O‘zbekiston | 09:30 / 20.12.2022
22268
3 daqiqa o‘qiladi

O‘tin va ko‘mir narxlari qanaqa?

Elektr va gaz muammolari sabab ko‘plab odamlar o‘tin va ko‘mir bilan uy isitadi. Kun.uz muxbiri Andijon viloyati Asaka tumanidagi bu ikki yoqilg‘i sotilayotgan nuqtalarda bo‘lib, narxlar bilan qiziqdi.

O‘tin bozorida bitta Labo mashinasiga ortilgan o‘tinlar turiga qarab 330 mingdan 650 minggacha sotilyapti. Avtomobillarga suyultirilgan gaz tanqisligi sharoitida narxlar biroz oshgan. Asosan terak va o‘rik o‘tinlari xaridorgir.

Terak o‘tini arzon bo‘lishi bilan birga, tez yonuvchan hisoblanadi va aholi undan asosan ko‘mirni yoqib olish uchun foydalanadi. O‘rik esa aksincha uzoq yonishi va cho‘g‘ni yaxshi saqlagani sababli qimmat turadi.

O‘tinlar asosan Farg‘ona viloyati tumanlaridan olib kelinadi; pechkaga tayyor holatga keltirilib, sotish uchun olib chiqiladi.

Ko‘mirning esa asosan 3 ta turi sotilyapti. Bular – Angren, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ko‘mirlaridir. Ular ham sifatiga qarab 1500 so‘mdan 2200 so‘mgacha sotilmoqda.

Bitta uydagi 2-3 ta xonani isitish uchun kuniga o‘rtacha 30-40 ming so‘mlik ko‘mir sarflanadi.

“Bir oyiga 500 kilo ko‘mir ishlatamiz. Asosan Angren ko‘miridan olamiz. Yaxshi yonadi, arzon”, – deydi xaridorlardan biri.

Lekin sotuvchilarning aytishicha, mahalliy ko‘mirning sifati u qadar talabga javob bermaydi. Sifatli ko‘mirning esa narxi qimmat. Angren ko‘mirlarida loy va tosh ko‘mirlar chiqadi. Eng sifatli ko‘mir qirg‘iz ko‘miri bo‘lib, u hidsiz va uzoq vaqt cho‘g‘ bo‘lib turadi.

“Oldingidaqa odamlar ko‘p ko‘mir olishmayapti. Sabab qimmatligida. Avval 500 kilodan oladigan odam hozir ikki qop olyapti. 1 tonna torting deganlar yo‘q. Odamlarning sharoitini ko‘ryapsiz... Bir qop olishadi. 4-5 kilodan oladiganlar ham bor. Ko‘p qavatli uylarda ham gaz yo‘qligi uchun ko‘mir yoqishga majbur bo‘lishyapti”, – deydi sotuvchi Omadbek Abduvaliyev.

Qishning birinchi oyi tugamasdan, ko‘plab uylarda o‘tin va ko‘mir zaxiralarining tagi ko‘rinib qoldi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, o‘tin va ko‘mirga bo‘lgan talab to kunlar isimagunicha pasaymaydi.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Jahongir Turg‘unov.

Mavzuga oid