Jahon | 16:53 / 25.12.2022
26753
3 daqiqa o‘qiladi

Parijda kurdlarga hujumdan keyin tartibsizliklar boshlandi

Parij markazida juma kuni uch nafar kurd o‘ldirilgach boshlangan tartibsizliklar davom etmoqda.

Foto: Getty Images

Tartibsizliklar ishtirokchilari ko‘chalarda mashinalarni ag‘darishgan, bir qancha mashinalar yoqib yuborilgan. Namoyishchilar politsiyachilarga tosh va boshqa buyumlar uloqtirishgan, huquq-tartibot organlari xodimlari ularga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llashiga to‘g‘ri kelgan.

Fransiyadagi kurdlar jamiyatining yuzlab vakillari uch nafar kurd o‘ldirilishidan darg‘azab bo‘lib, shanba kuni Parij markazidagi Respublika maydonida yig‘ilishdi. Avvaliga norozilik aksiyasi ishtirokchilari irqiy nafrat sabab sodir etilgan qotillikni qoralab chiqish qilishni rejalashtirishgandi. Biroq norozilik aksiyasi tezda tartibsizliklarga aylanib ketdi.

Kurdlarning madaniy markazidagi otishma ushbu diaspora vakillarining keskin noroziligini keltirib chiqardi. Foto: EPA

Bir kun oldin kurdlar jamiyati vakillarining ro‘y bergan hodisa bo‘yicha e’tirozini bildirishga urinishi ham politsiyachilar bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgandi. Namoyishchilar chiqindi konteynerlari va restoran stollaridan barrikadalar o‘rnatishgan. To‘qnashuvlar vaqtida politsiyachilar ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan, namoyishchilar ularni toshbo‘ron qilishgan.

Foto: EPA

Avvalroq Fransiyadagi Kurd demokratik markazi ushbu hujumni qoralab chiqqandi. Markaz vakili Fransiya hukumati mamlakatda yashovchi kurdlarni «himoya qila olmagani»ni aytgandi.

Juma kuni kurd madaniy markazi hamda kurd milliy taomlari tayyorlanadigan restoran joylashgan bino atrofida bir ayol va ikki erkak o‘ldirilgandi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, qurbonlarning barchasi kurd bo‘lgan.

Yana uch kishi yaralangan. Bu odamlar Parijda yashovchi 69 yoshli shaxs tomonidan o‘qqa tutilgan. U hujumdan ko‘p o‘tmay qo‘lga olingan. Qo‘lga olish chog‘ida politsiyachilarga qarshilik ko‘rsatmagan va ular uning qurolini olib qo‘yishgan.

Namoyishchilar mashinalarni ag‘darib tashlashgan. Foto: Getty Images

Fransiya poytaxti politsiyasining taxmin qilishicha, hujumning asosiy motivi irqiy nafrat bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hujum qilgan shaxs yaqinda qamoqdan chiqqandi, u o‘tgan yili qochqinlar markaziga hujum qilganlik uchun jazoni o‘tagan. U o‘zini «xorijliklardan nafratlanuvchi irqchi» deb atagan.

Halok bo‘lgan ayol kurdlarning ayollar huquqi uchun kurashuvchi harakati faollaridan bo‘lgan, qurbonlarning yana biri Fransiyada siyosiy boshpana olgan rassom edi.

Mavzuga oid