Sport | 15:20 / 29.11.2022
26529
22 daqiqa o‘qiladi

Guruh bosqichida trillerlar, yana ikki jamoa pley-offda. Kun o‘yinlari

Qatardagi jahon chempionatining to‘qqizinchi kunidagi asosiy voqealar, gollar va guruhlarda yuzaga kelgan vaziyat.

Kamerun Serbiya bilan aql bovar qilmas o‘yin o‘tkazdi. Barchasi oyoqda ko‘p o‘ynaydigan darvozabon bilan mojarodan boshlandi

JCh-2022. G guruhi. 2-tur
Kamerun – Serbiya 3:3

Gollar: 1:0 – 29 Kastelletto, 1:1 – 45 Pavlovich, 1:2 – 45+4 Milinkovich-Savich, 1:3 – 53 Mitrovich, 2:3 – 63 Abubakar, 3:3 – 66 Shupo-Moting.
Kamerun – Epassi, Fe, Nkulu, Kastelletto, Tolo, Kunde (Ondua, 67), Zambo-Angissa (Gvet, 81), Ongla (Abubakar, 55), Shupo-Moting, Toko-Ekambi (Bassogog, 67), Mbemo (Nkudu, 81).
Serbiya – Milinkovich-Savich, Velkovich (Babich, 78), Milenkovich, Pavlovich (Mitrovich, 56), Kostich, Milinkovich-Savich (Gruyich, 79), Maksimovich, Lukich, Jivkovich (Radonich, 78), Tadich, Mitrovich.
Ogohlantirishlar: Nkulu (24), Bassogog (30), Yovich (45).

Braziliyaga qarshi serblar yuqori jismoniy tayyorgarlik va ishtiyoq, shuningdek uyushqoq futbol namoyish etishdi. Faqat bolqon jamoasi qanday hujum uyushtirishi tushunarsiz edi. Kamerun brazillarga qaraganda boshqa darajadagi raqib va bu safar Dragan Stoykovichdan ancha dadillik kutish mumkin edi. U tanlagan boshlang‘ich tarkib bu safar hujumkor o‘yin bo‘lishidan darak berdi. Maydondagi futbolchilar ham ilk daqiqalardanoq shunga ishora qilishdi — masalan, Aleksandr Mitrovich ajoyib fint bilan Nkuluni yo‘ldan oldi va aylanma zarbasi bilan darvoza ustunini nishonga oldi.

Serbiyaliklar to‘purari ancha o‘tkir burchakdan hujum qilgani bois, bu vaziyat uchun «Bo‘ysunmas sherlar» darvozaboni Epassiga savollar tug‘ilishi tabiiy. Bu savollar kamerunliklar delegatsiyasi rahbariyatiga ham taalluqli, chunki mamlakatning eng yaxshi darvozaboni Onana zayavkadan tushib qoldi. Bunda darvozabonning «intizomsizligi» sabab qilib ko‘rsatildi. Jamoa kiyim almashtirish xonasida nimalar bo‘lgani ayon emas, ammo jahon futbolining eng nufuzli insayderlaridan biri Fabritsio Romano o‘z versiyasini taqdim etdi.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, Onana bosh murabbiy Rigober Song bilan ziddiyatga borgan. Murabbiyga darvozabonning o‘yin uslubi yoqmagan, «Inter» posboni esa bunga rozi bo‘lmagan va hech narsani o‘zgartirmoqchi emasligini bildirgan. Birinchi turda Onana jarima maydoni tashqarisida to‘pga 26 bor teginib, jahon chempionatlari rekordini o‘rnatgandi. Agar mojaroning asl sababi shu bo‘lsa, dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri Gvardiola Songning qarashlariga qo‘shilmasligi aniq — u oyoq bilan o‘ynashni ham darvozabonning muhim sifatlaridan biri deb hisoblaydi.

Qayd etish kerakki, Onana «Ayaks»da ham, «Inter»da ham, terma jamoada ham doim yaxshi harakat qilgan va u o‘z ampluasidagi kuchli futbolchilar qatorida sanaladi, uning o‘rnini egallagan darvozabonning ko‘rsatkichlari esa kamtargina. U bir necha yil quyi divizionlarda yurgan, liga 1 chempionatida birorta o‘yinda maydonga tushmagan, Gretsiyaning autsayder jamoalarida o‘ynagan, hozir esa — Saudiya Arabistoni chempionatida o‘rtamiyona jamoa darvozasini qo‘riqlamoqda. Serbiya bilan o‘yin Epassi uchun terma jamoadagi oltinchisi bo‘ldi — va yumshoq qilib aytganda, u kerakli vaziyatlarda qutqara olmadi. Bu Pavlovichning goliga taalluqli emas, u Tadich jarima zarbasidan uzatgan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. Sergey Milinkovich-Savichning goli esa — darvozabonning yaqqol xatosi.

Serblar birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda ikki gol urib, o‘yinni o‘zgartirib yuborishdi. Bungacha Songning rejasi ish berayotgandi. Shupo-Moting va Mbeumo tezkor qarshi hujumlarda raqibni qiynab qo‘yishdi, burchak zarbasi ijro etilganida esa olis ustun oldida bo‘sh qoldirilgan Kasteletto hisobni ochdi. 

Ikkinchi bo‘lim boshida serblar afrikaliklar mudofaasini osonlik bilan dog‘da qoldirib, Mitrovichni amalda bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarishganida esa Kamerun uchun barchasi tugagandek ko‘rindi. Ammo serblar yoki juda erta xotirjamlikka berildi, yoki Pavlovichning jarohat olishi jamoa mudofaasini zaiflashtirib yubordi. Katta ehtimol bilan, ikki holat bir-birini to‘ldirdi. Qolaversa, bolqonliklar Song tomonidan o‘yinga kiritilgan tuzatishlarga reaksiya qilmadi.

Murabbiy yarimhimoyachilardan birini o‘yindan olib, zaxiradan Abubakar qiyofasidagi qurolni ishga soldi, u esa barchasini o‘zgartirdi. Yo‘liga qo‘yilgan ofsayd qopqonini ajoyib tarzda aylanib o‘tgan tajribali forvard avvaliga himoyachini masxara qilgan holda yerga yotqizib, to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashladi, keyin esa Shupo-Motingni qulay vaziyatga chiqardi. Serbiyaning birinchi bo‘lim oxiridagi 148 soniya ichida urilgan ikki goliga Kamerun 151 soniya ichidagi ikki aniq zarbasi bilan javob qaytardi. Bu jahon chempionatida bunday syujyet hali kuzatilmagandi.

Kamerun endi so‘nggi turda Braziliyaga qarshi jang olib boradi. Va bu o‘yinda ham Onana ishtirok etmaydi. Serbiyaga qarshi o‘yin arafasida mamlakat futbol federatsiyasi rahbari Samyuel Eto'O tomonlarni yarashtirishga uringan, ammo darvozabon terma jamoa qarorgohini tark etishga qaror qilgan.

Neymarsiz Braziliyani «Real»ning g‘alaba retsepti qutqardi. Kazemiro jamoani pley-offga olib chiqdi

JCh-2022. G guruhi. 2-tur
Braziliya – Shveytsariya 1:0

Gol: 1:0 – 83 Kazemiro.
Braziliya – Alisson, Militao, Tiago Silva, Markinos, Aleks Sandro (Telles, 86), Kazemiro, Fred (Bruno Gimaraes, 58), Lukas Paketa (Rodrigo, 46), Risharlison (Gabriel Jyezus, 73), Rafinya (Antoni, 73), Vinisius Junior.
Shveytsariya – Zommer, Vidmer (Fray, 86), Elvedi, Akandji, Rodriges, Jaka, Froyler, Sou (Ebisher, 76), Vargas (Fernandesh, 59), Rider (Shteffen, 59), Embolo (Seferovich, 76).
Ogohlantirishlar: Rider (50), Fred (52).

Neymarning oyog‘i va qiyofadoshi

So‘nggi kunlarda Braziliya terma jamoasi lageridan olingan yangiliklar tibbiy hisobotlarni yodga soladi, serblarga qarshi o‘yinda jarohat olib, guruh bosqichi oxiriga qadar safdan chiqqan Neymarning holati barchaning diqqat markazida turibdi. Avvaliga bildirilgan optimistik qarashlar ushbu yulduzli futbolchining to‘pig‘i shishib ketgani aks etgan suratlar tarqalgach, yo‘qqa chiqdi. Ammo «PSJ» forvardi shish shifokorlar aytganidan ertaroq qaytayotganini aytib, yangiliklarning yangi to‘lqinini boshlab berdi.

Bu esa maxsus oyoq kiyim tufayli. Bu o‘rinda hatto NASAning mo‘jizaviy texnologiyalari haqida eslab o‘tildi. Bu qurilma qanday ko‘rinishda ekanini Neymar ijtimoiy tarmoqqa mehmonxonada jamoani qanday qo‘llayotgani aks etgan suratni joylash bilan ko‘rsatib berdi. Forvard tezroq tiklanishi uchun talab etiladigan qoidalar tufayli birinchi o‘yinda jarohat olgan jamoadoshi  Daniludan farqli o‘laroq stadionga kela olmadi. Ayrim muxlislar bundan bexabar holda tribunada Neymarning qiyofadoshi bilan selfi tushishdi.

O‘yindan oldin Antoni, Alisson va Lukas Paketa virusga chalingani ma’lum bo‘ldi. Ammo, boshqa jamoalarda bo‘lgani kabi, barchasi tezda yakunlandi va Tite o‘zi xohlagan boshlang‘ich tarkibni tushirdi. Maydon markazida Fred va o‘ng qanoth imoyasida Eder Militau tushirildi - u «Portu»da ekanida vaqti-vaqti bilan shu ampluada ham harakat qilgan.

Bo‘lim davomida yagona vaziyat

Bu o‘yin ham boshidanoq Serbiyaga qarshi o‘yinni eslatib yubordi. «Selesau» yana qizil libosli raqibga qarshi harakat qildi va bu raqib ham janubiy amerikaliklarga o‘z futbolini ko‘rsatishga imkon bermaslikka urg‘u qaratdi. Shu bilan birga, Murat Yaqin boshlang‘ich tarkibda 20 yoshli Riderni tushirishdan cho‘chimadi. «Yang Boyz» yarimhimoyachisi terma jamoadagi debyutida Vidmerga Vinisius Juniorning harakatlanish zonalarini yopishda yordam berishi kerak edi. Tanaffusga kam vaqt qolganida aynan Rider Shveytsariyaga burchak zarbasini bartaraf etishda yordam berdi.

Dastlabki 45 daqiqalikda voqealar deyarli bo‘lmadi. Eng yorqin lahza — Rafinyaning diagonal uzatmasidan keyin raqib ilk marta Vinisiusni qo‘riqlay olmadi. Ammo braziliyalik vinger o‘zini qulay vaziyatlarni yo‘qqa chiqarish bo‘yicha chempion deb atashgan davrlardagi kabi zarba berdi va bu zarba Zommerga ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmadi.

Serbiyaga qarshi o‘yin qahramoni bo‘lgan Risharlisonni esa Elvedi muvaffaqiyat bilan qo‘riqladi.

Madrid bog‘lami

Birinchi bo‘lim Titega ham yoqmadi va o‘yin kartinasidan chiqib qolgan Paketa Rodrigoga almashtirildi. Bu o‘zgarishdan keyin hujum chizig‘i faollashdi. Ammo Risharlison ikkita qulay vaziyatni ko‘kka sovurdi. Avvaliga Vinisiusning «shvedka» uslubidagi pasidan keyin to‘pni darvozaga to‘g‘ri yo‘naltira olmadi. Keyin ofsayddan kirib kelib to‘pga intilishi — Kazemiro va Vinisius tomonidan tashkil etilgan gol bekor qilinishiga sabab bo‘ldi.

Ammo klublar darajasida top-jamoalarga yordam berayotgan besh futbolchi almashtirilishi terma jamoalarda ham ish bermoqda. Pentakampeonlar murabbiyi kuchli bosimni davom ettirish uchun Brunu Gimaraynsh, Gabriel Jyezus va Antonini maydonga tashladi. Buning evaziga o‘yinning yuqori sur’ati saqlanib qoldi.

Serbiya bir soat bardosh bergandi. Shveytsariya — 80 daqiqa turib berdi. O‘yin oxirida Vinisius, Rodrigo va Kazemiru «Real»dagi shonli davrlarini yodga olishdi va shu yozda «MYu»ga o‘tgan tayanch yarimhimoyachisi zarba berdi — to‘p «Man Siti» himoyachisi Akanjining orqasini silab o‘tib — olis ustun oldidan to‘rga kirib ketdi.

Braziliya pley-offda, ungacha Neymar safga qaytishi mumkin.

Brunu Fernandesh va Ronalduning sa’y-harakatlari portugallarni 1/8 finalga olib chiqdi

JCh-2022. 2-tur. N guruhi
Portugaliya — Urugvay 2:0

Gollar: Fernandesh (54, 90+3 penalti).
Portugaliya – Koshta, Kanselu, Pepe, Diash, Mendesh (Gerreyru, 42), Silva, Karvalyu (Palinya, 83), Fernandesh, Nevesh (Leau, 69), Ronaldu (Ramush, 82), Felish (Nunesh, 82). 
Urugvay – Rochet, Varela, Godin (Pelistri, 62), Koates, Ximenes, Olivera (Vinya, 86), Vesino (de Arraskaeta, 62), Bentankur, Valverde, Kavani (Suares, 73), Nunes (Maksi Gomes, 72).
Ogohlantirishlar: Bentankur (6), Nevesh (38), Olivera (44), Felish (77), Diash (89).

Maydon markaziga urg‘u qaratilishi

Aynan Urugvay to‘rt yil muqaddam Portugaliyani jahon chempionatidan chiqarib yuborgan va Krishtianu Ronalduni futboldagi asosiy sovrin yutish uchun navbatdagi imkoniyatdan mahrum qilgandi. O‘shanda Sochidagi o‘yin masalasini Kavanining dubli hal etgan, bunga portugallar Pepening bir goli bilan javob qaytara olgandi. O‘shanda ham bu ikki futbolchi faxriy futbolchilar qatoriga kirardi va to‘rt yil o‘tib ham bu ikki futbolchi boshlang‘ich tarkibda tushishdi.

39 yoshli Pepe Ganaga qarshi guruhning ilk o‘yinini o‘tkazib yuborgandi, ammo jamoaga yordamga keldi. Birinchi uchrashuvdan keyin Danilu Pereyrada jismoniy og‘riq yuzaga kelgan, shu tufayli Fernandu Santush tajribali Pepeni o‘ynatishga qaror qildi. Bundan tashqari, portugallar chap qanotda joylashuv bo‘yicha ayrim o‘zgarishlarga qo‘l urdi va sxema 4-3-3 dan romb shaklidagi 4-1-2-1-2 sxemasiga o‘zgardi.

Bu g‘oya maydon markazida dominantlik qilishga qaratilgandi. Ammo Urugvay ham Koreya bilan nursiz o‘yindan keyin futbolchilarning joylashuvini o‘zgartirib, 3-5-2 sxemasiga o‘tgan, ya’ni ular ham maydon markazini nazorat qilishga e’tibor qaratgandi. O‘tgan safar faqat zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan 35 yoshli Kavani boshlang‘ich tarkibdan joy oldi. Nunes u bilan hujum juftligini tashkil etdi, Suares esa zaxirada qoldirildi.

Portugallarning foydasiz to‘pga egalik qilishi

Urugvayliklar yana bir syurpriz taqdim etishdi: asosiy tarkibda chopag‘on Varela paydo bo‘ldi. Bosh murabbiy Diyego Alonso unga o‘ng qanotni to‘liq topshirdi, ammo u ikkinchi lateral Olivera kabi hujumlarda faol bo‘lmadi.

Chunki Portugaliya hisob 0:0 holatida o‘yin vaqtining 70 foizida to‘pga egalik qildi va birinchi bo‘lim davomida raqibga faqat bir marta xavfli vaziyat yaratishga yo‘l qo‘ydi. Tan olish kerak, bu vaziyatda turnirning eng chiroyli goli urilishi mumkin edi — Bentankur Messi yoki Maradona uslubida himoyachilarni ortda qoldirdi, ammo uning zarbasini Diogu Koshta o‘ziga qabul qildi.

Qolgan vaqt davomida Urugvay faqat himoyalandi va qarshi hujumlar uyushtirishga urindi. Ammo Portugaliya ham kuchli taassurot qoldira olmadi. Jamoa uzoq vaqt davomida to‘pga egalik qildi, ammo ko‘pincha oldinga harakatlarsiz. Translatsiya rejissyorlari imkon tug‘ilishi bilan Krishtianu Ronalduni katta kadrda namoyish etishga uringan bo‘lsa-da, tanaffusga qadar u alohida harakati bilan ajralib turmadi. U faqat bir marta jarima zarbasi ijro etishi bilan ko‘zga tashlandi, ammo to‘p jonli devorga tegdi.

Krishtianuning sehrli soch turmagi

Tanaffusdan keyin ham ko‘p narsa o‘zgargani yo‘q. Urugvay o‘z jarima maydoni atrofida himoyalanishda davom etdi, portugallar qanotlar orqali Rochet darvozasiga yaqinlashishga harakat qilishdi. Va 54-daqiqada ular yo‘l topishdi: Brunu Fernandesh jarima maydoniga to‘p uzatdi, Krishtianu Ronaldu barchadan yuqori sakradi. Varela darvozaga yaqinroq joylashgandi va shu tufayli ofsayd qayd etilmadi.

Avvaliga terma jamoalar darajasidagi eng yaxshi to‘purar navbatdagi golini urgandek tuyulgandi. Ammo ma’lum vaqtdan keyin FIFA golni Fernandesh hisobiga yozdi. Bu vaziyatda Ronaldu o‘z sakrashi bilan shunchaki darvozabonni chalg‘itgan bo‘lib chiqdi.

Urugvay o‘tkazib yuborilgan golga darhol reaksiya qildi — futbolchilar almashtirildi, 4-4-2 sxemasiga o‘tildi va futbolchilar faolroq harakatlana boshladi. Janubiy amerikaliklar ertaroq faollashishiga nima xalaqit qilgani tushunarsiz, ammo vaziyatlar yuzaga kela boshladi: Pellistri, Suares, de Arraskaeta kabi futbolchilarda gol urish imkoniyati bo‘ldi, ammo yoki darvozasi to‘sini va ustunlari yoki Koshta portugallarni qutqardi.

Yevropaliklarning ko‘p hollarda omadi keldi, lekin bu oqshom g‘alabaga ular haqliroq edi. Va ular alaloqibat bunga erishdi. Ikkinchi gol biroz bahsli bo‘lgan penaltidan urildi — Ximenes qo‘l bilan o‘ynadi, lekin u bu vaqtda yiqilib, gazonga qo‘li bilan tayanganda to‘p uning qo‘liga tegdi, Fernandesh esa videotakrordan keyin belgilangan 11 metrlik jarima zarbasini aniq ijro etdi (Ronaldu bu vaqtga kelib almashtirilgandi). Final hushtagi yangrashiga bir daqiqa qolganida Brunu het-trik rasmiylashtirishi mumkin edi, ammo uning zarbasi darvoza ustuniga tegdi.

Portugaliya o‘tgan safargi jahon chempionatidagi mag‘lubiyat uchun Urugvaydan qasos oldi. Endi janubiy amerikaliklar so‘nggi o‘ringa tushib qoldi, portugallar esa keyingi bosqich masalasini hal qildi.

JCh-2022 turniridagi eng yaxshi kun. Gana va Koreya besh gol urilgan triller namoyish etib berdi

JCh-2022. H guruhi. 2-tur
Janubiy Koreya – Gana 2:3

Gollar: 0:1 – 24 Salisu, 0:2 – 34 Quddus, 1:2 – 58 Jo Gu Son, 2:2 – 61 Jo Gu Son, 2:3 – 68 Quddus.
Janubiy Koreya – Kim Sin Gu, Kim Mun Hvang, Kim Yen Gvong, Kim Min Je, Kim Jin Su, Jon U Yen (Hvang Iy Jo, 79), Kvong Chhang Hun (Li Kan In, 57), Hvang In Bom, Jon Vu Yen (Na San Ho, 46), Son Hyong Min, Jo Gu Son.
Gana – Ati-Ziji, Lempti (Odoi, 78), Amarti, Salisu, Mensa (Baba, 88), Parti, Quddus (Jiku, 83), Abdul-Samed, Ayyu (Kere, 78), Ayyu (Sulaymoni, 78), Uilyams.
Ogohlantirishlar: Amarti (21), Jon U Yen (27), Lempti (73), Kim Yen Gvong (77).

Afrikaliklar yodda qolarli g‘alabaga erishdi.

JCh-2022 final turniri uchun qur’a tashlash marosimidan keyin barcha 12 yil oldingi tarixni yodga oldi: JARdagi mundial, chorakfinalda Gana — Urugvay o‘yini, qo‘shimcha vaqtlarning so‘nggi daqiqasida Luis Suares bo‘sh darvozaga kirib borayotgan to‘pni qo‘li bilan to‘sadi, hujumchi qizil kartochka olib maydonni tark etadi, belgilangan penaltini esa Asamoa Gyan aniq ijro eta olmaydi... Endi afrikaliklar qasos olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi, ammo bu maksimal darajada to‘laqonli chiqishi uchun (idealda — guruhdan chiqish va urugvayliklarni qoldirib ketish) avval Koreya bilan o‘yinda ochko olish talab etilardi.

Portugaliya bilan o‘yinda «Qora yulduzlar» o‘yinning katta qismida sabr bilan himoyalanishdi va faqat gol o‘tkazib yuborilganidan keyin faollashishdi, lekin javob golini urishga o‘z kuchlariga haddan ortiq yuqori baho berishdi va ketma-ket gollar o‘tkazib yuborishdi. Koreyaga qarshi o‘yinda afrikaliklar bosh murabbiyi Otto Addo yana o‘sha strategiyani tanladi. Bu mantiqiy edi, chunki top-jamoalar sirasiga kirmaydigan jamoa uchun tezda boshqa rejimni yoqish qiyinchilik tug‘diradi. Yaponiya yoki Saudiya Arabistoni bunga yaqqol misol. Lekin bir liniyani ushlagan va haddan tashqari ehtiyotkorlik bilan harakat qilgan jamoalar o‘ziga kerakli natijaga erishdi: Polsha va Kosta-Rika buni tasdiqlaydi.

Koreya Urugvayga qarshi o‘yinda juda quruq va o‘zini tiygan holda o‘yin ko‘rsatgandi, ammo Ganaga qarshi faolroq o‘ynashga qaror qildi. Dastlabki 20 daqiqalikda osiyoliklar 7 bor (!) burchak zarbasi ijro etishdi, ammo bu urinishlarning barchasi o‘rtacha darajada ijro etildi — ustun yaqiniga o‘rtacha yuqorilikdagi uzatmalar amalda ish bermadi. Afrikaliklar esa raqib darvozasi tomon belgilangan birinchi standart vaziyatdan maksimum natija chiqarishdi — jarima maydonida koreyalik himoyachilar to‘p Andre Ayyuning qo‘liga tekkanini da’vo qilishni boshlab yuborganida, Muhammad Salisu ildamlik qilib, to‘pni darvozaga joyladi. Bu Gananing o‘yindagi ilk zarbasi edi. Videotakrordan keyin hakam golni inobatga oldi.

Ikkinchi zarba ham golga aylandi: Muhammad Quddus Jordan Ayyuning uzatmasiga bir teginish orqali hisobdagi farqni oshirdi. Ganaliklar vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha ajoyib ko‘rsatkich qayd etmoqda, Portugaliyaga qarshi o‘yinda afrikaliklar darvoza sohasiga borgan uchta aniq zarbadan ikki gol urishgandi (jami urinishlar to‘qqizta bo‘lgan). Endi esa ganaliklar ikki o‘yinda darvoza sohasiga aniq yo‘llagan besh zarbadan to‘rttasi gol bo‘lmoqda. Shu bilan birga, bu to‘rt gol to‘rt xil futbolchi tomonidan urildi.

Bu bir tomondan ajablanarli holat, chunki JCh-2022 startidan avval aynan hujum chizig‘i Gananing zaif tomoni sifatida ko‘rilgandi. Mundialgacha o‘tkazilgan so‘nggi 12 o‘yinda «Qora yulduzlar» faqat ikki g‘alabaga erishgan, bu ikki g‘alaba ham — FIFAning top-100 reytingiga kirmaydigan jamoalarga qarshi o‘yinlarda qo‘lga kiritilgandi. Ammo Qatarda ular maksimal darajada samarali harakatlanishmoqda.

Addo hatto Quddusni jamoaviy o‘yinga qo‘shishga muvaffaq bo‘ldi, bungacha «Ayaks»ning ushbu futbolchisi haddan tashqari individualizm uchun qoralangandi. «Men bosh murabbiy aytganidek o‘ynayman, agar mening uslubim uning uchun muammo bo‘lmasa, barchasi joyida», — dedi 20 yoshli futbolchi hujum markazida ham, qanotlarda ham va hatto markaziy yarimhimoyachi joyida ham o‘ynashga tayyorligini bildirib.

Ikkinchi bo‘lim boshida koreyaliklar ikkita javob goli urib, haqiqiy triller namoyish etgan bo‘lishsa-da, yakunda dubl qayd etgan Quddus o‘yin qahramoniga aylandi. Osiyoliklar bu chempionatda dastlabki uch bo‘limda nursiz o‘yin ko‘rsatishdi, to‘rtinchisida esa xarakter ko‘rsatib, muxlislar uchun hayajonli 45 daqiqa (aniqrog‘i angliyalik referi Entoni Teylov o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar hisobga olinsa 56 daqiqa) o‘tkazib berishdi. Teylor koreyaliklarga burchak zarbasi ijro etishga qo‘ymay, o‘yinni yakunlab yuborganida esa Bentuning asablari dosh bermadi. U angliyalik hakam oldiga chopib kelib, baqira boshladi va qizil kartochka oldi.

Ganada endi Urugvay bilan «qasos o‘yini» bo‘lishi aniq, Koreya esa mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, so‘nggi tur oldidan guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Hozircha esa 28 noyabr bu jahon chempionatining eng yorqin o‘yiniga aylandi.

Mavzuga oid