Jahon | 16:29 / 17.12.2022
23072
7 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy daryosi bor bog‘. Qatarning Katarasiga sayohat

Qatarga bormagan odam uni cho‘l, baland binolar va gaz konlaridan iborat davlat deb o‘ylaydi. Ammo bu kichik davlatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, uni aylanib chiqqan odam bu sahroliklar yashillikka intilishidan hayratda qoladi.

Oddiy daraxt yoki gul o‘stirish uchun tuproqni ham chet eldan keltiradigan, uyi oldiga gul ekish uchun ham tomchilab sug‘orish tizimi qilishi kerak bo‘lgan qatarliklar imkon bo‘lishi bilan bog‘ yaratishga intiladi. Bizda begona o‘t deb qaralib, yulib tashlanadigan yantoq, kakraga o‘xshagan o‘tlar Qatarda devorgulga o‘xshatib shakl berilib, tomchilatib sug‘orib, ular orqali yashil maydonlar yaratiladi. Biz uchun begona o‘t bo‘lgan, suvsizlikka dosh bera oladigan o‘sha joni qattiq o‘tlar Qatarda qadrlanadi, chunki ular sahro issig‘iga chidab, ko‘karib turadi.

Qatar juda kichik davlat, tasavvur qilish uchun samolyot mamlakat hududini bir soatga qolmay tark etadi, JCh o‘tayotgan stadionlar esa 50 km nari-berisida qurilgan. Ammo shu bir burdagina mamlakatda yashil hududlar, bog‘lar, xiyobonlar shunchalik ko‘pki, mundial mehmonlari ularning hammasini ko‘rishga ham ulgurmagan bo‘lsa kerak.

Bugun mamlakatdagi eng ajoyib istirohat bog‘laridan biri bo‘lmish Kataraga sayohat qilamiz. Mundial mehmonlari bu joyni kamida bir marta metrodan bo‘lsa ham ko‘rgan bo‘lsa kerak. JCh finali o‘tadigan Lusayl stadioniga ketishda metro yer ostidan tepaga chiqadi va tashqarida katta yashillik ko‘rinadi. Ana shu Katara bog‘i, uni samolyotdan ham payqash mumkin. Katara mamlakatdagi eng katta jamoat joylaridan biri.

Uni chinakam istirohat bog‘i deyish mumkin. Bog‘ga kirish bepul, ichkarida atraksion yoki odam to‘planib shovqin bo‘ladigan hech narsa yo‘q. U suv bo‘yida joylashgan, sohilda yaxtalar ko‘rinib turadi, shovqinning hammasi ana o‘sha sohil tomonda. Bog‘ esa meditatsiya qilishni istagan, suv bo‘yida yugurmoqchi bo‘lganlar, oilaviy o‘tirish uchun tinch joy istaganlar va hatto biroz mizg‘ib olmoqchi bo‘lganlar uchun ham juda qulay maskan.

Katara bog‘ining darvozasi ham, uni o‘rab turadigan to‘siq ham yo‘q. Bog‘ chegarasi devorgullar bilan belgilab chiqilgan. Bog‘da o‘zingizni xuddi London yoki Yevropaning boshqa biror shahriga tushib qolgandek his qilasiz. Axir Qatardek sahroda bunaqa maysalar, bunaqa turfa xil daraxtlarni tasavvur qilish qiyin-da. Bog‘da juda ko‘p turdagi daraxtlar bor, ular turli davlatlardan olib kelib ekilgan.

Sug‘orish tizimi avtomatik yo‘lga qo‘yilgan, kimdir daraxtga yoki gulga suv quyib yurganini ko‘rmaysiz, sug‘oradigan vaqt kelganda xuddi futbol maydonida bo‘lgani kabi chim ostidan suv purkagichlar chiqib suv sepadi.

Ammo bog‘da qo‘riqchilar, atrofni tozalab turganlar bor. Ular yo‘l ko‘rsatish vazifasini ham bajarishadi. Ammo inglizchani bilgan odam bog‘da adashib qolmaydi, kerakli manzillar va metroga boradigan yo‘l tez-tez chiqib turadigan yozuv taxtalarida eslatib qo‘yilgan.

Darvoqe, Kataraga ikkita metro bekati orqali borish mumkin. Bog‘ Katara madaniy qishlog‘i hududida joylashgan, sohil bo‘yida joylashgan bu qishloq maydoni juda katta va u Al Gassar hamda Katara metro bekatlari orasida joylashgan.

Atrofni mashinada aylanib chiqsa, kadrlar yaxshi chiqsa kerak deb turganimizda shu oradagi luxury klassidagi mehmonxona xodimlaridan biri bog‘ni elektrokarida aylantirib kelishni taklif qilib qoldi. O‘zi luxury, ya’ni top darajada hashamatli so‘zini Qatarning aynan qayerigadir nisbatan ishlatish qiyin, chunki Qatarning barcha yeri shunaqa darajada. Lyuks degan so‘zni qaysidir davlatga nisbatan ishlatish mumkin bo‘lsa, ishonavering, bu aynan Qatarga to‘g‘ri keladi.

Bog‘ning teparog‘iga chiqsangiz, bir yemakxona ko‘rinadi. Oldidagi mashinalar va mehmonlarga qaraganda juda qimmat restoran, ammo uning tomiga chiqib suratga olishimizga hech kim qarshilik qilmadi. U yerdan istirohat bog‘i va sohil kaftdek ko‘rinib turadi. Aynan o‘sha tomda turib Kataraga qaragach, Qatarning eng zo‘r joyi mana shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi kishi.

Bu hali hammasi emas, devorlarigacha yashillik bilan o‘ralgan yo‘lak bo‘ylab pastga tushib ketar ekansiz, daryoga ko‘zingiz tushadi. Ha, sun’iy daryoga. U bog‘ning eng tepasidan kirish qismidagi eng past joyigacha aylanib oqib boradi. Mana shu yerda qatarliklarning ko‘p joylarda qadriga yetilmaydigan tabiatning juda oddiy mo‘jizasiga bo‘lgan mehrini sezishingiz mumkin.

Shu bog‘ni kim qurgan bo‘lsa ham, katta ehtimol Yevropaning biror parkiga borgan, zavqlangan, biror davlatdagi tog‘dan tushib kelayotgan daryoni ko‘rib hayratlangan. Ammo shu bilan to‘xtab qolmagan, o‘sha hayrat va zavqlanishini qatarliklar bilan bo‘lishgisi kelgan. Qatardagi yashillikka, tabiat mo‘jizalariga bo‘lgan mehrga shaxsan men havas qildim.

Qatarda bahorda bozorga borib qo‘lga ilingan ko‘chatni ekib, ustidan bir paqir suv solib tuproq ko‘msa, ikki haftada ko‘karib chiqmaydi. Ular daraxt ekish uchun hatto tuproqni ham sotib olishadi, ammo bog‘ yaratishdan charchashmayapti. Ishoning, bu faqat bir martalik jahon chempionati uchun emas, qatarliklar uchun qilingan.

Balki istirohat bog‘larining ko‘pi jahon chempionati qabul qilinishi aniq bo‘lgan 10 yil ichida ochilgandir, lekin hali Qatar mundiali ham unutiladi, ba’zi stadionlar ham buzilib ketar, bog‘lar, yashilliklar, eng asosiysi bu yashillikka bo‘lgan mehr qoladi. Tabiat esa unga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishsa, xuddi shunday javob beradi.

O‘tkir Jalolxonov, Qatar

Mavzuga oid