Jahon | 16:59 / 18.11.2022
5127
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy internetdagi senzurani kuchaytirdi

15 dekabrdan kuchga kiradigan yangi qoidalar sayt egalaridan «zararli» izohlarni filtrlashni talab qiladi, aks holda ularga bir qancha jazo choralari xavf soladi.

Foto: Reuters

Xitoyning Internet nazorati tashkiloti 2017 yilda qabul qilingan «Internet sharhlarini e’lon qilish xizmatlarini boshqarish to‘g‘risida»gi nizomning yangilangan versiyasini e’lon qildi, deb xabar berdi South China Morning Post.

Unga ko‘ra, Xitoy ijtimoiy tarmoqlari va veb-video platformalari yangiliklar bilan bog‘liq barcha izohlarni internetga joylashtirilgunga qadar ma’qullashi va «zararli» kontent chiqib ketishining oldini olish uchun senzurani kuchaytirishi lozim. Qoidalar 15 dekabrdan kuchga kiradi.

Maqsad «Internetdagi yangiliklar va sharhlarni tartibga solish, milliy xavfsizlik va jamoat manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish», deyiladi Xitoyning Kibermakon boshqarmasi (CAC) bayonotida.

Talablar barcha turdagi sharhlarni, jumladan, asl postlar, javoblar va videoga beriladigan onlayn sharhlarni ham qamrab oladi.

Ushbu qoidalarni buzganlik uchun saytlar ogohlantirish, jarima, sharh qoldirish funksiyasini yopish, hatto butun faoliyatini to‘xtatib qo‘yish bilan jazolanishi mumkin.

Xitoydagi Weibo va WeChat kabi ijtimoiy media platformasi operatorlari hali yangi qoidalarga munosabat bildirmadi. Biroq, allaqachon kalit so‘zlar bo‘yicha xabar va sharhlarni filtrlash algoritmlariga ega. Shuningdek, bunday ko‘nikmaga ega yangi operatorlarni ishga olishni boshlab yuborgan.  

CAC yangi reglamenti Xitoyda koronavirus siyosati bilan bog‘liq noroziliklar ortib borayotgan paytda paydo bo‘lmoqda. So‘nggi paytlarda ommaviy cheklovlar va karantinlar tufayli, ko‘plab odamlar g‘azabini bildirish uchun jonli efir saytlari va ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilib, cheklovlarni yumshatishni talab qilayotgan edi.

Mavzuga oid