O‘zbekiston | 22:44 / 13.01.2023
3952
3 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda tadbirkorlarga nisbatan 21 mingga yaqin qonunbuzilishi sodir etilgan

Biznes-ombudsman tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.

2022 yilda tadbirkorlarga nisbatan 20 928 ta qonunbuzilishi holati sodir etilgan. Bu haqda Biznes-ombudsman axborot xizmati rahbari Jamshid Hasanov ma’lum qildi. 

Yil davomida tadbirkorlik sub’yektlaridan Biznes-ombudsmanga jami 9850 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 4319 ta holatda (48 foiz) tadbirkorning huquqlari tiklangan, qolgan murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. 

Kelib tushgan murojaatlarning 18 foizi soliqqa oid, 14 foizi yer, kadastr va arxitektura bilan bog‘liq, 14 foizi bank, kreditga bog‘liq, 9 foizi infratuzilmaga oid, 6 foizi sud va boshqa masalalaridagi murojaatlarga to‘g‘ri keladi. 

Tadbirkorlarga nisbatan sodir etilgan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 2591 ta ta’sir chorasi qo‘llanilib, shundan 2126 mansabdor va mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilgan va 5,1 mlrd so‘m jarima chorasi qo‘llangan. 

Ma’muriy huquqbuzarliklar bilan bog‘liq 797 ta holatda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, 675 ta holatda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirish, 414 ta holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish, 240 ta holatda boshqa huquqbuzarliklarga to‘g‘ri keladi. 

Ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar hududlar kesimida eng ko‘pi Namangan viloyatida (243 ta), Samarqand viloyatida (205 ta), Toshkent shahrida (189 ta) va Qashqadaryo viloyatida (183 ta) qayd etilgan. 

Ushbu ko‘rsatkich sohalar kesimida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tizimida 321 ta, Soliq idoralarida 250 ta, Qurilish vazirligi tizimida 194 ta va Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tizimida 179 taga to‘g‘ri keldi.  

Shu bilan birga, tadbirkorlar manfaatlarini ko‘zda tutuvchi 51,3 milliard so‘mlik da’volar sudga kiritilgan. 

Amalga oshirilgan ishlar natijasida noqonuniy qabul qilingan 198 ta qaror va hujjat bekor qilinib, 123 nafar mas’ul shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, tadbirkorlarning 436 gektar yer maydoniga bo‘lgan mulk huquqi tiklangan. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid