Jahon | 10:39 / 06.01.2023
4173
4 daqiqa o‘qiladi

Latviyada "Sputnik Litva" nashri bosh muharriri qo‘lga olindi

"Sputnik Litva" nashri bosh muharriri Marat Kasem Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzganlikda gumon qilinmoqda. Rossiyada uni josuslikda ham gumon qilishayotgani aytildi.

Marat Kasem / Foto: Sputnik / Nina Zotina

Latviya Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Kremlga yaqin bo‘lgan "Sputnik Litva" axborot agentligi bosh muharriri Marat Kasemni qo‘lga oldi. Bu haqda 5 yanvar, payshanba kuni maxsus xizmat bayonotiga asoslanib, Delfi axborot portali ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Kasem 3 yanvar kuni «Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida bo‘lgan Kreml targ‘ibot resursini iqtisodiy resurslar bilan ta’minlashda gumon qilinib» qo‘lga olingan. O‘z navbatida, «Sputnik Yaqin sharq» portali manbaga tayanmasdan, Kasem josuslikda ham gumon qilinayotganini bildirdi - ushbu moddaga ko‘ra, u 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Boshqa manbalar bu ma’lumotni hali tasdiqlamadi.

Kasemning advokati Imma Yansonening aytishicha, u hali ish materiallarini olmagan. 5 yanvar kuni Riga sudi Marat Kasemga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi.

Sputnik'ni o‘z ichiga olgan «Rossiya segodnya» media-guruhi bosh direktori Dmitriy Kiselev Kasem Latviya fuqarosi ekanligini, bir necha yildan beri Moskvada yashab, ishlab kelayotgani, oilaviy sabablarga ko‘ra 30 dekabr kuni Latviyaga ketganini aytdi. Kiselev uning qo‘lga olinishini «siyosiy ta’qib» deb atadi.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, olti oy oldin Kasem Boltiqbo‘yi mamlakatlari rasmiylari uni professional faoliyati uchun ta’qib qilayotgani haqida shikoyat qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati Delfi portaliga «qo‘lga olingan Latviya fuqarosining faoliyati uzoq vaqt davomida kuzatilganini» ma’lum qildi.

«Bu shaxs Kreml tomonidan nazorat qilinadigan «Rossiya segodnya» agentligining axborot resurslaridan birida ishlaydi, u Kreml manfaatlariga muvofiq xabarlarni tarqatadi, jumladan, Latviya va uning ittifoqdosh davlatlarini muntazam ravishda obro‘sizlantiradi», — deyiladi Davlat xavfsizlik xizmati xabarida. Idora sanksiya ostidagi tashkilotlar bilan hamkorlik qilish taqiqlanganini eslatib o‘tdi.

2019 yil may oyi oxirida Marat Kasem Vilnyus aeroportida qo‘lga olingan edi - uning o‘zi ta’kidlaganidek, «milliy xavfsizlikka tahdid» degan sabab bilan. O‘shanda unga besh yilga Litvaga kirish taqiqlandi. 2019 yil iyul oyida Litva Radio va televideniye komissiyasi "Sputnik Litva" veb-saytini mualliflik huquqi buzilgani uchun bloklashga qaror qildi. Litva Milliy radio va televideniyesi Sputnik o‘z saytida unga tegishli maqolalarni noqonuniy va uning roziligisiz chop etganini da’vo qildi.

Mart oyida, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanganidan keyin Yevropa Ittifoqi Sputnik agentligi va RT kanalining YeIda faoliyatini taqiqlagan edi. Taqiq urush oxirigacha hamda Rossiya va unga aloqador ommaviy axborot vositalari «Yevropa Ittifoqiga qarshi dezinformatsion faoliyat va axborot manipulyatsiyasini to‘xtatmaguncha» amal qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid