Jamiyat | 15:44 / 24.09.2022
56841
13 daqiqa o‘qiladi

«O‘gay onam meni aldab sotib yuborgan...» - hayotiy hikoya

Hikoyamiz qahramoni 33 yoshda. 10 sinfda o‘qiyotgan paytda o‘gay onasi tomonidan aldab, begona erkakka sotib yuborilgan qizning azob-uqubatlarga to‘la hayoti har qanday odamni iztirobga solmay qo‘ymaydi.

Foto: KUN.UZ

Onamning o‘ziga ko‘zi qiymasdi...

Oilada ikki o‘g‘il bir qiz edik. Bitta qiz bo‘lganim uchun onam mening sirdoshim, dugonam edi. Qo‘li-qo‘liga tegmay ishlar, uy yumushlari, mol-holni tindirib, gilam to‘qishga o‘tirardi. Qo‘llari qavarib, yara bo‘lib ketardi...

Otam esa erta ketib kech kelar, topgani o‘zidan, ulfatlaridan ortmasdi. Bolaligimni eslasam, otam faqat mast holda ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Oyog‘ida zo‘rg‘a chayqalib turar, kun bo‘yi tinim bilmay ishlagan onamni «uyda o‘tirasan, boqimanda», deb kaltaklardi.

Vaholanki, ro‘zg‘or onamning gilam sotib topgan puli bilan o‘tardi. Kaltak yeyverib, bechora onam o‘lib ketdi. Nega yoshligida ajrashib keta qolmagan ekan, shuncha xo‘rlikka chidagan, alaloqibat o‘lib ketdi, deb hozir ko‘p o‘ylayman, ich-ichimdan ezilaman. Onam tirik bo‘lganida bugun taqdirim butunlay boshqacha bo‘larmidi...

Onam o‘lgach, otam ko‘p yolg‘iz qolmadi — boshqa ayolga uylandi. Chunki ro‘zg‘orga ayol kishi kerak edi. Men o‘zim akalarimning, otamning kirlariga, osh-ovqatiga ulgursam, mol-holga qarashga vaqtim qolmasdi. Maktabga ham bir kun borsam ikki kun borolmasdim. Ro‘zg‘ordan ham ancha qiynalib qolgandik. 

O‘gay onam kelishi bilan uydagi eski gilamlarni yig‘ib, onam men uchun to‘qib, niyat qilib olib qo‘ygan gilamlarni soldirdi, qo‘lga ilinadigan narsalarni otamdan berkitib sotib yubordi. Hattoki onam o‘ziga ishlatishga ko‘zi qiymay, yig‘ib qo‘yganlarini birma-bir sota boshladi. Chunki otamning topgani o‘zidan ortib ro‘zg‘orga yetmasdi. Otam ham avval boshida ichmay yurdi, keyin yana eski odatini boshladi.

Ko‘ylak olib berish bahonasida meni sotib yubordi

Bir kun o‘gay onam otam bilan qattiq janjallashib qoldi. Otam odati bo‘yicha uni o‘lasi qilib kaltakladi. Shunda o‘gay onam «hali shoshmay tur, sendan qasdimni boshqacha yo‘l bilan olaman, farzanding tirik bo‘lib uning dog‘ida kuyasan», deb ko‘ngliga tuggan ekan.

Kunlarning birida «senga yangi ko‘ylak olib beraymi?» deb qoldi. O‘gay onam kelgandan beri menga hech mehribonchilik qilmagan edi. Bu gapi juda erish tuyuldi. «Yo‘q, kerakmas», dedim. Ammo qo‘yarda-qo‘ymay ko‘chaga olib chiqib ketdi. Negadir borgim kelmayotgandi.

Yo‘limiz cho‘zilgandan cho‘zildi, hech manzilga yetay demaymiz. Mashinada ketyapmiz, yo‘limiz tugamasdi. «Nega buncha uzoqqa ketyapmiz?» deb so‘rasam «shu yoqda zo‘r ko‘ylak sotadi, jim ket», deb jyerkib beradi. Kunduz yo‘lga chiqib, manzilga tunda yetib keldik.

Bir amaki bilan uchrashdik. O‘zini asalchi deb tanishtirgan kishi asal borligini, tatib ko‘rishim mumkinligini aytib, meni bir xonaga kiritib yubordi. Xonada kutdim-kutdim, o‘gay onam kelmadi. Asalchinikida ko‘ylak nima qilishiga tushunmasdim.

Bir vaqt boyagi amaki qaytib xonaga kirdi. «Ayang ketdi, men sen uchun juda ko‘p pul berdim unga, seni sotib oldim. Endi menga yo xotin, yo qul bo‘lasan. O‘zing tanla», — dedi.

U vaqtda go‘dak edim, hech narsani tushunmasdim, ammo nimadir yomon narsa bo‘lishini sezardim. Men uyimga ketishni istardim, yig‘ladim, dodladim, ovozimni hech kim eshitmasdi. Haligi kishi bir tarsaki urgan edi, og‘riqqa chidolmay yiqilib tushdim...

Xotini eriga tegishimni aytdi...

Meni yerto‘laga qamab qo‘yishdi. 30 kun zax yerda yotdim. Asalchining xotini va bolalari bor edi. Xotini «erimga tegasan, endi u bilan bir xonada turasan, tushundingmi», dedi.

Boyagi ayol shu gapni aytib, meni har kuni kaltaklardi. Aybim nima ekanligiga tushunmasdim. Hech kim meni eshitishni istamasdi, faqat qulog‘imga boyagi gaplarni quyib, kaltaklashardi.

Asalchining xotini o‘ninchi kuni eri va menga joy soldi. Meni urib-urib, itargancha o‘sha xonaga kiritib yubordi...

Men hali go‘dak edim, maktabni ham bitirmagandim. Hozir ham o‘sha tunning dahshatidan qutulolmayman. O‘ylasam, farzandlaridan ham kichkina qizga bunday qabihlik qilish uchun odam o‘taketgan yovuz bo‘lish kerak. Eslasam, tovonimgacha muzlab ketaman.

O‘shanda hamma qizlar oq otli shahzodasini kutadigan, orzu havasga berilib, bu haqida birovga aytishga uyaladigan yoshda edim... — ko‘zlari yoshlangan ayol bo‘g‘ziga tiqilgan narsadan ovozi chiqmay, bir nuqtaga tikilib qoldi.

Otamdan men orqali o‘ch olindi

Keyin bilsam, o‘gay onam meni Surxondaryodan Urgutga olib kelib, sotib ketgan ekan. Men otamdan kaltak yeganda shu ayolga qanchalar achingandim. Onamning qiynalganini ko‘rganim, bilganim uchun bu ayolga ham og‘irligini his qilardim.

Odatda, onasining o‘rniga kelgan ayolga qizlar kun bermaydi. Onasining o‘rnida birovni ko‘rish qiz bola uchun juda og‘ir. Ammo otam bilan hayot qilish oson emasligini bilganim uchun ham men bu ayolga uy ishlarida ko‘maklashardim, aya, deb chaqirardim. Onam kabi men bilan ovunsin, dardlari yengillashsin, debman.

Lekin u men bilan ovunmadi, aksincha otamdan men orqali o‘ch oldi.  To‘rt oy deganda u zindondan qochib ketdim. Notanish yo‘llar, qayga yurishni bilmayman. Tutib oladigandek yuragim xavotir va vahimada dukkillaydi. Oyoqlarim shilinib, tilinib, kunbotarda bir qabristonga kelib qoldim.

Tunda qabriston juda qo‘rqinchli bo‘ladi. Lekin tiriklarning qabihligidan to‘ygan odam uchun u qadar dahshatli emas ekan. Bir oqshom mozorda tunadim. Topib olmasligi uchun qabrlarning panasiga yashirinib yotdim. O‘z yuragimning ovozini eshitib yotib, tongga yaqin uxlab qolibman...

Kimningdir ovozini eshitib, topib olishdimikan, degan o‘yda sakrab turdim. Qarasam, bir ayol menga qo‘rquv bilan tikilib turibdi. O‘likmi, tirikmi, degan bo‘lsa kerak-da.

Unga boshimdan o‘tganlarni so‘zlab berdim. Zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga yordam beradigan nodavlat tashkilot borligini, meni o‘sha yerga olib bormoqchiligini aytdi. Juda qo‘rqib ketdim. Bu ham meni sotib yubormoqchi bo‘lsa-chi!?

Opa bir amallab u joyning yaxshi ekanligiga ko‘ndirib, olib keldi. Aslida boshqa ilojim ham yo‘q edi. Yo‘q, aldamagan ekan, bir yil shu dargohda yashadim. Keyin markazdagi opalar men haqimda e’lon berishdi.

Akalarim izlab, topib keldi. O‘shandagi ahvolimni tasavvur qilolmaysiz... Quchoqlashib, yig‘lab ko‘rishdik. Markazdagi opalarga rahmat aytib, meni uyga olib ketishdi. Boshimdan o‘tganlarni aytib berdim.

O‘gay onam shu kuni yo‘lda avariya bo‘lib o‘lgan ekan... Ajali yetgan ekan-da, yo‘qsa bir avtobus odamdan faqat shu omonatini topshiradimi? Shu vaqtgacha qancha la’nat o‘qibman-a.

Dadam, akalarim meni izlashmagan joylari qolmabdi. Asalchini sudga berishdi. Lekin sud bo‘lishidan oldin asalchi meni topib kelib, qo‘rqitdi. Agar bir og‘iz gapiradigan bo‘lsang, qo‘lim hamma joyga yetadi, butun oilangni qirib tashlayman, dedi. Sudda tilim aylanmadi, hech narsa aytolmadim. Qo‘rqdim...

Erta quvongan ekanman

Qiyinchiliklarim ortda qoldi, deb erta quvongan ekanman. Qishloqda bosh ko‘tarib yurolmay qoldim. Hamma meni qo‘li bilan bigiz qilib ko‘rsatadi. Xuddi men atay qochib ketgandek. Ruhan juda toliqdim, o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloqqa begona bo‘lib qolgan edim. Uyimda bir yil yashab yana «Rahmdillik» markaziga qaytdim.

Shifoxonaga farrosh bo‘lib ishga kirdim. Kunlarim bir zaylda o‘ta boshladi. Ishga boraman — markazga qaytaman, o‘zimga o‘xshab hayotda qiynalgan, borarga joyi bo‘lmagan ayollar bilan dardlashaman.

Keyin hayotimda bir inson paydo bo‘ldi. U shifoxonaga davolanish uchun kelgandi. Meni ko‘rib yoqtirib qolganini aytdi. Avvaliga o‘zimni olib yurdim. Yo‘limdan chiqib, tinch qo‘yavermagach, o‘tmishimni unga so‘zlab berdim. U «menga o‘tmishing qiziq emas, kelajaging muhim», dedi.

Mening ham baxtli bo‘lishga, sevib-sevilishga haqqim bor edi-ku, to‘g‘rimi? Bittagina opasi borligini, hozir Rossiyada ekanligini aytdi. Opasi qaytgach, to‘y qilishimizni aytib, nikoh o‘qitdi. Biz bir oila bo‘lib yashay boshladik. Avvaliga hammasi yaxshi edi. Ammo oiladan ham baxtim kulmagan ekan: erim ichib keladigan odat chiqardi.

Bilishimcha, avvallari ham ichib ko‘chalarda yiqilib qolar ekan. Shifoxonaga tushishiga ham shu sabab bo‘lgan, men bilmaganman, surishtirmaganman. Meni ham sevadigan inson borligiga quvonib, tegib ketaveribman.

Avval o‘zimni boqqan bo‘lsam, endi erimni ham boqa boshladim. Hayotim yana zulmat bilan qoplandi. Bu zulmatni mittigina nur — yuragim ostida kundan kunga kattarib borayotgan vujud yoritib turardi. U tug‘ilsa hammasi yaxshi bo‘ladi, erim o‘zgaradi, deb umid qilardim.

Homiladorlik davrim juda qiyin o‘tdi. Siqilish, kaltak, ochlik... hammasi bir bo‘lib farzandim nogiron tug‘ildi. Xudoga shukur, oyoq qo‘li, ko‘z qulog‘i joyida, ammo tik turolmaydi, oyoqlari harakatsiz. Doktorlarga ko‘rsatdim. Nevrologik kasal, hozir davolatsangiz tuzalib ketadi, deyishdi. Davolatish uchun 5–6 millon so‘m kerak ekan. Erimga aytsam, «Menga nogiron bola kerak emas, o‘ldirib yubor», dedi.

Orada opasi Rossiyadan qaytdi. Rosa janjal qildi. Ukamni sen shu ahvolga solgansan, deb uydan quvib chiqardi. Keyin uyni sotib, erimni Rossiyaga o‘zi bilan olib ketdi.

Otamdan yordam so‘rab bordim. «Bolangni tashlab kel-da, yashayver. Senga hech kim hech narsa demaydi. Lekin mana bu itvachchang bilan ostonamdan qadam bosma», dedi.

Nima ham qilardim, axir onaman! Bolamdan voz kecholmasdim. Farzandimni bag‘rimga bosib yana «Rahmdillik» markaziga qaytib keldim. Meni bolam bilan ham qabul qilishdi.

Avvallari ibodatni bilmasdim. Hozir Xudo bilan do‘stlashib olganman. Dardimni unga aytaman. Namoz o‘qishni o‘rganganimdan beri ruhimda bir yengillik bor. Yaxshi insonlar ko‘magida bolamni ikki marta davolatdim. Oyoqlarini qimirlatadigan bo‘ldi.

Kvartiraga joy topib, ko‘chib chiqdim. Ijara uyimga yaqin joydan ish topdim. Bolamni ovqatlantiramanda, uxlatib ishga yuguraman. Orada kelib xabar olib ketaman. Ishtahasi yaxshi, berganni qaytarmay yeydi. Avvallari u bilan ishlolmay qiynalardim. Birovning qo‘liga qarashdan og‘iri bo‘lmas ekan.

Xudoga shukur, hozir to‘rtga kirib, beshga qarab ketyapti. Qiynalsam ham, topganim ikkimizning kun ko‘rishimizga yetyapti. Orttirib, bolamning davolanishi uchun ham yig‘ib qo‘yyapman.

Yashashdan yagona maqsadim — farzandimni oyoqqa qo‘yish. Boshimdan nimalarni o‘tkazmadim?! Ularning oldida hozirgi kunlarim holva. Farzandimning xastaligi menga berilgan sinovdir, balki. O‘g‘lim meni jannatlarga olib kirsa ajab emas, deb o‘zimda yashash uchun kuch topyapman.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid