Jahon | 16:46 / 07.12.2022
30383
12 daqiqa o‘qiladi

Boltiqbo‘yidan quvg‘un qilinayotgan «Dojd»: boshlovchi nimalar deb qo‘ygan edi?

Rossiyani tark etib, Latviyadan qo‘nim topgan «Dojd» telekanali boshlovchisi Aleksey Korostelevning efirda Ukrainada jang qilayotgan rossiyalik askarlarga telekanal yordam qilishi mumkinligini aytishi natijasida litsenziyasidan mahrum bo‘ldi.

«Dojd» kanali studiyasi. Foto: business-gazeta.ru

Telekanal yuzaga kelgan e’tirozlar ortidan Aleksey Korostelev bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilganini e’lon qildi. Telekanal axborot xizmati rahbari Yekaterina Kotrikadze bu borada chiqish qildi.

Biroq, shundan so‘ng rahbariyat qaroriga norozi bo‘lib, telekanal bilan uning ikki mashhur jurnalisti Vladimir Romenskiy va Margarita Lyutova ham hamkorlikni uzishlarini e’lon qilishdi. Romenskiy Korostelevning o‘sha dasturida shef-prodyuseri bo‘lgani, efirda aytilgan gaplar uchun u ham mas’ulligini tushuntirgan.

Lyutova esa inson «xato qilish huquqiga ega, ochiq ishdan haydalishdan oldin ochiq tushuntirish berish huquqi bor», deb hisoblaydi.

Korostelev nimalar deb qo‘ygandi?

O‘tgan payshanba (30 noyabr) kuni «Zdes i seychas» axborot dasturi jonli efirida Korostelev tahririyatning Rossiyadagi harbiy safarbarlikda yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilish holatlari haqidagi ma’lumotlarni tahririyat pochtasiga jo‘natish to‘g‘risidagi iltimosini o‘qiy turib, «Umid qilamizki, jumladan biz ham, ko‘plab harbiylarga frontda elementar qulayliklarga ega bo‘lishiga yordam bergan bo‘lar edik», deya qo‘shimcha qilgan.

Juma kuni ko‘tarilgan mashmashalardan so‘ng bu qo‘shimcha efirdan kesib tashlangan, telekanal bosh muharriri Tixon Dzyadko uzr so‘rab chiqqan. Dzyadko Korostelevning og‘zidan yangragan jumla «tomoshabinlarni chalg‘itishi», «telekanal RF armiyasiga yordam berayotgani» haqida noto‘g‘ri taassurot uyg‘otishini aytgan.

Tixon Dzyadko. «Dojd» kanali efiridan

«Shuni ta’kidlash muhimki, telekanal Rossiya armiyasiga frontda ham undan chetda ham ko‘mak berish bilan shug‘ullanmagan, shug‘ullanmayapti va shug‘ullanmaydi», — deb yozgan Dzyadko o‘z Telegram-kanalida.

Juma kuni kechqurun mojaroga Aleksey Korostelevning o‘zi ham izoh bergan:

«Rossiya armiyasi uchun dronlarga, hattoki paypoqlarga ham pul jo‘natmaganman, bunday qilishga chorlamaganman ham. So‘zlar ajoyib ko‘rsatuvning kontekstidan sug‘urib olinmoqda. Barcha tomonidan och-nahor tashlab qo‘yilgan safarbarlikdagi askarga achinamanmi? Ha. Putin zo‘rmi? Yo‘q. Suvayirg‘ich mana shu yerdan o‘tishi kerakdek. Monologda so‘z borgan askarlarga yordam beramanmi? Yordamim faqat ular haqida hikoya qilishim», — degan Korostelev.

Aleksey Korostelev. «Dojd» kanali efiridan

Latviyaga ko‘chgan «Dojd»

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy hisobotlaridan o‘zga va farqlanuvchi urush to‘g‘risidagi har qanday harbiy axborotlar «harbiy feyklar» deb atalib, ularni tarqatish uchun jinoiy javobgarlik joriy etilgach, «Dojd» telekanali tahririyati avval ishini to‘xtatdi, so‘ng Rossiyani tark etdi. Rossiyada telekanal sayti bosh prokuratura talabnomasi asosida bloklangan. Telekanal Rigadan turib efirga chiqadi, uning studiyalari Amsterdam, Tbilisi va Parijda ham bor.

Telekanal Rigada ishlashi bir necha bor Latviya nazorat organlari va mansabdorlarining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Juma kuni Latviya elektron ommaviy axborot vositalari milliy kengashi (NEPLP) telekanalni annexia qilingan Qrim yarimoroli Rossiya tarkibida ko‘rsatilgani, Rossiya armiyasini «bizning armiya» deyilgani uchun 10 ming yevroga jarimaga tortgani ma’lum bo‘ldi.

Tashkilot bu telekanalning ikkinchi jiddiy qoidabuzarligi ekanini aytgan. Uchta «jiddiy qoidabuzarlik» ro‘y berganida kengash telekanalning Latviyada efirga chiqishi uchun litsenziyani olib qo‘yishga haqli ekanini ko‘rsatgan.

Lisenziya baribir bekor qilindi

Latviya elektron ommaviy axborot vositalari milliy kengashi (NEPLP) baribir «Dojd» telekanali litsenziyasini bekor qilishga qaror qildi. Sabab sifatida jurnalistlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar ko‘rsatilgan.

Kengash rahbari Ivar Abolinshning tvitterda yozishicha, bu qarorga «milliy xavfsizlik va jamoatchilik tartibiga tahdid yuzaga kelgani» uchun kelingan.

«Qoidabuzarliklarni jamlab chiqib, kengash «Dojd» rahbariyati qoidabuzarliklarning muhimligi va jiddiyligini anglay olmayapti, shu sababli Latviya hududida faoliyat ko‘rsatishi mumkin emas, degan to‘xtamga keldi», — deya qo‘shimcha qilgan Abolinsh.

Qaror 8 dekabr tunidan kuchga kiradi, «Dojd» shu soatdan boshlab Latviya hududida teleeshittirish olib borishni to‘xtatishi kerak.

«Dojd» telekanali nafaqat televideniyeda, shuningdek YouTube platformasida ham translatsiya qilinishi e’tiboridan, NEPLP Latviyada ko‘rsatmasligi uchun kanalning bu platformada geoblokirovka qilinishini talab qiladi, degan Abolinsh. U shuningdek, telekanal bu qaror ustidan sudga murojaat qilishga haqli ekanini ham qo‘shimcha qilgan.

«Dojd» bosh direktori Natalya Sindeyevaning aytishicha, Latviya hukumatining qaroridan so‘ng telekanal kabelli tarmoqlarda translatsiya qilishdan olayotgan 20 foiz tushumidan mahrum bo‘ladi.

Natalya Sindeyeva. «Dojd» kanali efiridan

«Men bunga tayyor emasdim. Men Latviya hokimiyati bunday qilmaydi deb ishonayotgandim», — degan u «Meduza»ga bergan intervyusida. RBK nashriga intervyusida esa u telekanal boshqa davlatdan litsenziya olishga harakat qilishini aytgan.

«Ko‘pchilik Lyoshaning so‘zlarini go‘yoki «Dojd» Rossiya qurolli kuchlariga yordam berayotgandek tushungan. Bu yolg‘on. Lyoshaning gaplari shunchaki xato edi. Lekin bu xato barchamiz uchun qimmatga tushdi», — degan Sindeyeva.

Bu orada Latviya DXX IIVga Korostelevni mamlakatga kiritmaslikni tavsiya bergan.

«Xato tasavvurlarga misol»

Latviya hukumati qarori Rossiyani tark etishga majbur bo‘lgan ko‘plab mashhur rus jurnalistlari va aktivistlarining e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

«Novaya gazeta. Yevropa» nashri bosh muharriri Kirill Martinov Latviya va Yevropa nashrlarini «Dojd» bilan birdamlikka chaqirgan.

Avvalroq «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti Latviyaning elektron OAV milliy kengashiga «Dojd»ning litsenziyasini saqlab qolish borasida murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi.

«Urushni boshlagan Putin bor. Putin va uning urushi haqida haqiqatni so‘zlovchi «Dojd» telekanali bor. «Dojd»ni litsenziyadan mahrum qilish Putinga yordam berishdan boshqa narsa emas», — degan siyosatchi Aleksey Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish.

«Dojd» tugadi. Lisenziyasidan mahrum qilindi. YouTube haqida gapirayotganlardan telekanal xodimlari qayerdadir yashashi ham kerakligini unutishmoqda. Rossiya bilan do‘stona munosabatdagi davlatlar ularni kiritmaydi, chunki «Dojd» Putinga qarshi, RFga nodo‘st davlatlar esa telekanal ruslar haqida qayg‘urayotgani uchun qo‘ymaydi. Davlat propagandasiga bundan zo‘r sovg‘ani o‘ylab topish qiyin edi. Yevropa Ukrainadagi urushni moliyalashtirib, Rossiyadan gaz xarid qilmoqda, endi esa Rossiya Federatsiyasi prezidenti administratsiyasiga yordam qo‘lini cho‘zib, muxolif jurnalistlarni qiynamoqda. Moskvadagilar kulgidan o‘zini to‘xtatolmayotgan bo‘lishsa kerak», — deb yozgan jurnalist Ilya Jyegulyov.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Dojd» bilan sodir bo‘lgan voqeani G‘arbdagi so‘z erkinligi to‘g‘risidagi sarob deya atagan.

«Doim kimlargadir qayerdadir uydagidan yaxshiroq sharoit bordek, qayerdadir erkinlik uyda unday emasdek ko‘rinadi. Bu bunday tasavvurlar sarob ekanini ko‘rsatuvchi yorqin misol bo‘ldi», — degan Peskov.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ham vaziyat yuzasidan zaharxanda qilishga ulgurdi.

«Hech yangi narsa o‘ylab topishning hojati yo‘q, o‘zlarining yaqindagi bayonotlaridagi «Rossiya» so‘zlarini «Latviya»ga almashtirib chiqishsin», — degan Zaxarova AQSh va Yevropa mulozimlaridan iqtibos keltirar ekan.

Putinparast Ivar Abolinsh

Bu orada ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Ivar Abolinshning Twitter’da bitilgan eski postlarini topib olishgan. Latviya elektron OAV milliy kengashining amaldagi direktori RF prezidenti Vladimir Putinning Qrim annexiasiga atalgan nutqini «o‘ta ajoyib» deb maqtagan.

«Bugungi kunga qarang. Putin kim bo‘lishidan qat’i nazar u Rossiyani ushlab turibdi, boshboshdoqlikdan omon saqlayapti», — deb yozgan u boshqa tvitida.

Shuningdek, «Dojd»ni litsenziyasidan mahrum qilgan mulozim bir paytlar Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga ham keskin qarshi fikr bildirgani ma’lum bo‘ldi.

Yevromaydan chog‘ida u Yevropa integratsiyasidan qaytgan Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichga Latviya pul to‘lashi kerakligi, chunki Ukrainaning joyi YeIda emasligini ta’kidlagan.

«Umuman olganda, Latviya Yanukovichga pul to‘lab, Ukraina YeI bilan yaqinlashmasligini xudodan o‘tinib so‘rashi kerak. Biz bu yerda bir to‘da rusiyzabon millionlar bilan nima qilamiz?» — deb yozgan Ivar Abolinsh 2014 yilning 31 yanvarida.

Bu orada «Dojd» telekanali eshittirishlari Litvada ham to‘xtatilishi e’lon qilindi. Bu haqda Litvaning radio va teleeshittirishlar bo‘yicha komissiyasi qaror chiqargan, deb xabar berdi Delfi.

«Dojd» telekanali litsenziyasi bekor qilingani bilan, Latviyada Rossiyaning bir necha propaganda nashrlari ishlashda davom etmoqda. «Gazprom» bilan aloqador bu nashrlar Yevropa mamlakatlarini mudom tanqid qilishadi.

Latviyada Aif Yevropa gazetasi chop etilmoqda. Bungacha uzoq yillar davomida YeIda «Argumenty i fakty Yevropa» nashri chop etilayotgandi, urush boshlangach u nomini inglizchaga o‘zgartirib, sonlari tartibini nollashtirgan.

1+2 International telekanali ham Latviya litsenziyasiga ega. U Rossiya teleseriallarini retranslatsiya qiladi hamda «Gazprom-Media»ga qarashli TV-3 kanali bilan aloqador. Ikki telekanalning logotiplari ham o‘xshash.

Rigada bolalarning Rossiya fuqarosi Nadejda Buxarova tomonidan asos solingan rus tilidagi Academy KidsTV radio va televideniye akademiyasi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Yozda uning o‘quvchisi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkodan intervyu olib, mojaro ko‘tarilgan edi.

Mavzuga oid