O‘zbekiston | 16:58 / 27.10.2022
14448
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘z hududida Eron harbiy texnikasini yig‘maydi - TIV

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eron harbiy texnikasi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha bayonot berdi.

Foto: KUN.UZ

Internetda ukrainalik jurnalist va bloger Dmitriy Gordonning isroillik tadbirkor Leonid Nevzlin bilan videointervyusi tarqalib, unda Eronning uchuvchisiz uchoqlari (dron) O‘zbekiston hududida yig‘ilayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan.

O‘zbekiston TIV bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston Eron bilan harbiy-texnik sohada hamkorlik qilmaydi va o‘z hududida Eron harbiy texnikasini yig‘maydi.

Bildirilishicha, hozirgi vaqtgacha Ukraina tomonidan ham, boshqa xorijiy hamkorlardan ham «Eron dronlarini yig‘ish» masalasi bo‘yicha rasmiy murojaatlar kelib tushmagan.

«Shu munosabat bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukraina rasmiy hukumatiga Ukraina ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston to‘g‘risida ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday asossiz ayblovlar va boshqa ishonchsiz ma’lumotlar tarqatilishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishni so‘rab murojaat qiladi», deyiladi bayonotda.

Bundan oldin O‘zbekiston Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi ayrim xabarlarda tarqalgan O‘zbekistonda Ukrainadagi qurolli mojarolarda qo‘llanayotgan Eron jangovar uchuvchisiz uchish apparatlari (dron) yig‘ilayotgani haqidagi ma’lumotni rad etgandi.

Shu bilan birga, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi O‘zbekiston eronlik hamkorlar bilan birgalikda qurol-yarog‘ va harbiy texnika ishlab chiqarmagani va ishlab chiqarmayotganini ham ta’kidlab o‘tdi.

Mavzuga oid