Eronda ilk marotaba namoyishchilardan biri qatl etildi
Eron hukumati mamlakatdagi namoyishlar paytida qo‘lga olingan shaxsga nisbatan o‘lim jazosini qo‘lladi.
Eron matbuoti namoyishchining ismi Muhsin Shikoriy ekanini ma’lum qildi. U hukumat tomonidan norozilik namoyishlarida ishtirok etgani uchun qatl etilgan birinchi shaxs bo‘ldi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkak 25 sentabr kuni Tehrondagi Sattor Xon ko‘chasini to‘sib qo‘ygan va soqchini pichoq bilan jarohatlagan. Shikoriy 23 oktyabrda o‘limga hukm qilingan va 8 dekabrda osib o‘ldirilgan.
Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Eronda kamida 21 kishi o‘lim jazosini kutayotganini aytdi.
Eronda umummilliy norozilik namoyishlari 22 yoshli kurd qizi Mahsa Aminiyning ro‘molni noto‘g‘ri o‘ragani uchun «axloq politsiyasi» tomonidan hibsga olinganidan keyin vafot etgani sababli boshlangan edi. Mamlakatda norozilik namoyishlari susaymadi, ular huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlar bilan kechdi va bir qancha shaharlarni, jumladan, poytaxt Tehronni ham qamrab oldi.
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, o‘z navbatida, G‘arbni mamlakatda tartibsizlikni qo‘zg‘atayotganlikda aybladi.