O‘zbekiston | 09:06 / 24.09.2022
6802
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tovar omborida saqlash tartibi tasdiqlanyapti

“Tovar omborida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va ombor hujjatlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Tovar omborida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va ombor hujjatlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda tovar ombor guvohnomalari garov reyestri yuritilishini, qo‘llanilishini hamda garov ta’minoti sifatida qabul qilinishi ta’minlovchi huquqiy tartib-taomilni ishlab chiqadi va amaliyotga kiritadi.

Tovar omborida tovarlarni saqlash tovar ombori hamda tovar egasi o‘rtasida ixtiyoriy ravishda tuziladigan omborda saqlash shartnomasiga asosan amalga oshiriladi.

Bunda, tovar ombori tovar egasi tomonidan topshirilgan tovarlarni haq evaziga shartnomada kelishilgan muddatda va shartlarda saqlab, tovar egasi talabiga yoki shartnomada kelishilgan muddatda to‘liqligicha qaytarib berish majburiyatini oladi, omborda saqlash shartnomasi yozma ravishda ikki nusxada tuziladi va tomonlar imzolagan kundan boshlab kuchga ega bo‘ladi.

Agar omborda saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovar ombori egasi tovarlarni saqlash uchun qabul qilib olayotganida ularni o‘z hisobidan ko‘zdan kechirishi kerak.

Tovarlar, shu jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun qabul qilish quyidagi hollarda tovar ombori tomonidan rad etilishi mumkin:

  • o‘tkazilgan mustaqil baholash natijalari bo‘yicha tovarning sifat va/yoki qiymat tavsiflari bildirilgan holatlarga nisbatan salbiy bo‘lib chiqqanda yoki mos kelmasa;
  • tovar saqlanishi tovar ombori ta’minlay olmaydigan maxsus sharoitlarni talab qilganda;
  • tovar, shu jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari atrofdagilar uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xususiyatlarga ega bo‘lganida;
  • tovar, shu jumladan qishloq xo‘jaligi mahsuloti sifat ko‘rsatkichlarini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmaganda.

Omborda saqlash davrida tovar saqlash shartnomasida kelishilganidan yoki tabiiy buzilish me’yorlari ko‘p darajada buzilgani aniqlangan taqdirda, tovar ombori egasi bu haqda darhol dalolatnoma tuzishi va o‘sha kunning o‘zida tovar egasini xabardor etishi shart.

Mavzuga oid