Jahon | 20:55 / 25.10.2022
27565
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda birinchi prezident sharafiga atalgan joylar nomi o‘zgartirildi

Turkmanistonda birinchi prezident Saparmurod Niyozov va uning onasi Gurbansulton ejye sharafiga atalgan shahar va qishloqlar nomi o‘zgartirildi. 

Foto: Alamy Stock Photo

Turkmanistonning Xalq Maslahati (Xalq Kengashi, Milliy Gengesh palatalaridan biri — parlament) yig‘ilishida ma’muriy-hududiy islohot o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Uni sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedov olib bordi. 

Qarorga ko‘ra, «aholining qishloq joylari tarixiy nomlarini tiklash borasidagi taklif va murojaatlari inobatga olinib» 2 ta etrap, 3 ta shahar, 4 ta aholi punkti, 3 ta gengeshlik, shuningdek, 21 ta qishloq nomi o‘zgartirildi. 

Ularning orasida birinchi prezident Saparmurod Niyozov va uning onasi Gurbansulton ejye sharafiga nomlangan joylar ham bor. 

Jumladan, Dosho‘g‘iz viloyati, Go‘ro‘g‘li etrapidagi Saparmurod Niyozov nomli qishloqqa Bedirkent, G‘allachi gengeshligidagi Saparmurod Niyozov nomli qishloqqa G‘allachi, Saparmurod Niyozov nomidagi etrap va Niyazov nomli shaharga Shovot nomi berildi. 

Shuningdek, Sahro gengeshligidagi Gurbansulton ejye nomli qishloq - Yakkatut, Gurbansulton ejye nomli gengeshlik - Qiziljagala, Gurbansulton etrapidagi Gurbansulton shahri - Andalip bo‘ldi. 

Saparmurod Niyozov 1991-2006 yillar davomida Turkmanistonning birinchi (va o‘limiga qadar abadiy) prezidenti bo‘lgan. Uning hayotligida ko‘plab qishloqlar, shaharlar, ko‘chalar, zavodlar, kolxozlar, maktablarga o‘zining va ota-onasi Otamurod bilan Gurbansulton ejye nomi berilgan. 

Gurbanguli Berdimuhamedov prezident bo‘lgach, Niyozov va uning yaqinlari nomini olgan qishloq va shaharlar soni kamaymoqda. 

Mavzuga oid