O‘zbekiston | 17:37 / 19.12.2022
19257
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Ekologik partiyasiga yangi rais saylandi

19 dekabr kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashining XIV Plenumi bo‘lib o‘tdi. Partiya matbuot xizmatiga ko‘ra, plenumda tashkiliy masala ko‘rilib, Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasi raisligiga Hamzayev Abdushukur Xudoyqulovich saylangan.

“Plenumda partiya faoliyatiga oid tashkiliy masala ko‘rildi. Partiya raisi Oblomuradov Narzullo Naimovich 2021 yil 30 dekabrdan buyon O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi vazifasida ishlab kelayotganligi, mazkur lavozimda ma’muriy funksiyalarga oid ishlar yuklamasining ko‘pligi sababli o‘z arizasiga muvofiq O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi.

Shundan so‘ng partiya Markaziy Kengashi a’zolari va hududiy partiya tashkilotlari tomonidan berilgan takliflarga asosan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisligiga yangi nomzod Hamzayev Abdushukur Xudoyqulovich ko‘rib chiqilib, ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylandi.

Hamzayev Abdushukur Xudoyqulovich 1973 yilda Surxondaryo viloyati, Uzun tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1995 yil Samarqand qishloq xo‘jalik institutini hamda 2013 yil Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan, mutaxassisligi – olim-agronom. Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor.

Uzoq yillar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bilan shug‘ullanib, ilmiy-pedagogik, rahbarlik tajribasiga ega. Xususan, Samarqand qishloq xo‘jalik institutida kafedra mudiri, prorektor, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, 5 yildan ortiq O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimlarida ishlagan.

2022 yil iyun oyidan buyon O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

17 ta qishloq xo‘jalik ekin navlari va 16 ta ixtiro patenti muallifi, uning 270 dan ziyod ilmiy ishlari chop etilgan.

Shuningdek, ekologiya, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohasida Xitoy, Yaponiya, Koreya, Isroil, Turkiya, Germaniya, Bolgariya kabi davlatlarda malaka oshirgan.

Oilali, 3 nafar farzandi bor”, – deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Abdushukur Hamzayev 2022 yil iyun oyidan partiya markaziy kengashida ekologik siyosat va jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Mavzuga oid