O‘zbekiston | 13:51 / 01.11.2022
7713
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ko‘magida Mozori-Sharif xalqaro aeroporti qayta tiklandi

O‘zbekiston ko‘magida rekonstruksiya qilingan Mozori-Sharif xalqaro aeroporti ochilish marosimi tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: UzA

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev,  transport vaziri Ilhom Mahkamov, «O‘zaviatsiya» agentligi, «O‘zaeronavigatsiya markazi», Uzbekistan Airports, «O‘zgidromet» vakillari Afg‘onistonda Mavlono Jaloliddin Balxiy nomidagi Mozori-Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish jarayoni yakuniga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Afg‘onistonning Balx viloyati Mozori-Sharif shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanda aeroport faoliyatini tiklash bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilgani, qisqa vaqt ichida aeroport haftasiga 4 ta mahalliy va 1 ta xalqaro havo qatnoviga xizmat ko‘rsata boshlagani qayd etildi.

Texnik ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha Mozori-Sharif aerodromi uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi, havo kemalari uchun burilish yo‘laklari va to‘xtab turish joylaridagi belgilar bo‘yog‘i to‘liq yangilangan. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» tomonidan hudud elektr va yorug‘lik-texnik ta’minoti zamonaviy talab darajasiga keltirilgan.

Tadbirda aeroportning qurilishi tugallangan obektlarini foydalanishga  topshirish va faoliyatni tiklash uchun zarur jihozlarni qabul qilib olish hujjati imzolandi. 

Delegatsiya Mozori-Sharifga tashrifi aeroport elektr ta’minotini boshqarish punkti ochilish marosimidagi ishtiroki bilan davom etdi. Ikki tomon transport vazirlari an’anaviy ramziy qizil bog‘ichni kesganlaridan so‘ng yig‘ilganlarga mazkur texnologiya xususida ma’lumot berildi.

O‘tgan bir yil mobaynida O‘zbekiston aeroportlarida faoliyat yuritayotgan yetuk mutaxassislar Afg‘oniston mazkur aeroportiga jalb qilindi. Ular yordami bilan aeroport uchish-qo‘nish, burilish yo‘laklari, havo kemasi turargohlaridagi mavjud nuqsonlar, kamchiliklar bartaraf etildi.

Uchish-qo‘nish yo‘lagi yoritish-signal moslamalari ham ta’mirlandi. Aeroport tungi paytda ham, noqulay ob-havo sharoitida ham parvozlarni qabul qila olish imkoniga ega bo‘ldi. Kuz va qish mavsumiga to‘liq tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu ko‘mak O‘zbekiston tomonidan afg‘on xalqiga, Mozori-Sharif aeroportiga texnik vositalar yetkazib berish yo‘li bilan amalga oshirildi.

Mavzuga oid