Jahon | 08:09 / 14.11.2022
8670
3 daqiqa o‘qiladi

Latviya prezidenti Rossiya bo‘yicha maxsus tribunal tashkil etishga chaqirdi

Germaniya Bundestagida so‘zlagan Egils Levits xalqaro huquqdagi bo‘shliq va Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzini xalqaro tergov qilish zarurligiga ishora qildi.

Foto: Picture Alliance

Latviya prezidenti Egils Levits Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini tekshirish uchun maxsus tribunal yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. U 13 noyabr, yakshanba kuni Germaniya Bundestagida Milliy qayg‘u kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zga chiqib, jahon hamjamiyatini Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzini tekshirish va huquqiy baho berishga chaqirdi.

Levits Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini tergov qilish hali hech bir xalqaro sud vakolatiga kirmasligini «xalqaro huquqdagi bo‘shliq» deb atadi. Siyosatchining fikricha, huquqiy nuqtayi nazardan maxsus tribunal tuzish mumkin, bunga faqat siyosiy iroda kerak.

U G‘arb davlatlari tomonidan muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlarini Ukrainani tiklashga yo‘naltirish uchun qonuniy imkoniyatlar yaratishni taklif qildi. Bu oddiy adolatning yaqqol ko‘rinishi bo‘lar edi, deya ta’kidladi Latviya prezidenti. Yevropa o‘z mudofaasiga to‘g‘ri sarmoya kiritib, demokratiya va Yevropa qadriyatlari uchun kurashayotganlar bilan birdamlik ko‘rsatishi kerak, dedi u nemis tilida so‘zlagan nutqida.

«Xalqaro huquqqa asoslangan dunyo tartibi bo‘lmasa, dunyo yana jangovar anarxiyaga tushib qoladi», deya qo‘shimcha qildi Levits Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Ikkinchi jahon urushi davridagi Germaniya milliy sotsializmi o‘rtasidagi o‘xshashliklarni keltirib. Latviya prezidenti nemis jamiyatining demokratik qadriyatlar mustahkam poydevori barpo etilgan «o‘tmishini shafqatsiz fikrlashini»ini ijobiy baholadi. O‘z navbatida, rus jamiyati, uning so‘zlariga ko‘ra, buni qilmadi.

«O‘tmishni baholashdek qiyin ishni bajara olmaslik rus imperializmining qo‘pol mafkurasini qayta tiklashga yo‘l ochdi», dedi Levits. U bu mafkuraga qarshi muvozanat sifatida demokratiyani ichki va tashqi tomondan mustahkamlashga chaqirdi. Tarix shuni ko‘rsatadiki, demokratiyaning zaifligi urush va zo‘ravonlikka olib kelishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.

Germaniyada Milliy qayg‘u kunida urushlar va hokimiyatning o‘zboshimchaliklari qurbonlari xotirasi yodga olinadi. U 1952 yildan beri birinchi adventdan ikki hafta oldin, noyabr oyida nishonlanadi. Har yili bu kunda Bundestagda rasmiy xotirlash marosimi o‘tkaziladi. Bu yil asosiy e’tibor Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga qaratildi, Egils Levits taklif etilgan ma’ruzachi sifatida qatnashdi.

Mavzuga oid