olishlariga xalal berishga urinmoqda
Aleksandr Zemlyanichenko / AP / Scanpix / LETA
Reuters / Scanpix / LETA
Reuters / Scanpix / LETA
Politsiya qurshovi. Foto: Reuters / Scanpix / LETA
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid