O‘zbekiston | 12:33 / 15.11.2022
39421
2 daqiqa o‘qiladi

Ruslanbek Davletov prezident maslahatchisi etib tayinlandi

2017 yildan buyon O‘zbekiston Adliya vazirligini boshqarib kelayotgan Ruslanbek Davletov prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tkazildi.

Foto: Kun.uz

Prezident farmoni bilan, Ruslanbek Quroltoyevich Davletov prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u shu munosabat bilan adliya vaziri lavozimidan ozod etilgan.

Prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi yangi ta’sis etilgan.

Kun.uz manbalarining ma’lum qilishicha, Adliya vazirligining yangi rahbari lavozimiga Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Akbar Toshqulov va Buxoro viloyati prokurori Mahmud Istamovning nomzodlari ko‘rib chiqilayotgan bo‘lishi mumkin. Ularning ikkisi ham muqaddam adliya vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Ruslanbek Davletov 1980 yil Xorazm viloyatida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy. 4 ta oliy ta’lim muassasasi (jumladan, 2001 yilda Buyuk Britaniya Varvik universiteti, 2003 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (magistratura), 2007 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, 2010 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi)ni tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 2001 yilda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlab, keyinroq mazkur qo‘mitaning bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan.

2004–2012 yillarda Vazirlar Mahkamasining huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, 2012–2014 yillarda – Oliy sud qoshidagi sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, direktor v. b. lavozimlarida faoliyat olib borgan.

2014–2016 yillarda Prezident devonining Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik xizmatining Senat va Qonunchilik palatasi tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sektori mudiri bo‘lgan.

Ruslanbek Davletov 2017 yil avgustidan buyon Adliya vazirligi rahbariyatini boshqarib kelayotgandi.

Mavzuga oid