O‘zbekiston | 20:22 / 23.12.2022
24675
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy prokuror prezidentga hisobot berdi

Shavkat Mirziyoyev Harbiy prokuratura faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Budjet pullarini ishlatishda elektron platformalardan ko‘proq foydalaniladi. Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida olis hududlardagi maktablar harbiy prokuratura idoralariga biriktirilib, prokurorlik soatlari tashkil etiladi.

O‘ngda – O‘zbekiston harbiy prokurori Botir Qudratxo‘jayev / Rasmiy foto

Prezident Shavkat Mirziyoyev Harbiy prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti bilan tanishdi. Bu haqda 23 dekabr kuni prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi Qurolli Kuchlarda va harbiy tuzilmalarda qonunlarga rioya etilishini nazorat qiladi. Noyabr oyi boshida bosh prokuror o‘rinbosari – harbiy prokuror o‘zgargan, bu lavozimda qariyb uch yil ishlagan Shuhrat Uzoqov o‘rniga bungacha Xorazm viloyati prokurori bo‘lgan Botir Qudratxo‘jayev tayinlangan edi.

Rasmiy relizga ko‘ra, Harbiy prokuratura mamlakat suverenitetini mustahkamlash, mudofaa salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilarning va oila a’zolarining huquqlarini ta’minlash choralarini ko‘ryapti. Jumladan, joriy yilda 1 100 ga yaqin prokuror nazorati hujjati qo‘llanilib, 261 ta hujjat qonunga muvofiqlashtirilgan. 7 858 nafar shaxsning huquqi tiklangan. 654 nafar harbiy xizmatchining oila a’zolari ish bilan ta’minlangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qurolli Kuchlarda qurilish dasturiga kiritilgan obektlarning loyiha-smeta hujjatlari nazorat tartibida ko‘rib chiqilib, 23 milliard so‘mdan ziyod budjet mablag‘lari iqtisod qilinishiga erishilgan. Harbiy prokuror protestlariga asosan sudlarning 10 ta qarori qonunga muvofiqlashtirilib, 6 nafar shaxs oqlangan.

Fuqarolarning 2 mingga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqilib, 254 tasi qanoatlantirilgan. Shuningdek, sayyor qabullarda 3 200 nafar shaxs qabul qilinib, aniqlangan muammolarini hal etish choralari ko‘rilgan.

Ta’kidlanishicha, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida olis hududlardagi maktablar harbiy prokuratura idoralariga biriktirilib, prokurorlik soatlari tashkil etiladi.

Budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlashda elektron platformalar imkoniyatlaridan yanada keng foydalaniladi.

Prezident Harbiy prokuratura faoliyatini raqamlashtirish, inson manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid