Jamiyat | 23:17 / 27.09.2022
22954
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri O‘zbekistonga keldi

27 sentabr kuni Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzan ar-Robia boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.  

Mehmonlarni prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov va ikki mamlakat elchilari kutib oldi. Shuningdek, O‘zbekistonning milliy turistik operatori «Asialuxe Travel» kompaniyasi rahbariyati ham delegatsiya vakillarini iliq qarshi oldi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda haj kvotalari soni 10 mingdan oshgan bo‘lsa, umraga boruvchilar uchun esa kvotalar butunlay bekor qilindi.

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirining tashrifi ham bu boradagi hamkorlikni kengaytirish hamda yangi ufqlarni ochishni maqsad qilgan. Shuningdek, tashrif O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini takomillashtirish, ayniqsa, diniy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot, turizm, transport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, haj va umra safariga boruvchi ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mamlakatdagi ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish kabi muhim masalalarni ham ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.

Saudiya Arabistoni delegatsiyasi vakillari tashrif davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazishi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid