Jahon | 15:04 / 19.11.2022
11023
3 daqiqa o‘qiladi

Xersonda okkupantlar yuzlab odamlarni noqonuniy hibsga olgan - Conflict Observatory 

Xerson viloyatida okkupantlar tomonidan hibsga olinganlarning kamida 55 nafari qiynoqqa solingan. 22 kishi talon-toroj qilingan, olti nafari yaqinlariga tahdid qilingan, yana olti nafari zo‘rlangan.

Foto: Reuters

2022 yilning martidan oktyabrigacha Rossiya tomonidan bosib olingan Xerson viloyatida 226 kishi noqonuniy hibsga olingan, ularning aksariyati izsiz g‘oyib bo‘lgan. Kamida 55 mahbus qiynoqqa solingan, 22 kishi talon-toroj qilingan, olti nafarining yaqinlariga tahdid qilingan, yana olti nafari zo‘rlangan. Bundan tashqari, ruslar 12 mahbusni tashviqot videolarida ko‘rinishga majburlagan. Kamida besh kishi hibsga olish paytida yoki ozod etilganidan ko‘p o‘tmay vafot etgan. Hujjatlar bilan tasdiqlangan bu ma’lumotlar 18 noyabr, juma kuni AQSh Davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan Conflict Observatory tomonidan e’lon qilingan tahliliy hisobotda keltirilgan.

Hibsga olingan va o‘g‘irlanganlarning mutlaq ko‘pchiligi - 87 foizi - erkaklardir, ular asosan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan (79 foiz).

Aksariyat hollarda rossiyaliklar amaldagi yoki sobiq davlat xizmatchilari (60 kishi), fuqarolik jamiyati rahbarlari yoki ko‘ngillilar (33 kishi), o‘qituvchilar (17 kishi), huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik organlarining amaldagi yoki sobiq amaldorlari (9) va jurnalistlarni (7 kishi) qo‘lga olishgan.

Hisobotda alohida qrim-tatar jamiyati a’zolariga nisbatan nomutanosib darajadagi nomaqbul munosabat qayd etilgan. 177 holatda odamlar rossiyalik harbiylar, 27 holatda Federal xavfsizlik xizmati ("FSB") xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Tahlilchilar odamlar ko‘proq qo‘lga olingan, qiynoqqa solingan va so‘roq uchun olib ketilgan 12 ta joyni aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.

Conflict Observatory joriy yilning may oyida Rossiya kuchlari tomonidan Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlar va boshqa vahshiyliklarga oid dalillarni to‘plash, tahlil qilish va taqdim etish uchun tashkil etilgan. Dastur hujjatlashtirish, tekshirish va ochiq manbalardan to‘plangan dalillarni tarqatishni o‘z ichiga oladi.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, bosqin boshlanishidan oldin ham AQSh rasmiylari Rossiyaning Ukrainaning bosib olingan hududlarida potensial muxolifat arboblari va faollarini qo‘lga olish yoki o‘ldirish rejalari haqida xabar berishgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, 226 ta hujjatlashtirilgan holat Xerson viloyatida hibsga olingan va bedarak yo‘qolganlarning haqiqiy sonining faqat bir qismidir.

Agar rasmiy tergov hisobot mualliflarining xulosalarini tasdiqlasa, unda qayd etilgan holatlar ko‘plab xalqaro konvensiyalar, inson huquqlari va insonparvarlik qonunchiligining buzilishi sifatida baholanishi mumkin, deya ta’kidlaydi Conflict Observatory.

Mavzuga oid