O‘zbekiston | 19:18 / 02.11.2022
10610
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda shifokorni do‘pposlagan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Avvalroq Kun.uz’da Surxondaryo viloyati Angor tumanida uch nafar shaxs shifokorni do‘pposlagani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovga ko‘ra, shifokorlarni do‘pposlagan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlanishicha, 2022 yil 27 oktabr kuni taxminan soat 15:00 da Angor tumani Navro‘z mahallasi hududida joylashgan tibbiyot birlashmasi binosining birinchi qavatida Termiz shahar Pattakesar mahallasida yashovchi D.S. va Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi G.I.lar hech bir sababsiz janjal ko‘tarib, ushbu tibbiyot birlashmasi travmatolog shifokori E.Jumageldiyevni urib, yengil tan jarohati yetkazgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 2022 yil 1 noyabr kuni Angor tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan D.S. va G.I.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov harakatlari tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Kecha, 2022 yil 1 noyabr kuni Angor tumani hokimligi axborot xizmati va Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati shifokorni uch kishi do‘pposlagani va holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani haqida xabar bergandi.

Avvalroq, Denov tumanida hamshira, 2022 yil 12 oktyabrda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida «Tez yordam» shifokori, 16 oktyabr kuni Mirobod tumanida «Tez yordam» shifokori va haydovchisi do‘pposlangandi.

2022 yil 19 oktyabr kuni Qashqadaryo bemorning o‘g‘li shifokorni do‘pposlagan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid