O‘zbekiston | 11:10 / 19.12.2022
9028
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda Spark piyodani urib yubordi

Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida inson o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘ldi.

Foto: YHXX

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Spark haydovchisi piyodani urib yubordi. Bu haqda YHXX matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa 13 dekabr kuni soat 9:45 larda Ohangaron tumani hududidan o‘tgan Olmaliq-Toshkent yo‘lida yuz bergan. Spark haydovchisi yo‘lning o‘rtasida harakatlanib ketayotgan piyodani urib yuborib, unda yordam ko‘rsatmasdan voqea joyidan ketib qolgan. Oqibatda piyoda vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Surxondaryo viloyati Uzun tumanida birovning mashinasini boshqargan 18 yoshli yigit tezlikni oshirib YTH sodir etgan. Viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar berishicha, hodisa 17 dekabr kuni soat 00:40 larda Uzun tumani Qarashiq mahallasidan o‘tgan 4R-108A avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Sariosiyo-Uzun yo‘nalishida harakatlanyotgan Lacetti mashinasi haydovchining tezlikni oshirishi natijasida boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng yo‘l chetidagi daraxtga urilgan. Oqibatda mashina haydovchisi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Uning yonida bo‘lgan o‘rtog‘i vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, 18 yoshli yigitda haydovchilik malakasi va yetarlicha tajriba bo‘lmagan. Mashina uning qo‘shnisiniki bo‘lib, yigit uni so‘roqsiz boshqarib ketgan.

Mavzuga oid