O‘zbekiston | 14:33 / 31.12.2022
22889
3 daqiqa o‘qiladi

Polvonlar qishlog‘i - Ertosh | Manzil

Bu qishloqda ko‘pkari chopmaydigan 7 yoshdan 70 yoshgacha erkaklarni uchratish mushkul. O‘g‘il bola borki, bolalikdan eshakda ko‘pkari chopadi. Ozgina yoshi ulg‘aygach tengdoshlari o‘rtasida otlarda musobaqalashishni boshlashadi. Bu maskan – qadimdan polvonlar yurti bo‘lib kelgan Ertosh. "Manzil" loyihasi bu safar shu qishloq bilan sizlarni tanishtiradi.

Ertosh qishlog‘i Toshkent viloyati Ohangaron tumani Qurama tog‘ tizmalari orasida joylashgan. Aholisi o‘zbeklarning qurama urug‘iga mansub. Bu ma’lumotni bildirishimizga sabab, ular bilan ilk tanishganingizdayoq o‘zlarining qurama urug‘iga mansub ekanliklarini faxr bilan aytib o‘tishadi. 

Qishloq tog‘lar orasida joylashgani sabab yozda salqin bo‘ladi, qishda yog‘gan qor uzoq muddat saqlanib qoladi. Aholisi chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Esingizda bo‘lsa, avvalroq 13 yoshli chavandoz bola Sunnatilla haqida video tayyorlagan edik. Aynan shu qahramonimiz qor yog‘ganda bizni eshak ko‘pkariga chaqirishni va’da qilgandi. Ertoshga qor yog‘di va bolakay bizni ko‘pkariga taklif qildi. Tasodifni qarangki, biz boradigan kuni, katta ko‘pkari ham tashkillanayotgan ekan, to‘g‘ri, otlar va chavandozlar unchalik ko‘p emas. Lekin tomosha qilishga arzigulik. Qishloqliklar ko‘pkarini ko‘kmara deb atashadi.

Ertoshda o‘g‘il bolalar hali to‘g‘ri yurishni o‘rganmasdan avval otga mindiriladi. 9-10 yoshidan boshlab eshakda ko‘pkari chopishni boshlaydi. Kimdir aytishi mumkin, bularning tengdoshlari kompyuter va telefonlarga mukkasidan ketib o‘yin o‘ynaydi, bular shu bilan mashg‘ul ekan, deb. Bu bolakaylar ham telefonda o‘yin o‘ynaydi, lekin ko‘pkari boshlanadigan bo‘lsa, har qanday o‘yinni tashlab ko‘pkari ko‘rishga yoki o‘zlari eshaklar bilan ko‘pkari o‘ynashga oshiqishadi. 

Qishloqqa dam olishga keladigan bo‘lsak, bu yerda yozning issiq kunlarida odam gavjum bo‘ladi. Asosan, Farg‘ona vodiysidan ko‘p mehmonlar keladi. Qishda ham kelishni tavsiya bergan bo‘lardik. Chunki bunaqa manzara, bunday soddadil insonlar bilan, qalin qorda bahru dilingiz yayraydi.

Tohirjon Tursunov, Boymirza Xalilov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Mavzuga oid