O‘zbekiston | 21:12 / 03.12.2022
36215
4 daqiqa o‘qiladi

Shuhrat G‘aniyev kooperativga birlashgan xorazmlik fermerlarni “o‘yinchi”ga chiqardi 

Bosh vazir o‘rinbosari selektor yig‘ilishida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan paxta xomashyosi minimal narxini tan olmagan holda bu haqda hech qanday hujjat yoki qaror yo‘qligini aytdi. Vaholanki uning bu bayonoti prezident qaroriga zid.

Ijtimoiy tarmoqlarda bosh vazir o‘rinbosari, agrar va oziq-ovqat masalalari bo‘yicha kompleks rahbari Shuhrat G‘aniyev tomonidan selektor yig‘ilishida aytilgan gaplar audiosi tarqaldi. Unda G‘aniyev qonunchilikka muvofiq o‘zaro ko‘ngilli ravishda qishloq xo‘jaligi kooperativlariga birlashayotgan fermerlarni “Kooperativ tuzib olibdi! O‘yin boshlayapti”, deya tavsiflagan.

Shuhrat G‘aniyev Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan paxta narxi haqida gapirib, jumladan shunday degan:

“Narx-navo e’lon qilinganida, tavsiya edi u: hech qanaqa hujjat, hech qanaqa protokol, hech qanaqa qaror, hech qanaqa xat ketgani yo‘q. Shuni mahkam ushlab olib ba’zi bir fermerlar, Xorazmda, yana o‘yin boshlayapti. Mana, kecha qaysidir tumanda ikkita fermer paxta kooperatsiya tuzganmish, paxtasini tuman hokimi olib qo‘yganmish. U yoqqa chiqqan, bu yoqqa chiqqan (murojaat etgan – tahr.). Og‘aynilar, bitta narsa, joylarda hudud rahbari shug‘ullanishi kerak. Tovarning narxi tushdimi, ketmayaptimi, kelishish kerak, kelishtirish kerak. O‘zingiz uchun xulosa qilib, yozib oling”.

Aftidan, Shuhrat G‘aniyev paxta xomashyosi uchun o‘rnatilgan minimal narxlar biror hujjat bilan belgilanmaganini aytayotib, bu masalani tartibga soluvchi prezident qarori mavjudligini unutgan ko‘rinadi.

Ma’lumot uchun, Prezidentning 2020 yil 6 martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4633-sonli qaroriga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib, har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan paxta xomashyosining minimal narxlarini e’lon qilish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur qarordan kelib chiqib, 2022 yil hosili uchun o‘rta tola navli paxta xomashyosi minimal narxi (QQS bilan birga) 10 025 ming so‘m, 1 tonna ingichka tola navli paxta xomashyosi minimal narxi (QQS bilan birga) 15 120 ming so‘m etib belgilangan.

Avvalroq Kun.uz dunyo bo‘ylab ko‘plab mamlakatlar hukumatlariga qishloq xo‘jaligi kooperativlarini rivojlantirish bo‘yicha yordam berib kelayotgan, O‘zbekistonda ham yangi qonun ishlab chiqilishiga ko‘maklashayotgan nemis mutaxassisi Karl Krug bilan suhbat tashkil qilgandi. Unda qishloq xo‘jaligi kooperativlarining sohani sog‘lomlashtirishdagi ulkan ahamiyati haqida so‘z borgan.

Mavzuga oid