Jamiyat | 19:50 / 26.09.2022
17158
6 daqiqa o‘qiladi

Qishda sovuqqotayotgan nogironlar: nahotki Sariosiyodagi muammoni yechish imkonsiz?

Sariosiyo tumanidagi Sharq yulduzi mahallasida 2 sotixlik namunaviy turar joylar va yosh oilalar uchun ikki qavatli turar joylar barpo etilganiga 5 yilcha bo‘lib qoldi. Namunaviy loyiha asosida barpo etilgan ushbu turar joylarning bir qismi tayanch harakatlanish tizimida nuqsonlari bo‘lgan nogironlarga berilgan va ular bugun gazsizlikdan qiynalishmoqda.

Bu hududda uylarning egalariga tantanali ravishda topshirilgani haqida 2017 yilda Kun.uz’da xabar ham bergan edik.

Bugungi kunga kelib Sariosiyo tumanida mazkur uylarda istiqomat qilayotgan nogironlar shu muddat ichida ular istiqomat qilayotgan uylarga tabiiy gaz o‘tkazib berilmaganidan shikoyat qilib kelishmoqda. Holbuki, ular bu uylarga ko‘chib kirishayotganda gaz ta’minoti ham bo‘lishi va’da qilingan.

Murojaatchilardan biri Marhabo Sattorovaning hikoya qilishicha, o‘shanda ularni shoshilinch ravishda bu uylarga kiritishgan. Uyning suvog‘i nam bo‘lgan, keyinchalik yorilib, ko‘chib ularga bir qator tashvishlar keltirgan. Eng muhimi, o‘shanda rahbarlar uylar sekin-asta tabiiy gaz bilan ta’minlanishini ham va’da qilishgan.

Marhabo Sattorova

Biroq ular 5 yildan buyon gazsizlikdan, ayniqsa, qish faslida qiynalishmoqda. Ko‘chalarga yoritish chiroqlari ham o‘tkazilmagan. Nogiron insonlar bu hol ularga tunda harakatlanishda bir qator noqulayliklar keltirib chiqarishayotganini hikoya qilishdi.

Ular bu borada tegishli tashkilotlarga tinimsiz murojaat qilib kelishmoqda. Biroq masalaning ijobiy hal qilinishi uchun mas’ul bo‘lgan «Hududgazta’minot»ning viloyat va tuman bo‘limlaridan kelayotgan javob xatlarida bu manzil tabiiy gaz ta’minoti tanqis bo‘lgan hududlar sirasiga kirishi asosiy vaj qilib ko‘rsatilmoqda.

Mahallada istiqomat qiluvchilarning aytishlaricha, tuman markazidagi qo‘shni Afrosiyob mahallasigacha tabiiy gaz tortib kelinmoqda. Quvurgacha shu joydan 400 metr masofa bor, xolos.

Uylarning quvurda oqadigan tabiiy gaz bilan ta’minlanmaganligi bu yerda yashovchi jismoniy imkoniyati cheklangan nogiron insonlarga ayniqsa qishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.

«Kottejlar qurilgan ushbu hudud ilgaridan zax yerlar bo‘lgan. Shu sababli qishda juda sovib ketadi. Buning oqibatida odamlar, ayniqsa ularning bolalari qishda tez-tez kasal bo‘lishmoqda», — deydi Muharram Sherova.

Muharram Sherova

Odamlar qishda jon saqlash uchun konditsioner va qo‘lbola pechlardan foydalanishmoqda. Bu esa nogiron insonlar uchun birmuncha noqulaylik va xavf tug‘diradi. O‘rnatilgan pechga esa o‘tin, ko‘mir qalash nogiron insonlar uchun oson emas. Is gazi va yong‘in xavfi bilan bog‘liq noxush hodisalar ham ro‘y bergan. Baxtga ko‘ra, jabrlanganlar bo‘lmagan.

Isitish pechlari gaz va ko‘mirga moslashtirilgan. Biroq nogironlar uchun bunday pechlardan foydalanish noqulay

Murojaatlardan so‘ng masalani kelib o‘rgangan mutasaddilar gaz o‘tkazib berish qo‘llaridan kelmasligini ochiqchasiga aytib ketishmoqda. Aholining esa hafsalasi pir bo‘lmoqda.

Ikki farzandning otasi Azamat Hikmatovning aytishicha, u hududda uy bog‘chasi ham ochgan. Ammo bog‘chada ham qishda isitish bilan bog‘liq shunday ahvol kuzatiladi.

Azamat Hikmatov

«Biz ham bola-chaqimiz bilan yaxshi sharoitda yashashga haqlimiz-ku?!» deydi u.  

Adolat yuzasidan aytish kerakki, uylarga ballonlarda suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazib turilibdi. Biroq undan faqat choy qaynatish va taom pishirishda foydalansa bo‘ladi.

Gaz aholiga qishning qirovli kunlarida isinish uchun kerak. Aholi qishda elektr energiyasi yordamida isingani sababli qishki fasllarda to‘lov miqdori keskin ortib ketmoqda va ular qiynalishmoqda.

Boz ustiga, bu xonadonlarda yashayotgan nogironlarning ko‘pchiligi ishlamas ham ekan. Ular faqat nogironlik nafaqasiga kun ko‘rishadi. O‘z vaqtida ular ish bilan ta’minlangan. Sariosiyo paxta tozalash zavodiga ishga qabul qilinib, fartuk tikishgan. Biroq tumanda klaster tuzilgach, ikki yildan beri, ularning barchasi ishsiz. Ular namunaviy uy to‘lovlarini to‘lashda ham qiynalishmoqda.

Aholining quvur o‘rnatishga qurbi yetmaydi. Shuning uchun balkim 400-500 metr masofadan gaz quvuri tortib kelish uchun homiylik mablag‘lari jalb etilishiga to‘g‘ri kelar.

Biroq masalaning yechimi ustida bosh qotirish o‘rniga aholining ketma-ket murojaatlaridan bezigan rahbarlar va mutasaddilar endi ularni noshukurlikda ayblashmoqda. Ularning ketma-ket qilgan murojaati bir xil mazmunda javob xati bilan yopib yuborilmoqda. Nogironlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar hal bo‘lishini istashadi.

Xuddi shu hududda qurilgan ikki qavatli turar joylarda gaz muammosidan tashqari yana bir muammo borligi ma’lum bo‘ldi. Ularning yerto‘lasidagi kanalizatsiya quvurlari yorilib, suv va najosatlar yerto‘laga to‘planmoqda.

Mas’ul rahbarlar biror epidemiya tarqalib ketmasdan avval ushbu muammoning yechimi bilan ham shug‘ullanishlari kerak bo‘ladi.

Savol tug‘iladi: nahotki, «Hududgazta’minot» AJ nogironlar yashaydigan, tuman markazida joylashgan hududni gazlashtirishni o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor vazifalardan biri sanamasa? Uzoq tog‘ yoki cho‘l qishlog‘i bo‘lganda ham, buning imkonsiz ekaniga hamma tan berar edi.

Inson qadri bu yurtda hamma narsadan ustun bo‘lishi kerak. Tabiiy gazni biror chet davlatdan import qilmayapmiz. O‘zimizning yerimizdan qazib olinadigan tabiiy boylik. Bu tabiiy boylikdan eng avvalo mana shunday ijtimoiy himoyaga muhtoj, jismoniy imkoniyati chegaralangan insonlar bahramand bo‘lishi kerak emasmi?

O‘ylaymizki, respublikadagi, Surxondaryo viloyati hamda Sariosiyo tumanidagi rahbarlar ushbu videomurojaatga jiddiy e’tibor qilishadi. Bu manzilda istiqomat qilib kelayotgan aholini qiynayotgan muammolarga yechim topishlaridan umid qilib qolamiz.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Montajchi va tasvir ustasi: Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid