O‘zbekiston | 12:00 / 17.10.2022
4930
4 daqiqa o‘qiladi

“Turonbank stipendiyasi” - intellektga kiritilgan investitsiya!

Foto: Turonbank

Sir emaski, dunyoda eng qimmatbaho mahsulot, taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuch yoki iqtisodiyotni rivojlantiruvchi drayver ham so‘zsiz bu ilm, bilim va fandir. Agarda intellekutual faollik bo‘lmasa, fundamental o‘zgarishlarga erishish va strategik marralarni zabt etishning hech ham imkoni yo‘q. So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan sezilarli islohotlar fonida ayni shu qat’iy tamoyil aks etadi. Bu yo‘lda yangicha fikrlaydigan, global davrning zamonaviy chaqiriqlariga mos, jahon trendidagi ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan alfa avlodni tarbiyalash davlatimiz rahbarining eng oliy maqsadlaridan biridir.

Foto: Turonbank
Foto: Turonbank

Albatta, bunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularga sharoit va imkoniyatlar yaratish, g‘oya hamda tashabbuslarini tinglash muhim sanaladi. Umumiy personalning qariyb 33 foizini navqiron o‘g‘il-qizlar egallagan “Turonbank” ATBda bu borada noodatiy tizim va yaxshi tajriba shakllangan. Ya’ni moliya va iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni o‘qish vaqtidayoq amaliyotga jalb etib, o‘zaro kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish orqali salohiyatli kadrlar zaxirasini yaratish bo‘yicha ta’lim klasterini tashkil etish.

Foto: Turonbank
Foto: Turonbank

Mazkur sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida bu yildan joriy etilgan “Turonbank stipendiyasi” loyihasini ham keltirish mumkin. Ushbu motivatsion g‘oyaning ahamiyati shundaki, uning doirasida eng iqtidorli va o‘z bilimi bilan OTMga yuqori ball to‘plab qabul qilingan yoshlar qamrab olinadi. Maqsad esa faol ilm-fan egalarini rag‘batlantirish. Hozirning o‘zidayoq butun respublika miqyosidan 100 nafar stipendiat tanlab olingan va ularga maxsus sertifikatlar ham topshirildi. Eng muhimi, to‘lov – kontrakt asosida qabul qilingan talabalarning ko‘pchiligiga to‘liq o‘qish davri uchun kontrakt pullari ham to‘lab berilishi ta’minlandi. Shuningdek, ular ta’limning 3-bosqichidan boshlab, “Turonbank”da amaliyot o‘tashlari va aniq ishga jalb etilishlari mumkin.

Foto: Turonbank

Ayni tashabbusni huquqiy jihatdan mustahkamlash bo‘yicha “Turonbank” ATB hamda Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti shuningdek, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Foto: Turonbank
Foto: Turonbank

Malakali kadrlar tayyorlash tizimini kompleks rivojlantirishga qaratilgan bu kabi loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun “Turonbank” ATB oliygohlarda maxsus o‘quv eksperimental baza sifatida “Innovatsion ilmiy-amaliy markaz”larni ham yo‘lga qo‘ygan. U orqali bankning yetuk mutaxassislari moliya va iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ochiq darslar tashkil etib, amaliyotdagi ish uslublari bilan ularni yaqindan tanishtirishmoqda. Bu nazariya va amaliyotning ijobiy uyg‘unlashishiga katta hissa qo‘shyapti desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Foto: Turonbank
Foto: Turonbank

Albatta bu tashabbus va loyihalarning zamirida davlatimiz rahbarining “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ishonamizki, bu kabi keng qamrovli ishlar natijasi yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi va saviyali kadrlar tayyorlash yo‘nalishida yaxlit klaster tizimi yaratiladi. Zero, prezidentimiz ta’biri bilan aytganda biz ma’rifat borasida “iligi to‘q” xalqmiz.

Reklama

Mavzuga oid