Jamiyat | 18:08 / 04.10.2022
38586
12 daqiqa o‘qiladi

O‘g‘rigina bolam. Onasining himoya qilaverishi panjara ortiga yetaklagan qiz hikoyasi

Xalqimizda bir farzandga yetti mahalla ota-ona, degan gap yuradi. Bu bejiz emas. Afsuski, ayrimlar bolasi tarbiyasiga o‘zgalar aralashishini istamaydi. Erkatoyining xatosini aytib kelgan qo‘ni-qo‘shni ko‘ziga balodek ko‘rinadi. Vaqtida berilmagan tarbiya esa...

Foto: KUN.UZ

Sud materiallari asosida tayyorlangan ushbu maqolada barcha ism-familiyalar o‘zgartirib berilmoqda. Qaniydi, ismlarni o‘zgartirgandek taqdirlarni ham o‘zgartirib bo‘lsa...

Birinchi qadam

Dars tugab, tanaffusga qo‘ng‘iroq chalingach, 8-sinfning o‘yinqaroq o‘quvchilari tashqariga oshiqdi. Lola esa hech qayoqqa shoshilmasdi. Sinfdoshi Sabinaning chizmachilik fanida ishlatadigan hech kimda yo‘q o‘quv qurollari jamlanmasini o‘ziniki qilish istagi xayolini band etgan. Mana, u kutgan qulay imkoniyat, sinfda o‘zidan boshqa hech kim yo‘q.

Sinfdoshining sumkasini kavlab, o‘quv qurollarini izlar ekan, yuragi tez-tez urib, qo‘llari titray boshladi. Kimdir uni kuzatib turgandek tuyuldi. Qo‘rqa-pisa eshik tomonga o‘girilar ekan, hech kim yo‘qligini ko‘rib harakatni jadallashtirdi. Izlagan narsasini topib, sumkasiga soldi. Ko‘zlari olazarak qiz ishni bajarib bo‘lgach, chuqur nafas olarkan qo‘llari hamon titrayotganini sezdi. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan, voqeaning davomi uni xavotirga solayotgandi.

Maktab hovlisi shovqin-suron, barcha sinfdoshlari bolalikning beg‘ubor osmonida kezib o‘ynashmoqda, sinfxonada yolg‘iz qolgan Lola esa juftakni rostlash payida. Kirish qo‘ng‘irog‘i chalindi. 4-soat — chizmachilik fani. Ketmasa, o‘g‘riligi fosh bo‘lishi mumkin...

Uyiga yetib kelganida ham kimdir kuzatib turgandek tuyildi. Hozir sinfdoshi onasi bilan kelib yoqasidan oladigandek bo‘laverdi. Tushgacha sodir bo‘lishi kutilgan janjalga tayyor turdi. O‘quv qurollari jamlanmasini ham yashirib qo‘ydi. Xayolan o‘zini oqlash uchun turli bahonalar izladi.

Ammo... u kutgan hodisa sodir bo‘lmadi. «Hech kim bilmadi», deya quvondi. Buyumlarni yashirib qo‘ygan joyidan olib tomosha qildi. Barcha qo‘rquv o‘tdi, endi xavotirga o‘rin yo‘q.

Biroq u bilmasdiki, sinfdoshlari o‘g‘rilik sodir bo‘lganini sezishgan va hammaning gumoni — dars tugamay uyga ketib qolgan, tengdoshlariga qo‘shilmay, o‘zidan kichkinalarni qo‘rqitib, gapini o‘tkazadigan Loladan edi.

Sabina uyiga yig‘lab keldi. Bo‘lgan voqeani va gumonini aytdi. Onasi o‘sha qizning uyiga bormoqchi bo‘ldi, biroq buvisi «qo‘ying, talashib yurasizmi, undan ko‘ra boshqasini olib bera qoling», deya kelinini shashtidan qaytardi.

Ertasi kuni Sabina hech nima demasa-da, uning nigohida «ana, o‘g‘ri kelyapti, narsalaringga ehtiyot bo‘linglar», degan ma’no mujassam edi. Sinfdoshlariga e’tibor ham bermaydigan qiz negadir barchaga bir-bir qarab chiqdi. Yonidan o‘tib ketayotgan sinfdoshlari xuddi «sen o‘g‘risan, olgan narsangni qaytar», deyayotgandek tuyular, himoyaga tayyorlanib turgan Lola Nuriddinovaning esa har safar gapi ichida qolar, shu lahzada ich-ichidan pushaymon edi. Aynan o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushirmagani uchun ham hech kim aybini yuziga ayta olmadi. Andishani qo‘rqoqlikka yo‘ygan qizaloqning ongida yana shunday ish qilsam bo‘ladi, menga hech kim, hech narsa demadi-ku, degan o‘y paydo bo‘ldi. Jazolanmay qolgan kichik o‘g‘rilik yanada kattaroqlariga yo‘l ochdi.

Ikkinchi qadam

Lola Nuriddinova maktabdan qaytar ekan, ko‘zi boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan Hakimaga tushdi. O‘zidan yoshi ham, jussasi ham kichik bo‘lgan qizaloqni qo‘rqita olishiga ko‘zi yetib, to‘xtatdi. He yo‘q, be yo‘q yoqasidan ushlagancha o‘ziga tortdi. Buni kutmagan qizaloq qo‘rqib ketganidan kipriklarini pirpirab, tili kalimaga kelmay qoldi.

— Agar onangning pardoz buyumlarini olib chiqib bermasang, o‘ldim deyaver. Kaltagimni yemayman desang, aytganimni qil, zumrasha! Tushundingmi?

— ...

Bo‘ri qo‘liga tushgan qo‘zichoqdek titragancha boshini «xo‘p» ishorasini qilib qimirlatar ekan, ko‘zi yoshlandi. Yoqasini siltab qo‘yib yuborayotgan yo‘lto‘sarning qo‘liga ikki tomchi issiq yosh tomchiladi. Bunga e’tibor ham qilmay «Hiqillama, ertaga olib kelmasang...» dedi-yu, u yon-bu yon qarab juftakni rostladi.

Qattiq qo‘rquvga tushgan qizaloq aytilgan narsalarni sumkasiga solib qo‘ydi. Tuni bilan esa allanimalar deb alahsirab chiqdi. Ertalab qizining sumkasiga tushlik solarkan, ona o‘zining pardoz buyumlarini ko‘rib hayron bo‘ldi. Avvaliga birovnikini o‘g‘irlab oldimikin, degan o‘ydan seskanib ketdi. Yaxshilab razm solsa, o‘ziniki. Holi-joniga qo‘ymagach, qizi yig‘lamsirab bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi.

Yurak oldirib qo‘ygan Hakimani maktabga olib borar ekan, direktor qabuliga kirishni ko‘ngliga tugdi. Aksiga olib, maktab rahbari ham, o‘rindoshlari ham yo‘q ekan. O‘ylab o‘tirmay, Lolaning uyi tomon yo‘l oldi. Kattalar bilan gaplashib, qizini tergab qo‘yishini, tartibga chaqirishini so‘ramoqchi bo‘ldi. Uy ketidagi qarovsiz daraxtlar, o‘sib yotgan begona o‘tlarga qarar ekan, ko‘nglidan «Hech qayerda ishlamasa, kun bo‘yi uyda o‘tirsa, tozalab qo‘ysa bo‘lmaydimi?» degan o‘y kechdi.

Uzoq taqillatilgandan so‘ng nihoyat, darvoza ochildi. Uy egasi xushlamaygina salomlashgan bo‘ldi. Kelguvchining so‘zlarni eshitgani sari qoshlari chimirilib, past-baland bo‘la boshladi. Shu payt maktabdan qaytgan qizi ularni ko‘rib, rangi oqardi. Sekingina onasiga razm soldi — avzoyi buzuq, ahvol chatoq. «Qo‘lga tushdim», deya o‘ylab ulgurmasidan onasi ayolning o‘zini ayblashga hozirlandi. Baqirib, qizini himoya qila boshladi. Avvaliga o‘zini yo‘qotib qo‘ygan mehmon biroz kalovlanib qoldi-da, «ana gap qayerda, bolasidan o‘pkalashning hech hojati yo‘q ekan», degancha hafsalasi pir bo‘lib iziga qaytdi.

Bu himoya qizni yanada ruhlantirdi, o‘zi bilmay kirib qolayotgan berk ko‘cha tomon navbatdagi odimlarni tashlashiga turtki bo‘ldi...

Uchinchi qadam

Ayni tush vaqti, quyosh zabtiga olgan. 6-sinfda tahsil oladigan Alijon sigirlari uchun aravada pichan olib ketardi. Ko‘cha boshidagi do‘kon oldiga yetganda bolakay Lolaga to‘qnash kelib qoldi. Yuqori sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz uni sudrab, tor ko‘chaga olib kirdi. Maqsadi — uch hovli narida yashaydigan boladan pul talab qilish edi. Qo‘li bilan uning bo‘ynidan qisib ushlagan holda yuziga shapaloq tushirdi. Tizzasi bilan tepayotgan bir vaqtda qo‘shnisi ko‘rib qoldi. Otning qashqasiday taniqli bo‘lib qolgan bezori qizning harakati uni asabiylashtirdi. Nima uchun uryapsan, deya ular tomon yugurdi. Qo‘shnisining shashtidan qo‘rqdimi, bolani qo‘yib yuborib, uyi tomon ketdi.

Qo‘shni ayol ko‘rib qolmaganda, Xudo biladi voqeaning davomi qanday tugardi?! Yaqinda qishloqdoshi Shahlodan o‘n ming so‘m undirish uchun «o‘ldirib, tog‘-u toshlar orqasiga olib o‘tib tashlayman, hech kim topolmaydi», deya qo‘rqitgan qizdan qo‘rqqulik...

Tarbiyaning hosilasi

Odatda qiz bolaga dilbar, lobar, chevar, nazokatli kabi ta’riflarni berishadi. Lola esa o‘z «hunar»i ortidan «Jadu» degan laqab orttirdi. Jaduni onasiga aytishdan naf chiqmasligiga amin bo‘lgan jabrlanuvchilar maktab ma’muriyatiga murojaat qilishdi. Ammo bilishmasdiki, bir necha bor tartibga chaqirilsa-da, sinf rahbari, maktab psixologi, tajribali o‘qituvchilar ishtirokida tarbiyaviy ishlar olib borilsa-da, kor qilmagan.

Qonun hamma uchun barobar. Katta-kichik unga birdek bo‘ysunishi kerak. Sud hukmi bilan mahalla, maktab, oila tarbiyalay olmagan Lola Nuriddinova maxsus koloniyada tarbiyalanishi belgilandi.

Oila a’zolari esa mahallada uzoq tura olishmadi. Qo‘ni-qo‘shni, odamlar gap-so‘zidan qochib, boshqa mahallaga ko‘chib o‘tishdi. Uyning darvozasiga katta qulf osildi.

Inson o‘zidan qochib qutulolmaydi

Qadimda bir qishloqda aka-uka yashagan ekan. Ular bolalikda bilib-bilmay o‘g‘rilik qilishibdi. Qo‘lga tushib qolganlaridan so‘ng tartib-qoidaga binoan har ikkalasining peshonasiga tamg‘a bosilibdi. Bu sharmandalikka chidolmagan aka boshqa yurtlarga bosh olib ketadi. O‘z nomiga tushgan dog‘ni berkitishga urinadi. Ammo qayga bormasin, peshonasiga bosilgan tamg‘a sabab, unga shubha bilan qarasharkan.

Qayga ketsa ham o‘zidan qochib keta olmasligini anglagan ukasi esa qishloqda qolib, odamlarning ishonchini qayta qozonish uchun barchaga birdek yordam berishga urinadi. Ko‘p yillar o‘tib qishloqdoshlarining mehrini qozonadi. Yillar o‘tib qariganida bir bolakay uni ko‘rsatib onasidan bu amakining peshonasidagi tamg‘a nima deb so‘raganida ayol o‘ylab ham o‘tirmay «menimcha, avliyo ekanini bildirsa kerak», deb javob beradi.

Inson o‘zidan qochib ketolmaydi. Rivoyatda keltirilganidek, odam qilgan qilmishi uchun astoydil afsuslanib harakat qilsa, xatolarini tuzatishi mumkin. Ammo unga xatosini anglatishi kerak bo‘lganlarning o‘zi xato yo‘lda bo‘lsa-chi? Agar ona qizidagi qo‘li egrilikning ilk belgilarini sezgandayoq, bu yo‘ldan qaytarganda bugun tengdoshlari qatori uyida, ota-onasi bag‘rida yurmasmidi?

Bolani mehnatga o‘rgatish, uni to‘g‘ri yo‘lga solish naqadar qiyin. Agar Lola Nuriddinovaning ota-onasi o‘z vaqtida qo‘ni-qo‘shnilar, o‘qituvchilar so‘zini to‘g‘ri qabul qilganida, uning tarbiyasi bilan shug‘ullanganida, bugun mahalladoshlaridan uyalib, boshqa manzilga bosh olib ketishga majbur bo‘lmasmidi?

Endi Lolaning taqdiri qanday kechadi, u o‘z qilmishlaridan to‘g‘ri xulosa chiqara olarmikin? Nomiga tushgan dog‘ni ketkazish uchun qanday harakat qiladi, rivoyatdagi akaning yo‘lidan boradimi yoki inisining?

Charos Mannonova, jurnalist

Mavzuga oid