O‘zbekiston | 14:39 / 06.10.2022
21857
4 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt savdo rastalarida arzon sut nega yo‘qolib qoldi?

Toshkent shahridagi savdo do‘konlari va supermarketlarda kuzatilayotgan sut tanqisligi tufayli narxlarning keskin oshishi ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Do‘kon sotuvchilari bunga sabab qilib do‘konga mahalliy ishlab chiqaruvchilarning qadoqlangan sut mahsuloti yetkazilmayotgani, chunki sut bazaning o‘zida ham qolmaganini ko‘rsatishmoqda.

«Sut yo‘q. Bugunning o‘zida ellikdan oshiq odam shu mahsulotni so‘rab kirishdi. Tarqatiladigan joyida yo‘q, olib kelishmayapti. Kecha ham bor edi, odamlar bir olganda ikki-uchtadan xarid qilishdi. Sut nega yo‘q desak, o‘t yo‘q, yem qimmat, mollar tog‘ga qochib ketdi, deydi har doim sut olib keladigan vositachi yigit», — deya yarim hazil, yarim chin javob berdi Yunusobod 11-mavzeda savdo qiladigan do‘kondorlardan biri.

Korzinka.uz va Makro singari katta savdo markazlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sutlar kishi boshiga ikkita ba’zi joylarda to‘rttadan ortiq sotilmayapti.

Bugun, 6 oktabr holatiga ko‘ra, rastalardan shu sutlar ham yo‘qoldi. Yunusobod Megaplanet savdo majmuasida joylashgan Makro riteyleri sut rastasida faqatgina Rossiya va Litvadan import qilingan sutlarni ko‘rish mumkin. Ularning narxini esa oddiy aholi cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Misol uchun, Rossiyaning «Prostokvashino» nomi ostida qadoqlangan yog‘liligi 1,5 foizli sutlar 24 590 so‘m, 2,5 foizligi 27 590 so‘m va 3,2 foizligi 29 990 so‘mdan savdoga chiqarilgan.

 

Narxlar mahsulot taqchilligi vujudga kelgani sabab keskin oshganini ko‘rish mumkin. Chunki aynan «Prostokvashino» sutining 3,2 foizligi avgust oyida mazkur supermarketda 14 490 so‘mdan sotilgan.

«Laktel», «Musaffo» singari o‘zimizda ishlab chiqariladigan sut kelmayapti. Ishlab chiqaruvchilar xaridorlar soniga hisoblab odam boshiga to‘rttadan ortiq berishmayapti», — deydi Korzinka supermarketi xodimi.

Ijtimoiy tarmoqlarda sut narxi oshishi va rastalardan yo‘qolib qolishining asosiy sababi sifatida hozirda sotuvlar bo‘yicha dunyodagi eng yirik oziq-ovqat qadoqlash ishlab chiqaruvchisi Tetra Pakning Rossiya bozorlaridan ketgani ko‘rsatilmoqda.

Savdo rastalarida milliy brendlarning sut mahsulotlari: tvorog, qatiq, kefir, yogurt, ayron, qaymoq kabilar bor, faqatgina sut yo‘qolib qolgani bu ma’lumotning nechog‘lik haqiqatga yaqin ekanini ko‘rsatadi. «Laktel» firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan shokoladli kokteyl qadog‘ining Germaniyada ishlab chiqarilganini ko‘rish mumkin.

Qadoqlash muammosini sut ishlab chiqarishni to‘xtatish yoki odam boshiga hisoblab berish bilan hal qilib bo‘lmaydi. Kunlar sovigani sari aholining sutga bo‘lgan ehtiyoji oshib boradi. Sut ayniqsa yosh bolalarning ovqatlanish ratsionida keng o‘rin egallagani muammoga jiddiyroq e’tibor qaratish lozimligini bildiradi.

Bu foydali tabiiy mahsulotning bozorlardan yo‘qolib qolishi narxning yanada oshishiga sabab bo‘ladi. Hozircha bu holat faqat poytaxtda kuzatilmoqda. Agar vaziyat shundayligicha qolaversa, butun respublikada sut taqchil mahsulotga aylanib ketishi ehtimoldan xoli emas.

Shu bois, sutni boshqa usullarda qadoqlash yo‘llarini o‘ylash, masalan shisha va plastik idishlarda, mavjud muammoni imkon qadar tezroq bartaraf etish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Charos MANNONOVA, jurnalist

Mavzuga oid