Jahon | 15:55 / 10.11.2022
11864
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiy davlatlar tashkilotiga yangi bosh kotib tayinlandi

Turkiy davlatlar tashkilotida bosh kotib o‘zgardi.

Foto: Akipress

So‘nggi uch yilda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi vazifasini bajarib kelgan Bog‘dod Kultayevich Amreyevning vakolat muddati tugadi.

Ushbu lavozimga Kubanichbek Qosimovich Omuraliyev tayinlandi. Kubanichbek Omuraliyev 1960 yil 15 sentabrda Issiqko‘l viloyati Ton tumanida tug‘ilgan. U qirg‘izistonlik diplomat bo‘lib, Qirg‘iziston favqulodda va muxtor elchisi hisoblanadi. Kubanichbek Omuraliyev 2021 yil iyulidan Qirg‘izistonning Isroildagi elchisi sifatida ishlab kelayotgandi.

Tashkilot bosh kotibligi muddati — uch yil. 

Ma’lumot uchun, 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan tadbirda Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etadi.

Sammit kun tartibidan iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport, innovatsiya, ekologiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalari o‘rin olgan. 

Yakunda Samarqand deklaratsiyasi hamda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan boshqa muhim qaror va hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid