O‘zbekiston | 16:48 / 19.12.2022
20418
6 daqiqa o‘qiladi

Sudda “delosi singan”ini hazm qilolmayotgan prokuratura ayol kishiga bosim qilmoqda

Toshkent tumanidagi 26-maktab sobiq direktori Saida Hoshimova maktab oldidagi qurilishga qarshi chiqqani ortidan tergovga tortilgan, prokuratura esa aybsizlik prezumpsiyasini buzib, uni jinoyatchiga chiqargandi. Qariyb 2 yillik sud ishlaridan so‘ng sobiq direktor oqlandi. Ammo qo‘lida sud qarori bo‘lsa ham ishga qayta tiklana olmayapti: Toshkent viloyati prokuraturasi unga bosim qilishda davom etmoqda.  

Toshkent tumanidagi 26-maktab direktori lavozimida ishlagan Saida Hoshimovaga dastlabki sudda tayinlangan jazo Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining hukmi bilan bekor qilindi. Bundan norozi bo‘lgan Toshkent viloyati prokuraturasi Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protest kiritgan.

Mazkur ishning voqealar xronologiyasi ko‘zdan kechirilsa, prokuratura tomonidan ayol kishiga qilingan bosimni ko‘rish mumkin. 

Saida Hoshimova o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan maktab oldidagi qurilishga qarshi chiqqanidan so‘ng tadbirkor va mahallaning bir nechta a’zolari uning ustidan prokuraturaga shikoyat qilishadi. Aynan shu shikoyat tufayli prokuratura tomonidan maktab direktorining faoliyati tekshiriladi.

2020 yilda maktab oldidagi qurilishga xalaqit berganim sababli qariyb ikki yildirki boshim muammolardan chiqmaydi. Va o‘sha quruvchi tadbirkor tomonidan yozilgan shikoyat asosida prokuratura xodimlari maktabimni tekshirishni boshladi. 70 kun davomida shunaqangi tekshirish bo‘ldiki, 20 yillik faoliyatimda bunaqa tekshiruv ko‘rmaganman. Toshkent viloyati nazorat taftish boshqarmasining dalolatnomasi asosida men bilan tergov harakatlari boshlandi. Birinchi kuni prokuratura eshigi oldida telefonimni olib qolishdi. 7 soat tergov qilishdi”, — deydi Saida Hoshimova.

Saida Hoshimova

7 soatlikdan tergovdan chiqqan direktor telefonini olgach, ijtimoiy tarmoqlarda va elektron OAVlarda o‘zi haqida chiqqan xabarlarni ko‘rib qoladi: prokuratura aybsizlik prezumpsiyasini buzib, Toshkent tumanidagi 26-maktab direktori 173 mln so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani haqida rasmiy xabar tarqatgandi

Prokuraturaning navbatdagi “yurishi” bilan Saida Hoshimova jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudining 21 apreldagi ajrimi asosida lavozimidan chetlatilib, uy qamog‘iga olingan

2021 yilning 26 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tuman sudida Saida Hoshimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi. O‘tkazilgan bir nechta sud majlisidan so‘ng sud hukmi bilan maktab direktoriga 3 yil moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Ish Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgach, mazkur hukm bekor qilindi.

Sud hukmida ko‘rinishicha, sudlov hay’ati Saida Hoshimovaning aybidan Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismini chiqarishni, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi bilan o‘zining kam ahamiyatliligi tufayli ijtimoiy xavfli bo‘lmagan harakatini JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilish hamda unga nisbatan jinoyat ishini tugatishni lozim topgan.

Ammo Saida Hoshimova prokuraturadan oqlanib ham qutulmaganini ta’kidlamoqda:  

Hukmni olib, ertasi kuniyoq Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, o‘z lavozimimga tiklashlarini so‘radim. Arizamni olishdi, buyruq chiqarib beramiz, biroz kutib turing, deyishdi. Ammo saldan keyin o‘zgarib qolishdi va fuqarolik sudiga murojaat qilishimni aytishdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchiq tuman sudiga murojaat qildim. Sud ishni ko‘rib chiqib, meni lavozimimga tiklash haqida ajrim chiqarib berdi. Sud mening arizamni qanoatlantirgach ham viloyat XTB meni ishga tiklashni paysalga sola boshladi. Hozirgi kunda apellyatsiya tartibida Toshkent viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga murojaat qilishgan.

Oqlanganimdan so‘ng Toshkent viloyati prokuraturasi sud hukmiga nisbatan protest kiritdi. Uni olib o‘qib ko‘rsam, eng avval nazorat taftish boshqarmasi tekshirgan, sudlarda qayta-qayta ko‘rilgan va isbotlangan narsalar. 

Prokuraturaning qayta-qayta protest kiritishi men bilan tortishgan o‘sha tadbirkorning kuchi deb o‘ylayman. Qanaqadir ko‘zga ko‘rinmas bosimlar bo‘lyapti. Men mansab yoki lavozim uchun talashmadim, faqat xalqning oldida yuzimni yorug‘ qilish niyatida ishga tiklashni so‘ragan edim”.     

Shu o‘rinda Toshkent viloyati prokuraturasining kuchi faqat ojizalarga yetyaptimi, degan savol tug‘iladi. Chunki bu viloyat prokuraturasi kuchini xotin-qizlarga ko‘rsatib qo‘yishga uringan ilk holat emas. Toshkent viloyati sobiq bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva ishida ham shu “taktika”ni ko‘rish mumkin: u ham jamoatchilikka murojaat yo‘llaganidan ko‘p o‘tmay qamoqqa olingan hamda Oliy Majlis Senati va keng jamoatchilik e’tirozlaridan so‘ng uning ehtiyot chorasi uy qamog‘iga o‘zgartirilgan edi.  

Mavzuga oid