Jahon | 11:36 / 17.12.2022
4786
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova hukumati oltita telekanal translatsiyasini taqiqladi

Kishinyov bir qator telekanallar uchun translatsiya litsenziyalarining to‘xtatilishini axborot makonini himoya qilish bilan izohladi. Bu ommaviy axborot vositalari Moldovadagi voqealar va Ukrainadagi urushni bir yoqlama yoritdi, dedi bosh vazir Gavrilitsa.

Foto: Shutterstock

Moldova hukumatining Favqulodda vaziyatlar komissiyasi 16 dekabr, juma kuni oltita telekanal - TV6, Orhei TV, Primul in Moldova, Accent TV, NTV Moldova va RTR Moldova telekanallarining litsenziyasini favqulodda holat muddatiga to‘xtatib qo‘ydi. Mazkur chora 19 dekabrdan kuchga kiradi. Qaror axborot makonini himoya qilish va dezinformatsiya xavfining oldini olish maqsadida qabul qilindi, deya tushuntirdi Kishinyov. 

Ushbu ommaviy axborot vositalari Moldovaning o‘zida sodir bo‘lgan voqealarni, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq voqealarni bir yoqlama yoritgan holda Audiovizual xizmatlar kodeksini bir necha bor buzgan, deb ta’kidladi respublika bosh vaziri Natalya Gavrilitsa. Qo‘shni davlatda urush boshlanganidan deyarli 10 oy o‘tgach, Moldovada tashviqot to‘xtamadi, aksincha, kuchaydi, deya qo‘shimcha qildi hukumat rahbari.

Moldova prezidenti Mayya Sandu hukumat pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Kishinyov uchun ustuvor vazifa mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, dedi u. Milliy axborot makonini himoya qilish «xalqaro sanksiyalar ostida qolgan shaxslar tomonidan beqarorlashtirishga urinishlarning oldini olish bo‘yicha muhim qadamdir», deb tushuntirdi davlat rahbari. 

Ukrainada urush boshlanishi munosabati bilan 24 fevral kuni Moldovada favqulodda holat joriy etilgan edi. O‘shandan beri favqulodda holat bir necha bor uzaytirildi. 

Iyun oyida Moldovada axborot xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi, unda Rossiya ham o‘z ichiga olgan Transchegaraviy televideniye to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan mamlakatlarning yangiliklari va tahliliy dasturlari taqiqlanadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid