Jahon | 18:21 / 25.11.2022
20455
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp yana jinsiy zo‘ravonlikda ayblandi

Jurnalist va yozuvchi Jin Kerrol sobiq prezident ustidan sudga ariza berdi.

Foto: Reuters

Amerikalik jurnalist va yozuvchi Jin Kerroll sobiq prezident Donald Tramp ustidan sudga murojaat qildi va uni 1990-yillarda jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda aybladi. Ayol avvalroq ham siyosatchini ushbu jinoyatda ayblab, ariza bergan edi.

Nyu-Yorkda jinsiy zo‘ravonlik qurbonlariga ko‘p yillar oldin sodir bo‘lgan jinoyatlar bilan bog‘liq da’vo arizasini topshirishga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirgach, Kerrol ushbu huquqdan foydalandi.

Jurnalist yangi arizasida Tramp uni zo‘rlagani va kaltaklaganini, shuningdek, zo‘ravonlik yuz berganini rad etish oqibatida o‘ziga tuhmat qilganini ta’kidlagan.

Uch yil oldin Kerroll sobiq prezidentni 1990-yillarda o‘zini zo‘rlashga uringanlikda ayblagan edi. Kerroll bu holat haqida politsiyaga xabar bermagan, ammo yaqin ikki do‘stiga aytgan. Ular Kerrollning so‘zlarini tasdiqlagan.

Shundan so‘ng, Oq uy o‘z bayonotida bu ayblovlarni «butunlay yolg‘on va haqiqatda bo‘lmagan voqea» deb atadi. Trampning o‘zi ham bu ayblovlarni rad etib, Kerroll «uning didiga mos ayol emasligini» aytdi.

Endi jurnalist Trampdan tovon pulini undirib olmoqchi, uning miqdori qanday bo‘lishi aniq emas.

Birinchi sud eshituvlari 2023 yil fevral oyiga belgilangan. Ammo Tramp advokatlari apellyatsiyasi tufayli uning muddati o‘zgarishi mumkin.

Mavzuga oid