O‘zbekiston | 12:14 / 09.01.2023
15384
1 daqiqa o‘qiladi

Prezident spichrayterlari guruhida tayinlovlar bo‘ldi

O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov va «Mahalla» gazetasi bo‘lim mudiri Ulug‘bek Ibodinov Prezident administratsiyasining spichrayter xizmatiga ishga o‘tdi. O‘tgan oyda bu guruhga Murtazo Qarshiboyev ham qo‘shilgan edi. Spichrayter lavozimini uzoq yillardan buyon Xayriddin Sultonov saqlab qolmoqda.

Olimjon O‘sarov / Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidentining spichrayting xizmatida yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ulug‘bek Ibodinov Prezident administratsiyasining spichrayter xizmati yetakchi konsultantiga aylandi. Bu lavozimga tayinlangunga qadar u «Mahalla» gazetasida bo‘lim mudiri lavozimida ishlagan.

Shuningdek, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi Olimjon O‘sarov ham spichrayterlar guruhiga qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi oxirida Murtazo Qarshiboyev prezident spichrayterining o‘rinbosari etib tayinlangan edi. U bungacha administratsiyada shu’ba mudiri bo‘lgan.

Davlat rahbarining spichrayteri Xayriddin Sultonov prezident maslahatchisi hisoblanadi, yozuvchi bu lavozimda uzoq yillardan beri ishlab kelmoqda.

Avvalroq Iqtisodiy taraqqiyot vazirligining sobiq departament boshlig‘i, tadbirkor Baxtiyor Fozilovning ukasi Azamat Fozilov Prezident administratsiyasi ijro apparatining bosh konsultanti lavozimiga tayinlangan edi.

Mavzuga oid