Jahon | 09:59 / 31.10.2022
30491
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda ko‘prik qulashi: 141 kishi halok bo‘lgan

Hindiston g‘arbidagi Gujarot shtatida ko‘prik qulashi oqibatida 141 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar soni oshishi mumkin: hozircha ko‘plar bedarak ketgan deb hisoblanmoqda. Ko‘prik uzoq davom etgan ta’mirlash ishlaridan keyin qayta ochilgandi.

Foto: Getty Images

BBC’ning Janubiy Osiyo bo‘yicha muxbiri Yogita Limayye xabar berishicha, dushanba tongiga kelib 141 kishining o‘limi tasdiqlangan.

Politsiya hisoblariga ko‘ra, 170 kishi qutqarilgan, 15 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Qurbonlarning ko‘pchiligi ta’til vaqtida hindlarning asosiy bayramlaridan biri Divalini nishonlash uchun ota-onalari bilan kelgan bolalardir.

Morbi shahridagi Machxu daryosi uzra o‘tgan ko‘prik yarim yil davom etgan ta’mirlash ishlari yakunlanib, qayta ochilganidan bir necha kun o‘tgach qulab tushdi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, ko‘prik qulashi vaqtida unda taxminan 500 kishi bo‘lgan. Natijada ko‘prik ilinib turgan troslar uzilib ketgan va odamlar daryoga qulagan.

Qutqaruvchilar tun bo‘yi omon qolganlarni va qurbonlarning jasadlarini qidirishdi. Foto: AFP

Ko‘prik qulagach olingan kadrlarda o‘nlab kishilar trosslar va konstruksiya qoldiqlariga osilib turganini ko‘rish mumkin. Ayrimlar konstruksiya bo‘laklariga chiqib olib, sohilgacha suzib borishga uringan.

Osma ko‘prik sayyohlar orasida mashhur edi. 230 metr uzunlikdagi qurilma XIX asrda Britaniya boshqaruvi vaqtida qurilgan.

Ayni vaqtda o‘z ona vatani Gujarot shahrida uch kunlik tashrif bilan bo‘lib turgan Narendra Modi shtat bosh vaziriga zudlik bilan qutqaruv amaliyoti uchun jamoalarni tayyorlashni buyurgan.

Modi fojiadan chuqur qayg‘uda ekanini aytgan. U jabrlanuvchilarga va qurbonlarning yaqinlariga tovon puli to‘lab berilishini ma’lum qilgan.

Ko‘prikdagi fojia Gujarotda yil oxiriga belgilangan saylovlar arafasida sodir bo‘ldi.

Modining hukmron partiyasining hozirgi vakolatlari 2023 yil fevralida yakunlanadi.

Mavzuga oid