Yerga kuchli magnit bo‘ronlari yopirilishi kutilmoqda
Yer sayyorasini so‘nggi yillardagi eng uzoq vaqt davom etadigan kuchli magnit bo‘ronlari kutmoqda. Bu ob-havo o‘zgarishlariga ta’sirchan odamlarning sog‘lig‘iga xavf solishi mumkin.
Astronomlarning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda hamma narsa bir nuqtada birlashadi: stress, kuzning eng qiyin davri va qatorasiga 17 kunlik magnit bo‘ronlari. Hatto mutlaqo sog‘lom odamlar ham Quyoshning bunchalik «bezovtalanishi»dan o‘zini noxush his qilishi mumkin.
Magnit bo‘ronlarining dastlabki belgilari 20 oktabr kuni paydo bo‘ladi. «Atmosfera bezovtalanishi» 4 ballga baholangan. Odatda bunday bo‘ron ahamiyatsiz hisoblanadi. U texnikalar yoki sog‘liq uchun jiddiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
«Yuqori fon 21 oktyabrgacha saqlanib turadi. So‘ngra, 4-5 kun davomida «tinchlanadi». Shundan so‘ng, qatorasiga 17 kunlik magnit bo‘ronlari kuzatiladi», deb ogohlantiradi mutaxassislar.
Rossiya fanlar akademiyasining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi xabariga ko‘ra, 30 oktyabr, 2- va 5-noyabr kunlari «bezovtalanish» nihoyatda kuchayadi.
«Quyoshdagi dog‘larining katta guruhi chaqnash manbai hisoblanadi. Ayrimlarining o‘lchami Yer sayyorasidan ham katta. Hozir hammasi tinch, quyosh faolligi past. Quyosh diskining yuzasidagi dog‘lar oddiy magnit maydonlarga ega. Lekin bu sukunat aldamchi», deyiladi laboratoriya xabarida.
Shifokorlar uzoq davom etadigan magnit bo‘roniga oldindan tayyorgarlik ko‘rishni maslahat berishadi. Buning uchun sog‘lom turmush tarzini olib borish, to‘yib uxlash, ko‘proq dam olish, iloji bo‘lsa, asabiylashishdan saqlanish talab etiladi. Toza havoda sayr qilish ham foydali.
Surunkali kasalligi bo‘lgan odamlar shifokorlar tomonidan belgilangan dori-darmonlarni qat’iy ravishda jadvalga muvofiq qabul qilishi lozim. Yengil va oddiy ovqatlar iste’mol qilish, ko‘proq suv ichish tavsiya etiladi.