Jahon | 10:10 / 01.10.2022
9815
2 daqiqa o‘qiladi

Kobulda maktabga hujum oqibatida kamida 19 kishi halok bo‘ldi

Afg‘oniston poytaxtidagi ta’lim muassasalaridan biriga xudkush-terrorchi hujum uyushtirdi. O‘nlab odamlar yaralangan. Xalqaro tashkilotlar hujumni qoraladi.

Foto: Picture Alliance

Afg‘oniston poytaxtida 30 sentabr, juma kuni xudkush-terrorchi ta’lim muassasasiga hujum uyushtirdi. Oqibatda kamida 19 kishi halok bo‘ldi, yana 27 kishi yaralandi, deb xabar beradi epd axborot agentligi.

Britaniyaning BBC mediakompaniyasi xabariga ko‘ra, hujum obekti qizlar va o‘g‘il bolalar uchun birgalikda ta’lim beruvchi Kaj xususiy akademiyasi bo‘lgan. Mahalliy OAV qurbonlar soni haqida turlicha xabar bermoqda. Xususan, Aamj News portali qurbonlar va jarohatlanganlarning umumiy soni 100 kishiga yetganini, ularning aksariyati qizlar ekanligini bildirmoqda. Shu bilan birga, dpa agentligi tibbiyot muassasalari vakillariga tayanib, 30 ga yaqin odam halok bo‘lgani va 56 kishi yaralanganini yozmoqda.

Xabar qilinishicha, hujum asosan Afg‘oniston aholisining qariyb 9 foizini tashkil etuvchi hazoralar istiqomat qiladigan Kobul tumanida sodir etilgan. G‘arb qurolli kuchlari mamlakatdan olib chiqib ketilganidan buyon bu etnik ozchilik «Tolibon» harakati va IShID terrorchilik guruhi tomonidan kuchli ta’qiblarga uchragani aytiladi.

Hozircha hech bir tashkilot Kobuldagi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.

Afg‘onistonda hokimiyat tepasida turgan toliblar hujumni qoralab, uning ortida turganlarni qo‘lga olish va jazolash choralarini ko‘rishga va’da berdi.

Xudkushlik hujumi xalqaro miqyosda norozilik uyg‘otdi. BMTning Afg‘onistondagi missiyasi (Unama) mamlakatda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat barqaror ravishda yomonlashayotganini ma’lum qildi. Birlashgan millatlar tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) esa ta’lim muassasalarida yoki yaqinida zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Mavzuga oid