Jahon | 13:55 / 30.09.2022
8206
2 daqiqa o‘qiladi

ISW: Ukraina Liman yaqinidagi Rossiya kuchlarini qurshab olgan bo‘lishi mumkin

Urushni o‘rganish bo‘yicha Amerika instituti (ISW) muntazam hisobotiga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Donetsk oblastining Liman hududida Rossiya kuchlarini qamal qilishni yakunlagan bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

Tahlilchilarga ko‘ra, ukrainaliklar Limandan 10 km shimolda joylashgan Stavok hududida Rossiya mudofaasini yorib o‘tib, Liman g‘arbidagi chiziqni ushlab turgan rossiyaliklar uchun oxirgi ta’minot kanali va chiqish bo‘lgan Torskoye-Drobishevo yo‘lini to‘sib qo‘yishgan. 

ISW ta’kidlashicha, Drobishevo va Liman hududlarida mudofaani ushlab turgan 20-armiyaning BARS-13 bo‘linmalari va 752-motoo‘qchilar polki «o‘ta og‘ir» vaziyatga tushib qolgan. ISW ekspertlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Limanni ozod qilishga qodir. 

Bundan oldin Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Oleksiy Arestovich birinchi safarbar qilingan rossiyaliklar allaqachon urushga jo‘natilganini ma’lum qilgandi

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi chaqirilgan harbiy xizmatchilar Luhansk oblastidagi Svatovoy hududi va Xarkiv oblastidagi «teshikni shoshilinch yopish zarurati» bo‘lgan qismlarga yuborilgan.

«Asosiy massa ikki hafta ichida yig‘iladi», dedi Arestovich. Shu bilan birga, u harbiy xizmatchilar frontga jo‘natilishdan oldin to‘liq tayyorgarlikdan o‘tmaganiga ishonch bildirdi. Ukraina rasmiysi, shuningdek, birinchi to‘lqinda Rossiya qo‘mondonligi 90 000 ga yaqin safarbar qilingan ruslarni jangga tashlashini aytdi. 

Mavzuga oid