Jahon | 14:05 / 21.10.2022
9982
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqida bolalar uchun «omikron»ga qarshi vaksinalar ma’qullandi

Yevropa komissiyasi olti oylikdan katta bolalarni emlash uchun COVID-19’ga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchilar - Pfizer va Moderna vositalaridan foydalanishni ma’qulladi. Shuningdek, Yevropa ittifoqida «omikron» variantiga qarshi yangi Moderna vaksinasidan foydalanish tasdiqlandi. 

Foto: rte

Yevropa komissiyasi (YeK) 20 oktyabr, payshanba kuni olti oylikdan to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlash uchun Pfizer/BioNTech va Moderna kompaniyalarining COVID-19’ga qarshi vaksinalaridan foydalanishni ma’qulladi. Shu tariqa, YeK Yevropa dori agentligi (YeMA) tavsiyalarini qabul qildi. Ilgari ikkala vaksina ham kattalar hamda besh yoshli (Pfizer) va olti yoshdagi (Moderna) bolalar uchun tasdiqlangan. 

To‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun emlash dozalari sezilarli darajada past bo‘ladi. EMA mutaxassislarining fikriga ko‘ra, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu doza tanani infeksiyadan himoya qilish uchun yetarli. Hozirda Yevropa ittifoqining turli mamlakatlarida chaqaloqlar va yosh bolalarni ommaviy emlash masalasi muhokama qilinmoqda.  

Bundan tashqari, Yevropa komissiyasi SARS-CoV-2’ga qarshi modifikatsiyalangan Moderna Spikewax vaksinasini koronavirus omikron variantining BA.4 va BA.5 subvariantlariga qarshi foydalanish uchun tasdiqladi. Shu bilan birga, ushbu vaksina koronavirusning oldingi variantlariga qarshi samarali bo‘lib qolmoqda, deb ta’kidladi EMA mutaxassislari. Ular Spikewax’dan joriy kuz/qish mavsumida kattalar hamda 12 va undan katta yoshdagi bolalar uchun kuchaytiruvchi vosita sifatida foydalanishni tavsiya etyapti. 

«Yevropada infeksiya holatlari yana ko‘paymoqda, shuning uchun bu qishda hamma o‘z himoyasini emlash va takroriy emlashlar bilan kuchaytirishi muhim», deb yozdi Yevropa komissari Stella Kariakides Twitter’da. 

Germaniyada oktabr oyida koronavirus bilan kasallanish o‘sishda davom etmoqda. 19 oktyabr holatiga ko‘ra, Germaniyadagi kasalxonalarda koronavirus bilan kasallanganlar soni 24 000 dan oshdi, bu yozgi to‘lqinning eng yuqori cho‘qqisiga teng. Shifokorlar kelgusi haftalarda bemorlar yana ko‘payishi kasalxonalarning haddan tashqari yuklanishiga olib kelishidan xavotirda, shu jumladan xodimlar orasida kasallanishning ko‘payishi tufayli xodimlar yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin.

Mamlakat kovidga qarshi ayrim cheklovlarni, jumladan yopiq joylarda majburiy niqob taqishni qaytarish imkoniyatini muhokama qilmoqda. 

Mavzuga oid