O‘zbekiston | 12:30 / 05.10.2022
33816
2 daqiqa o‘qiladi

Grin-karta mavsumi boshlanmoqda

​​​​​​​AQShga ko‘chib ketish imkonini beruvchi DV-2024 lotereyasi uchun arizalar qabuli bugun, Toshkent vaqti bilan soat 21:00dan boshlanadi.

Foto: Getty Images

Lotereyada ishtirok etish uchun talabgorlar dvprogram.state.gov sayti orqali ariza-anketa to‘ldirishi lozim. Anketa to‘ldirish va lotereyada ishtirok etish bepul.

Arizalar qabuli 8 noyabr Toshkent vaqti bilan soat 22:00ga qadar davom etadi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi talabgorlarni muhlatning oxiriga qadar kutmaslikka chaqirdi: so‘nggi kunlarda sayt ishida texnik nosozliklar kuzatilishi mumkin.

Diversity Visa Program – turli millat vakillari uchun viza dasturi bo‘lib, Amerikaga immigratsiya ko‘rsatkichlari tarixan kam bo‘lgan xalqlar vakillarining AQShga ko‘chib kelishiga imkoniyat berish uchun joriy etilgan. Bu orqali Amerika xalqini tashkil etuvchi millatlar xilma-xilligini oshirib borish ko‘zda tutilgan.

Lotereya orqali har yili dunyo bo‘ylab 55 ming kishiga grin-karta beriladi. Biroq lotereyada bundan ikki barobar ko‘p odam g‘olib deb topiladi. Xususan, DV-2023 lotereyasida 119 262 kishi tasodifiy ravishda tanlab olingan. Aytilganidek, tanlab olinganlarning faqat 55 ming nafariga viza nasib qiladi. Qolganlar turli sabablar bilan, xususan hujjatlaridagi kamchiliklar va suhbatdan o‘ta olmagani uchun grin-karta ololmaydi.

DV g‘olibi bo‘lgan holda AQSh rezidenti bo‘lganlar 10 yil davomida AQShda doimiy yashashlari, shundan so‘ng muddatni uzaytirgan holda 5 yildan keyin fuqarolik olishlari ham mumkin. Dastlabki 15 yil davomida ular saylash va saylanishdan tashqari Amerika fuqarolariga berilgan deyarli hamma huquqlardan foydalana oladi.

Grin-karta orqali AQShga borish bo‘yicha o‘zbekistonliklar yuqori o‘rinlarda turadi. DV-2023 mavsumida O‘zbekistonning 5511 nafar fuqarosiga yutuq chiqqan. Bu – dunyo bo‘yicha uchinchi ko‘rsatkich.

Mavzuga oid