Jahon | 19:20 / 13.11.2022
39496
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbul markazida portlash: qurbonlar bor

Shaharning gavjum ko‘chalaridan birida terrorchi portlovchi qurilmani harakatga keltirgani aytilmoqda. Terakt oqibatida olti kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar yaralandi.

Foto: CNN Turk

Turkiyaning Istanbul shahrida sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Istiqlol ko‘chasida portlash sodir bo‘ldi.

Voqea joyida olingan videolarda yerda yotgan odamlar aks etgan.

Istanbul gubernatori Ali Yerliqoya Istiqlol ko‘chasidagi portlash oqibatida qurbonlar borligini ma’lum qildi. U tafsilotlarni keltirmagan.

«Bugun soat 16.20 atrofida Istiqlol ko‘chasida portlash ro‘y berdi. Voqea joyiga xavfsizlik xizmatlari, shifokorlar, o‘t o‘chirish xizmati va avariya-qutqaruv xizmatlari yo‘llangan. Qurbonlar va yaralanganlar bor. Voqealar rivoji jamoatchilikka ma’lum qilib boriladi», deya yozgan u.

Mahalliy OAVda dastlab kamida to‘rt kishi halok bo‘lgani, 36 kishi yaralangani xabar qilindi. 

Keyinroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an qurbonlar soni 6 nafarligi, 53 kishi yaralanganini ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlovchi qurilmani xudkush terrorchi harakatga keltirgan. Istanbul prokuraturasi hodisani terrorchilik akti sifatida baholadi.

«Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, gap terakt haqida ketmoqda, bu xudkush terrorchi bo‘lishi mumkin; shuningdek portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan sumka haqida aytishmoqda», deya xabar beradi CNN Turk muxbiri Fulya O‘zturk.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videolarda portlash vaqtida ko‘cha odamlar bilan gavjum bo‘lganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi hodisa yuzasidan munosabat bildiri, hozirga qadar hodisa oqibatida jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari mavjudligi haqida ma’lumot yo‘qligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid