O‘zbekiston | 14:06 / 09.01.2023
17382
3 daqiqa o‘qiladi

«Dok-1 Maks» effekti: odamlarning ehtiyotkorligi oshdi

«Dok-1 Maks» siropi bolalar o‘limiga sabab bo‘ldi. Buning ortidan «Quramax» kompaniyasining O‘zbekiston hududiga olib kirilgan barcha dori vositalari sotuvi to‘xtatildi. Ushbu voqealar dorixonalardagi savdo hajmiga qanchalik ta’sir qildi? Odamlar dori iste’molini kamaytirdimi? Kun.uz muxbiri poytaxt dorixonalarida bo‘lib, sotuvchilarga mikrofon tutdi.

2022 yil O‘zbekiston uchun og‘riqli yakunlandi: «Dok-1 Maks» siropi nojo‘ya ta’sir qilishi oqibatida 20 nafardan ortiq bola halok bo‘ldi. Xavf hali chekinmadi: hududlarda ushbu doridan zaharlanish va halok bo‘lish holatlari uchrab turibdi.

Shunday vaziyatda bu achchiq saboqdan to‘g‘ri xulosa chiqarildimi? Arzirli sabablar bo‘lmasa ham dorixonaga yuguradigan odamlar biroz hushyor tortdimi? Shu kabi savollar bilan dorixona sotuvchilariga murojaat qilib ko‘rdik.

«Hozircha savdoga hech qanaqa ta’siri bo‘lgani yo‘q. Odamlarda dorilarga bo‘lgan ishonch kamaydi: olayotgan dorisini, original dorimi, o‘zimizda ro‘yxatdan o‘tganmi yo‘qmi, ko‘proq so‘rashyapti», – deydi dorixonalardan birining sotuvchisi. 

Yana bir dorixona sotuvchisi ham savdoga ta’siri bo‘lmaganini aytdi. Ammo uning kuzatishicha, odamlarda avvalgiga nisbatan ehtiyotkorlik oshgan: 

«Nafaqat Hindistonda ishlab chiqarilgan, balki boshqa firmalarniki bo‘lsa ham siroplar, shamollashga, viruslarga qarshi, isitma tushiradigan dorilarni sotib olishda ehtiyotkor bo‘lishyapti. Oldin biz aytsak ham olishardi, hozir unaqa emas. Ba’zilar tarkibini o‘qimay oladi, ba’zilar o‘qiydi. Albatta tanishib, keyin sotib olgan yaxshi». 

Ayrim dorixona sotuvchilari «Dok-1 Maks» voqeasi savdo hajmiga ta’sir qilganini ma’lum qilishdi.

«To‘qson foiz dorilar Hindistonda ishlab chiqarilgan. Ularni sotib olishni istashmayapti odamlar. Bu albatta savdoga ta’sir qilyapti. Lekin baribir yurtdoshlarimizda dorilarni yaxshi-yomonga ajratish, ularni so‘rab-surishtirib olish boshlanganidan xursandman», — deya ta’kidladi sotuvchilardan biri. 

Atrofimizda ro‘y berayotgan har bir voqea bizga ham tegishli. Bu kabi ko‘ngilsiz holat men bilan sodir bo‘lmadi degan xotirjamlik katta xato bo‘ladi. Shu sababli, ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarish muhim. Shunday ekan, o‘zimiz va yaqinlarimiz sog‘ligiga e’tiborli bo‘laylik.

Maqsuda Abduqayumova, jurnalist
Montaj ustasi: Asror Almuradov

Mavzuga oid